Вулкан : другие произведения.

Xoldor Vulqonning "Oydin qayinzor" nomli She"riy to"plami.Jami. Na uzbtkskom yazike na latini.

"Самиздат": [Регистрация] [Найти] [Рейтинги] [Обсуждения] [Новинки] [Обзоры] [Помощь|Техвопросы]
Ссылки:


 Ваша оценка:

  
  
  Xoldor Vulqon
  Badiiy adabiyot bo'yicha xalqaro "Naslediye" va "Pisatelь goda 2015" mukofotlarining nomzodi.
  
  Oydin qayinzor
  (She'riy to'plam.Jami 123 ta she'r)
  
  
  Tuz haqqi
  
  
  
  Men qayerda yashamay, umrimning oxirigacha va undan keyin ham o'zbekligimcha qolaman.
  Qaysi tilda, nimaiki yozgan bo'lsam, u narsalarning hammasi o'z -o'zidan O'ZBEK degan bir buyuk xalqning ma'naviy mulkiga aylanadi.
  Xalqim, bu she'riy kitobimni menga bergan nonu tuzing haqqini ado etish uchun qo'limdan kelganicha senga qilgan bir kamtarin xizmatim, farzandlik ehtiromim sifatida qabul et.
  Bilaman, mening boshimni silab, non berib, o'stirib, voyaga yetkazib, o'qitib, odam qatoriga qo'shgan senday mehribon Xalqni rozi qilish uchun umrbod to'xtamay, insoniyatni hayratga soladigan san'at asarlari yaratib, sening poyinga qo'yganimda ham, to'lab bo'lmas buyuk qarz baribir gardanimda ketadi.
  Sen shunday buyuk xalqsan.
  Men seni yaxshi ko'raman.
  Seni turli fitnayu ofatlardan, urushlardan Parvardigori Olam o'z panoxida asrasin!
  
  Xoldor Vulqon
  
  28 oktyabr, 2014 yil.
  Kechki soat 7 dan 51 daqiqa o'tdi.
  Brempton shahri, Kanada.
  
  
  
  VATAN
  (O'zbekiston xalq hofizi Sherali Jo'rayevga bag'ishlanadi)
  
  
  
  Sen agar bug'doy boshoq bo'lsang somoningman, Vatan,
  Toabad boshing omon bo'lsin, tovoningman, Vatan.
  
  
  Barcha yaxshi, barcha oqil, barcha dono, faylasuf,
  Qimtinib bir chekkada yurgan yomoningman, Vatan.
  
  
  Chor taraf zulmat, tuman, uvlaydi ming -minglab shoqol,
  To sahar gulxan yoqib chiqqan cho'poningman, Vatan.
  
  
  Barcha jim, tilsiz pisib, mum tishlaganda, xayqirib,
  Haq so'zin dor ostida aytgan zaboningman, Vatan.
  
  
  
  Bo'lmasin ovvora yov oybolta qayrab qatlima,
  Qatl etib o'ldirsa xam o'lmas omoningman, Vatan.
  
  
  Yurtda Vulqon cho'qqidek boshim bulutlardan baland,
  Yov uchun mangu o'tib bo'lmas dovoningman, Vatan!
  
  
  
  
  2004 yil, Andijon shahri.
  
  
  
  
  Aprel
  
  
  Quyosh botib, g'amboda, g'arib,
  Ufqlarning gulxani so'nar.
  Erigan qor suvin sipqorib,
  Shom qushlari bog'larga qo'nar.
  
  
  
  
  Hilol ko'kda porlar parishon,
  Ko'rasan ko'z ilg'amas joyni.
  Men sevaman, sevaman, ishon,
  Aprelь degan yolg'onchi oyni.
  
  
  
  
  Billur qandil singari tomdan,
  Sumalaklar tushar uzilib.
  Chakillagan iliq oqshomda,
  El uyqusi ketar buzilib.
  
  
  
  
  
  
  1990 yil . Bahor . Andijon shahri .
  
  
  
  Do'st
  (O'zbekning eng yoniq shoirlaridan biri, marhum do'stim Ravshan Fayz xotirasiga )
  
  
  Gullar yerning tabassumlari ,
  ' Qayda ? ' - deya berma savollar .
  Saf chekar dov daraxt lashkari,
  Esar yovuz, vaxshiy shamollar .
  
  
  
  Boshlanarkan bulut bosqini,
  Sharros quyar shiddatli jala .
  Ariqlarda suvlar toshqini,
  Ko'rinmaydi yomg'irda dala.
  
  
  
  Kuz keladi so'ngra sezdirmay,
  Sukunatda xazonlar raqsi.
  Botargoxda shom qushlarining,
  Murosasiz shovqini, baxsi.
  
  
  
  Xuvillatib borliqni so'ngra,
  Qushlar ketar inlarin tashlab.
  Qolmaganday yashashdan ma'no,
  Do'st ketganday ko'zingni yoshlab.
  
  
  
  
  
  
  2003 yil , 27 noyabrь . Tungi soat
  9 dan 30 minut o'tdi. Andijon .
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  Shahar yomg'iri
  
  
  Quloq tutdim yomg'ir sasiga,
  Havo giyox xidiga to'ldi.
  Bulutlarning uvadasiga,
  Chaqmoqdan o't ketmasa bo'ldi.
  
  
  Shodliklarga to'ladi yurak,
  Yo'lga boqar mo'ltaygan chiroq.
  Qax -qax urib kular guldurak,
  Yomg'ir yum -yum yig'laydi biroq.
  
  
  U yashnatar vohayu cho'lni,
  Novdalarga billur tizildi.
  Bosib ketdi mashina yo'lni,
  Yo'l sho'rlikning joni uzildi.
  
  
  Vaqirlaydi baqalar go'yo,
  Oynalarda titrar itbaliq.
  Yomg'ir tinib, yorishar dunyo,
  Yaraqlar dil ko'zgusi tiniq.
  
  
  Boqib gullar tabassumiga,
  Jilmayar bog' o'ychan, sog' -omon.
  Osilgancha xayol dumiga,
  Uchib ketgim kelar sen tamon.
  
  
  
  
  
  
  19 iyunь, 2008 yil. Kech soat 8 dan 56 minut o'tdi.
  Toronto shahri. Kanada.
  
  
  Singlim Anoraga
  
  
  
  
  Ruhim oydinlarda daydigan suvchi,
  Men seni eslayman, kunda, kun ora.
  Jilmayib, yig'lovchi, yig'lab, jilmayguvchi,
  Mening yuvoshgina singlim, Anora.
  
  
  Subhi sodiq mahal taqirlatsalar,
  Tomlar tunikasin yomg'irlar cho'qib.
  O'ltirarsan balki mehrobda sahar,
  Sokin sukunatda nomozing o'qib.
  
  
  Yiqqan kitoblarim qoplab qanora,
  Chordoqda saqlanglar avaylab, asrab.
  Shoyat men ham qaytib borsam, Anora,
  Misoli darbadar devona Mashrab.
  
  
  Ko'zingdan yomg'irday tirqiramasin,
  Ko'z yoshing suyulgan olmosday oqib.
  Ovozsiz yig'lasang, huvillab yotgan,
  Akangning kimsasiz uyiga boqib.
  
  
  Ko'z yoshing bebaho dur kabi asra,
  Tinsin kuzgi suvlar singari asab.
  Mayli xovlimizda za'faron hasrat,
  Yursin yaproqlardan gerbariy yasab.
  
  
  
  
  
  
  6 avgust, 2010 yil.
  Kunduz soat 8 dan 4 daqiqa o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  Yurt sog'inchi
  
  
  Bir soat ichida dunyo qaridi,
  Yosh turib sochlaring oqardi yanvarь.
  Jilmayar tahayyul tumanlarida,
  Lablari atirgul, sochlari anbar.
  
  Bobur vatangado, Furqatlar daydi,
  Navoiy chet elda, qalqiydi ashkim.
  Kimlardir Vatanni sevaman deydi,
  Undaylarga mening keladi rashkim.
  
  Daraxtlar yugirar tepaliklarda,
  Oppoq uchqunlarni to'zg'itganda yel.
  Bahor keldi, muzni yorib chiq! - deya,
  Yana boychechakni aldaydi aprelь.
  
  Men endi mushtlashib qovoqxonada,
  Aroqqa cho'kmayman hasratga to'lsam.
  Qaniydi Vatanda, qorli dalada,
  Gulxanga termulib jimgina o'lsam.
  
  Daydi shoir o'ldi - deya odamlar,
  Ko'mishsa, ustimdan tortishsa tuproq.
  Xonanga qamalib, yolg'iz u damlar,
  Sen o'zing yig'laysan hammadan ko'proq.
  
  
  
  
  1 dekabrь, 2012 yil.
  Kunduz soat 2 dan 12 minut o'tdi.
  Kembridj shahri, Kanada.
  
  
  
  Xazonlarga ko'mildi yo'llar
  
  
  
  Bodi izg'irinda yalong'och, yupun,
  Yalang novdalari qolsa ham qaqshab,
  Oppoq choyshab ichra uxlamoq uchun,
  Bog'lar yechinarkan ayolga o'xshab.
  
  
  
  Lovullab yongancha kuzgi gulxanda,
  Guvillar xayoli parishon bog'lar.
  O'ychan kuz labida qaxrabo xanda
  Telba girvatlarga termulgan chog'lar.
  
  
  
  Oydinda daraxtlar soyasi mayin,
  Ohista xazonga ko'milsa tomlar.
  Ko'cha fonusiga tirab manglayin,
  Yig'lasa mo'riday qoraygan shomlar.
  
  
  
  
  Olis o'lkalardan kelganday qaytib,
  Darchangdan to'lin oy mo'ralagan payt,
  Adashgan yo'lovchi singari daydib,
  Goho tushlaringa kiramanmi, ayt?
  
  
  
  
  
  13 avgust, 2011 yil.
  Kunduz soat 3 dan 23 minut o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Qorli kecha va yorug' niyyat
  
  
  
  
  Qorong'u zulmatda qo'nadi sokin,
  Qorlarning uchquni yelkamga yuzlab.
  Nahot -deyman - sovuq bulutlar hokim,
  Osmondan yulduzlar tushmoqda muzlab?
  
  
  Bo'ronlarda mahzun musiqa borday,
  Bog'lar qor qo'ynida yotganday uxlab.
  Sevaman - desayding, shivirlab qorday,
  Sovqotgan qo'llaring isitsam kuxlab.
  
  
  
  Soyamiz tutashsa, uchqunlar tinmay,
  To'zg'isa, chirpirab tushsa elanib.
  Uzoq suhbatlashsak, ketgimiz kelmay,
  Fonus yorug'ida qorga belanib.
  
  
  
  
  
  20 oktyabr, 2014 yil.
  Kech soat 5 dan 39 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Bir nuqtaga termulgan odam
  
  
  
  Yoz yomg'iri yog'ar maydalab, ezib,
  Ruhimda tong kabi musaffo tuyg'u.
  Soyabon ostida yurarman kezib,
  Olislarda chaqnar ovozsiz qayg'u.
  
  
  
  Ko'lmaklarda g'amgin kumush xalqalar,
  Yashnaydi qaqragan, daryolar labi.
  Gullagan nastarin maxzun chayqalar,
  Unsiz yig'layotgan parizod kabi.
  
  
  
  Oxir tamom bo'ldi yomg'ir ko'z yoshi,
  Tabiat yig'idan to'xtadi, tindi.
  Mag'rur daraxtlarning egilib boshi,
  Maysa kiprigiga tomchilar indi.
  
  
  
  Ariqlar sharqirab toshar bir yonda,
  Oynadek yaltirar bog'lar yo'lagi.
  G'iyt - g'iyt etar kuzgi g'amgin osmonda,
  G'ozlar galasining bo'm - bo'sh chelagi.
  
  
  
  
  
  9 iyulь, 2011 yil.
  Tungi soat 2 dan 36 daqiqa o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Niyyat
  
  
  
  
  Zulmatda chirildoq chirillagan on,
  To'lin oy porlasa paykalga qarab.
  Yag'ir do'pping kiyib, yelkangda ketmon,
  Dalalarda yursang yolg'iz, suv tarab.
  
  
  
  Sokin uvotlarda bo'zraysa fonar,
  Xudo yulduzlarni birma bir yoqsa.
  Og'zini lang ochib oydin dalalar,
  Oyning qo'rg'oniga ag'rayib boqsa.
  
  
  
  Suvlar jildirasa, pushtalar to'lib,
  Ko'rshapalak uchsa shodon, ovozsiz.
  O'ltirsang porlagan oyga termulib.
  Oddiy suvchi bo'lsang, bo'lsang savodsiz.
  
  
  
  Shiypon tamondagi so'rida yotsang,
  G'ir - g'ir esaversa tungi shabada.
  Uyg'onsang to'rg'aylar chuldirayotgan,
  O'z ona yurtingda, tongi dalada.
  
  
  
  
  
  7-avgust, 2010 yil.
  Tungi soat 1 dan 56 daqiqa o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Cho'lquvar
  
  
  Yoshligimda cho'lquvar edim,
  Quvar edim cho'llarni yomon.
  Cho'llar mendan qo'rqib qochardi,
  Kulgim qistar eslasam hamon.
  
  
  
  Quvmay desam uyqu bermasdi,
  Quvarlikning muqaddas burchi,
  Bo'ronda ham quvlayverardim,
  Ko'zda qumning qalampir-murchi.
  
  
  
  Bilsam, bekor quvgan ekanman.
  Daryolarda quridi suvlar.
  Qasos dunyo ekan bu dunyo,
  Bugun endi cho'l meni quvlar.
  
  
  
  
  1988 yil. Toshkent.
  
  
  
  
  So'qir
  
  
  O'yga botgan yomg'irli shahar,
  Elovrayman, ozg'in so'qirman.
  Ko'r yomg'irga aylanib, sahar,
  Derazangni tinmay, cho'qirman.
  
  
  Ko'zim oppoq ochilgan paxta,
  Tergil uni jonim, etaklab.
  Savob bo'lar edi poytaxtda,
  Men so'qirni yursang yetaklab.
  
  
  Tumanlarda tentirab, daydib,
  Dalalarda gulxan yoqarman.
  Balki bir kun vatanga qaytib,
  Dorvozangni topib, qoqarman.
  
  
  Paypaslayman shahlo ko'zlaring,
  Titrayotgan lablaringni ham.
  Shivirlaydi yomg'ir so'zlaring,
  Sochlaringa ko'milar yelkam.
  
  
  Qalblarga yo'l topar ro'zi shab,
  Garchand so'qir ishqning ko'zlari.
  Lablar yomg'ir kabi cho'lpillab,
  Bir -birini topar o'zlari.
  
  
  Yomg'ir yig'lar odamday asta,
  Ko'z yoshlarin hech kimsa artmas...
  Boshqa topqir a'zolar haqda,
  Nazarimda, yozish ham shartmas.
  
  
  
  
  
  25/06/2016.
  Kunduz soat 11 dan 12 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  Sevgi yodi
  
  
  
  
  Oydin dala singari joyshab,
  Sirtmog'idan bo'shatilgan soch.
  Sukunatli yorug' tun -oy shab,
  Qular oppoq nafis qaldirg'och...
  
  
  
  Hushbo'y nafas, lablar yolqini,
  Harir parda ortida fonus.
  Qaro dengiz soching to'lqini,
  Bir juft cho'qqi, oqargan konus.
  
  
  
  Oydek to'lib, termularding sen,
  Ipak soching shu'laday mayin.
  U shu'la, u mayinlikni men,
  Unutolmoy o'tmog'im tayin.
  
  
  
  Balki hanuz kutarsan, esiz,
  Borolmayman endi u joyga.
  Qanday termulardik ikkimiz,
  Shu'lalarin taratgan oyga.
  
  
  
  Gul bandiday bo'yninga sening,
  Chirmashmasin hijron pechagi.
  Qurib qolma, g'arib sevgimning,
  Qor ostida qolgan chechagi.
  
  
  
  
  
  22 aprelь, 2014 yil.
  Kunduz soat 3 dan 55 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Bahor oqshomi
  
  
  
  
  Ko'z yoshday to'kilar gilos gullari,
  So'nadi ufqlarda otashi so'zon.
  Halovat to'shalgan bog'da tunlari,
  Nafis oy shu'lasi, go'zal gul to'zon.
  
  
  
  Oppoq gul yog'adi misoli ro'yo,
  Qaldirg'och uxlaydi tumshuqlari loy.
  Kul bilan yuvilgan idishday go'yo,
  Sokin xovuzlarga cho'kib ketar oy.
  
  
  
  
  
  
  13 may, 2014 yil.
  Kunduz soat 10 dan 24 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Kuz yomg'iri
  
  
  
  
  O'ylanasan kuzgi kechada,
  Cheki bormi deya firoqning.
  Esi og'ar bo'm -bo'sh ko'chada,
  Mayus o'yga botgan chiroqning.
  
  
  
  To'ldi sirli shivirga havo,
  Ruhim kabi musaffo, toza.
  Nahot o'ldi sevgim benavo,
  Yomg'ir kimga ochmoqda aza?..
  
  
  
  Osmonlarga elagin tutar,
  Fonus g'amgin nurin elaklab.
  Bo'm -bo'sh shahar uyquga ketar,
  Kuz yomg'iri quyar chelaklab.
  
  
  
  
  
  27 may, 2014 yil.
  Tungi soat 10 dan 49 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  USMON AZIMGA
  
  
  
  
  So'zsiz hayr derman endi extimol,
  Qurigan daraxtni do'stimday quchib.
  Qanotim qayirma, ey telba shamol,
  Men endi janubga ketarman uchib.
  
  
  
  
  Qonim jilvasi bor tilla jomlarda,
  Netay qoliplarga, romga sig'madim -
  Deya ko'z yosh kabi iliq shomlarda,
  Bahorga qo'shilib unsiz yig'ladim.
  
  
  
  
  Qumga botib ketdi bo'g'zigacha tan,
  Ko'zim - suvga to'lgan dengiz o'zani.
  Suvsizlikdan labi qaqragan Vatan,
  Ko'zlarimga botir ko'zani...
  
  
  
  
  
  30 yanvar, 2013 yil.
  Kunduz soat 10 dan 51 minut o'tdi.
  Kembridj shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  
  
  Kuzgi qayin
  
  
  
  Xazonlarni uchirmoqqa shay,
  Kuzning o'ychan, latif shamoli.
  Avtoulov chumolixo'rday,
  Ishga shoshgan avom -chumoli.
  
  
  Chirpiraydi yetim yaproqlar,
  Kuz keltirdi barglarga qiron.
  Xazon emas, tilla titroqlar,
  Qo'rqitadi ularni bo'ron.
  
  
  O'ylamaydi bu haqda qayin,
  Kokillarin yoyib nasimga.
  Yo'l bo'yida shovullab mayin,
  Qayta -qayta tushar rasmga.
  
  
  
  
  
  27 oktyabr,2014 yil.
  Erta bilan soat 9 dan 1 daqiqa o'tdi.
  Brempton shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Podachi
  
  
  
  
  Daydib yurgan edim, bog'larda badar,
  Kuz sochib yubordi chumchuqlarini.
  Ular uchib ketdi shoshib, qaygadir,
  Shamollarda qayrab tumshuqlarini.
  
  
  Havo, xo'mrayishdan mudom to'yganman,
  Yovvoyi odamday qovog'ing uyma.
  Yo'q, yo'q, kerak emas, ichmay qo'yganman,
  Yomg'ir, menga quyma.
  
  
  Men kuzgi yo'llarda podachi kabi,
  Ko'zlarimni qo'ydek boqib, yashayman.
  Ishim juda og'ir, charchab asabiy,
  Faqat yarim tunda ishdan bo'shayman.
  
  
  Aqldan ozgan oq bulutlar chinni,
  Shamolda guvillar yalong'och terak.
  Shoxidagi bo'm -bo'sh qoraygan inni,
  Qushlar eslab, goho sog'insa kerak.
  
  
  
  
  
  26 oktyabr, 2014 yil.
  Kunduz soat 4 dan 14 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  Kuzgi oynalarning unsiz ko'z yoshi
  
  
  
  Avjlanadi za'far inqiroz,
  Maosh olmas daraxtlar oylab.
  O'tmay qolgan "Pul"lardan biroz,
  Olib qochar shamollar poylab.
  
  
  Yomg'irlarda yaltiraydi tosh,
  Qarar o'ychan tabiat romdan.
  Yog'ayotgan yomg'irmas, ko'z yosh,
  Ko'zlaringdan duvillab tomgan.
  
  Sen ketasan soyabon qo'lda,
  Olislaysan misoli ro'yo.
  Daraxt aksi, ko'lmakli yo'lda,
  Cho'kkan kabi ko'zguga go'yo.
  
  Sensiz endi yurak qiynalar,
  Erib borar izlaringda qum.
  Sen ketasan, g'amgin oynalar,
  Odam kabi yig'laydi yum - yum.
  
  
  
  
  31 iyul, 2011 yil.
  Kunduz soat 1 dan 29 minut o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Daydi
  
  
  Oqshom, ko'zim kovaklariga,
  Iztirobning qushi in qurar.
  Ko'z ilg'amas zulmat qa'rida,
  Yuk tashuvchi poyezd chinqirar.
  
  Yulduzlar jim yig'lar chamasi,
  Sukunatga to'ldi yalanglar.
  Suzar ulkan xayol kemasi,
  Oy langari sohilda zanglar.
  
  Sag'ir sevgim sig'magan Dunda,
  She'rlar bitsa arziydi yuzlab -
  Deb daydidim ayozli tunda,
  Ko'z yoshlarim qolguncha muzlab.
  
  
  
  2008 yil, kuz.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Olis oqshomlar
  
  
  Shom qushlari sayraydi tolda,
  Balki eshik turar ochilib.
  G'amgin shu'la to'shalgan polda,
  Kitoblarim yotar sochilib.
  
  Kulbalarda chiroq yoqarlar,
  Paxtazor jim sukutga cho'mar.
  Yum - yum yig'lab iskabtoparlar,
  Shom hasratin sohilga ko'mar.
  
  Yulg'un o'sgan jarlar uzra jim,
  Asta sekin ko'tarilar oy.
  Yorishadi mening lablarim,
  Lablaringa muhr bosgan joy.
  
  Idish yuvib ariq bo'yida,
  U damlarni eslasang gohi.
  Chigirtkaday gulzor qo'ynida,
  Chirillaydi sevgi arvoxi.
  
  
  
  9 aprelь, 2011 yil.
  Kunduz soat 3 dan 35 minut o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Kimsasiz yo'llarda
  
  
  
  
  Suvga cho'kib ketdi bulutlar,
  Ko'rib kuzgi gullar ibosin.
  Qirg'oqlarda teraklar, tutlar,
  Suv oqizar bog'lar libosin.
  
  
  
  Gala gala qushlar narida,
  
  Shiddat bilan uchar qaygadir.
  
  Balki daryo sohillarida,
  
  Sholi pishib yotgan joygadir?
  
  
  
  Ko'prik uzra sohibjamol qiz,
  Termuladi suvga, ariqqa.
  Kezar ma'yus, o'ychan qari kuz,
  Sochlarini bo'yab sariqqa.
  
  
  
  
  
  
  26 avgust, 2010 yil.
  Kunduz soat 10 dan 58 daqiqa o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Zulmatlarda uchqunlaydi qor
  
  
  
  
  Bu xazon, ko'zlari ojiz oshiqning
  Qo'lidagi o'qilmagan xat.
  Kimsasizlik, sukunat balki,
  So'zsiz qo'shig'idir soqov hofizning.
  
  
  
  Men bo'lsam,
  Kuzgi dalalarda, tungi zulmatda
  Yolg'iz uvlayotgan qora shamolman.
  
  
  
  Sen pastak deraza yonida,
  Qirovli gulzorda bulbulni kutib,
  Muzlab qolgan atirgulmisan?
  
  
  
  Chirpirab uchayotgan qor uchqunlarichi?
  Yorug' oynalarga talpinayotgan
  Son - sanoqsiz oppoq parvonalarmi?..
  
  
  
  Aytgil, nima uchun, kimni sog'inib,
  Sochlari quvv oqardi qishning?
  
  
  
  
  
  
  20 avgust, 2012 yil.
  Kunduz soat 3 dan 20 minut o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Yurak
  
  
  
  
  Men charchab uxlayman, uxlaydi shahar,
  Chaqmoq ham uxlaydi, uxlar guldirak.
  Lekin sen ta'tilsiz har shomu sahar,
  Tinimsiz ishlaysan ko'ksimda, yurak.
  
  
  
  Mana ellik yilki, doim birgamiz,
  Sen bilan tug'ildim, sen bilan o'sdim.
  Bunday o'ylab ko'rsam mudom, to xanuz,
  Sen o'zing ekansan eng yaqin do'stim.
  
  
  
  Seni ko'p azoblab qiynadim, bu chin,
  Ey shoir yuragim, sen meni kechir!
  Soqiy bo'lib, sunib, sog'ligim uchun,
  Vujudimga qizil qonimdan ichir.
  
  
  
  Goho qasr bo'lding, gohida zindon,
  Seni yenglomadi, g'ariblik, g'urbat.
  Ey, Xoldor Vulqonning olisda pinhon,
  Muhabbati dafn etilgan turbat!
  
  
  
  
  
  14 avgust, 2011 yil.
  Kunduz soat 2 dan 35 minut o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada. Ramozoni sharif.
  
  
  
  
  
  
  Sohillarni sog'ingan ko'ngil
  
  
  
  
  To'rg'ay bo'lsam har tong dalada,
  Chug'urlardim muallaq sayrab.
  Qarar eding quvnab yanada,
  Ko'zga kafting soyabon aylab.
  
  
  Tipratikon bo'lsam, butunlay,
  Men Vatandan ketmasdim badar.
  Oy yoritgan xovlingda tinmay,
  Chopar edim to tonga qadar.
  
  
  Muhabbatning rubobi sindi,
  Shamol bo'lib yig'ladi quvg'in.
  Biz uchrashgan dalada endi,
  G'uvillaydi qop - qora yulg'un.
  
  
  Dov daraxtni kech kuz qaritgan,
  Bog'larda bor hayo va sharm.
  Sohillarni g'amgin yoritgan,
  Oy ko'nglimiz singari yarim.
  
  
  
  
  
  
  
  19 iyunь, 2011 yil, yakshanba.
  Kundaz soat 10 dan 57 minut o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Birinchi qor
  
  
  
  
  Sukunat qoplagan dalalar roxin,
  Angraygancha tildan qolibdi bog'lar.
  Qor yuki egibdi daraxtlar shoxin,
  Qaxrli qag'illar tumanda zog'lar.
  
  
  
  Baqirmay sekinroq qag'illasa ham,
  Eshitaman axir, emasman garang.
  Qorko'chki qo'zg'olar yo'talsa odam,
  Qor turar daraxtlar shoxida arang.
  
  
  
  Daraxtlar kiyingan, olifta, kibor,
  Oppoq qorpo'stini tersmi yo o'ngi?
  Bu oppoq tahayyur, bu musaffo qor,
  Kimgadir birinchi, kimgadir so'ngi...
  
  
  
  Qor bosgan dalalar besado, besas,
  Hech kim halal bermas xayollar sursang.
  Yo'lovchi jilmayib qo'yar, ranjimas,
  Qulochkashlab turib, qor bilan ursang.
  
  
  
  
  
  
  
  9 yanvar, 2013 yil.
  Tungi soat 8 dan 17 daqiqa o'tdi.
  Kembridj shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Don Mills
  
  
  Quyoshni haybatli gulxanda yoqqan,
  Botargox qontalash jaroxat kabi.
  Suvlari yaltirab, lapanglab oqqan,
  Bir azim daryoning qaqraydi labi.
  
  
  
  Qiyillab uchguvchi qushlarning lekin,
  Shovqin - suroniga muxtoj emas ul.
  Bu daryo suvida oqadi sokin,
  Bulbul tushlariga kirgan atirgul.
  
  
  
  Kechuvlardan o'tmas sigirlar morab,
  To'lqinlari tuya, tubsiz, o'zansiz.
  Shunday daryolar ham bo'larkan, yo Rab,
  Oydin to'qaylarsiz, Tulki, Ko'zansiz.
  
  
  
  Bo'yniga eng og'ir toshlarni bog'lab,
  G'arq bo'lgisi kelar har kimning, axir.
  G'arq bo'lgan chog'imda ko'ksimni dog'lab,
  Qurib qolma, Shopen deb atalgan nahr!
  
  
  
  Don Mills parklarida kezsam haynahoy,
  Minmayman shaytonning arobasini.
  O'rmonlar ortidan ko'tarilgan oy,
  Yoritar ko'nglimning xarobasini.
  
  
  
  
  
  25 iyunь, 2011 yil.
  Tungi soat 10 dan 40 minut o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Xirmonlarni yoritganda oy
  
  
  
  Shamollarda shovullab yotar,
  Maslaxat deb atalgan qishloq.
  Quyosh ufqlar bag'riga botar,
  Oy nuridan yorishar toshloq.
  
  
  
  Jar ortidan ko'tarilgan oy,
  Tun kitobin ma'yus varaqlar.
  Qaro zulmat olmoslarga boy,
  Yaraqlaydi mayus chiroqlar.
  
  
  
  Kuzda qishloq bog'larin quchgan,
  Yetim kabi yolg'iz o'ynar yel.
  Qo'l silkitar janubga uchgan,
  Turnalarning karvoniga el.
  
  
  
  
  Sholi g'aram ustida yotib,
  Tinglayversang, kimdir gapirsa.
  Kurak bilan shamolga otib,
  Oydinda el sholi shopirsa.
  
  
  
  
  Hamma uyga ketsa, bir o'zing,
  Oy yoritgan xirmonda qolsang.
  Osmonlarga tikkancha ko'zing,
  Oy nurida o'ylarga tolsang.
  
  
  
  
  
  26 oktyabr, 2014 yil.
  Kunduz soat 10 dan 9 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Musavvir
  (Rassom o'g'lim Abdullajonga)
  
  
  
  Qish, bildim, sen rassom ekansan moxir,
  Rangtasvir bobida o'tdingmi kuzdan?
  Sovuq darchalarga sen alaloxir,
  Naqshlar chizasan qirovdan, muzdan.
  
  
  
  Xalq rassomi degan unvoning ham yo'q,
  Senga qoyil qolsa arziydi bashar.
  Mansab, mukofotdan sening ko'ngling to'q,
  Molbert, mo'yqalamsiz ishlaysan asar.
  
  
  
  Sening asaringda guvlar qorbo'ron,
  Yo'lovchi adashar tumanda gohi.
  Qarg'alar qag'illab ko'tarar suron,
  Qorli dalalarning kimsasiz roxi.
  
  
  
  Qor ostida gullar siniqib, so'lgan,
  Izg'irin ayozda yaxlab qolar oy.
  Yulduzlar gavhari bilan liq to'lgan,
  Ko'zim hamyonida qolmadiku joy.
  
  
  
  Dalada qorlarning olmos changini,
  To'zg'itgan shamollar quyuni o'rlar.
  Eslatib qadrdon yillar rangini,
  Ko'mir xidi anqib, tutunlar o'rlar.
  
  
  
  Qor yukidan sinar daraxtlar shoxi,
  Qaydadir simlardan uchqunlar chatnar.
  Endi qish choyshabin tekislab gohi,
  Oppoq kengliklarda shamollar qatnar.
  
  
  
  Ko'rdim, oq matoga bo'yoqsiz suluv,
  Billur manzaralar ishlabsan yuzlab.
  Ayozli ayvonda chelak to'la suv ,
  Cho'mich bilan birga qolibdi muzlab.
  
  
  
  Ayozning sochiyu soqoli tuzoq,
  Qorga burkanadi qo'llarin kuxlab.
  Oysiz oydinlikka termuldim uzoq,
  Sukunat dev kabi yotganda uxlab.
  
  
  
  
  
  15 oktyabr, 2014 yil.
  Tungi soat 11 dan 47 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Omonat yaproqlar
  
  
  
  
  Goho ortda qoldim, gohida o'zib,
  Go'yo bu yo'llarning yo'qday adog'i.
  Gulzorlardan nafis bo'ynini cho'zib,
  Menga talpinardi gullar dudog'i.
  
  
  
  Bugun bujmayibdi, quribdi gullar,
  Go'yo chamanlarga tekkanday qarg'ish.
  Daraxtlar mung'aygan qadrsiz qullar,
  Shoxlari yalong'och, barglari sarg'ish.
  
  
  
  Chinor yozgan ekan farroshga xatni,
  Chetlariga bitib xasratli xokku.
  Farrosh u maktubni gulxanga otdi,
  Endi oh chekmaydi olisda kakku.
  
  
  
  Daraxt qir uchida omonat zog'lar,
  Sukunatga to'lar osmon qozoni.
  Sekinroq yuraman men bunday chog'lar,
  To'kilmasin deya bog'lar xazoni.
  
  
  
  
  
  
  15 oktyabr, 2014 yil.
  Kech soat 7 dan 57 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Kuzgi shamollarda xazonlar raqsi
  
  
  (Yozuvchi do'stim Abulqosim Mamarasulovga)
  
  
  
  
  
  
  Qayin binoyidek raqqosa ekan,
  Yaproqlari sariq, qirmizi, pushti.
  Shamolda tebranib charchamasmikan,
  Kechgacha to'xtamay raqsga tushdi.
  
  
  
  O'ynab qo'yar ekan tushmagur chinor,
  Ishva muqom qilib, aslo tolmadi.
  Har yonga sochildi tilloyu dinor,
  Shoxida bitta ham bargi qolmadi.
  
  
  
  Ahil yashar ekan daraxtlar lekin,
  Archami, qayinmi, tol yoki terak.
  Yiqilsa, bir birin suyarkan sekin,
  Yashashni ulardan o'rganmoq kerak.
  
  
  
  Balki hozir avom kuzatadi jim,
  Turnalarning kulrang galalarini.
  Oppoq qor qoplaydi hademay, do'stim,
  O'zbekning qadimiy dalalarini.
  
  
  
  Quyuq tuman aro suzganda bog'lar,
  Kimsasiz yo'llarni qor qoplagan payt,
  Dalalar uyquga shaylangan chog'lar,
  Sizlarni bir shoir sog'indi -deb ayt.
  
  
  
  
  
  18 oktyabr, 2014 yil.
  Kechki 5 dan 15 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Oydin kecha
  
  
  
  Soch soqoli oppoq rassom,
  Qorli fasl shomida.
  Chizganlaring, ey Pikassom,
  Oynalarning romida.
  
  
  
  Olislarda porlayotgan,
  Chiroqlarga boqaman.
  Sog'inch bo'lib chorlayotgan,
  Shu'lalarda oqaman.
  
  
  
  Hademay qir, yo'l narida,
  Boychechak suv yoqalar.
  Xasrat to'la shom qa'rida,
  Qurillaydi baqalar.
  
  
  
  
  
  
  29 oktyabr, 2014 yil.
  Kunduz soat 4 dan 20 daqiqa o'tdi.
  Brempton shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Parik
  
  
  
  Parik kiyib yurarkan, qarang,
  Tan bermadim shu kampir kuzga.
  Tortdirganmish yuzlarin tarang,
  Kirgan emish necha ming yuzga.
  
  
  
  Bugun uning tug'ilgan kuni,
  Ko'rindiku nimadir kamdek,
  Yoritsin deb do'nglik ustini,
  Yoqib qo'ydi qayinni shamdek.
  
  
  
  Yetib keldi otarchi tollar,
  Qo'lda bujur rubobi yangrab.
  Qo'shiqlarin eshitsa mollar,
  Yuborardi eshakday xangrab.
  
  
  
  Bunda jimlik barhayot, zinda,
  Lek bo'g'ziga tiqilgan chitlar.
  Rizqin g'ajib, irillar inda,
  Adashmagan urg'ochi itlar.
  
  
  
  Farrosh kelib, pullarni to'plab,
  Yoqmoq uchun bir joyga uydi.
  Yomg'ir bulut meshidan ko'plab,
  Ko'lmaklarga to'ldirib quydi.
  
  
  
  Shamol mastmi, yoki oshidan,
  Chiqqanmi extiyot qism sharigi,
  Bir esgandi, kuzning boshidan,
  Uchib ketdi malla parigi.
  
  
  
  
  
  
  29 oktyabr, 2014 yil.
  Kunduz soat 12 dan 0 daqiqa o'tdi.
  Brempton shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Osmonga ayt
  
  
  
  
  
  
  Qumrsqaga o'xshaydi xarf,
  Sen so'zlarga tekin yemishsan.
  Goho yig'lab, najot axtarib,
  Osmonlarga qarar emishsan.
  
  
  
  Yutib achchiq ko'z yosh tinig'in,
  Ketging kelar fazo cho'liga.
  Yulduzlarning shisha sinig'in,
  Kim sochibdi somon yo'liga?
  
  
  
  Mayli tungi osmonlarga boq,
  Oshiqmagin ammo o'lmakka.
  Osmonga ayt, balqib chiqqan chog',
  Cho'kdirmasin oyni ko'lmakka.
  
  
  
  
  
  28 oktyabr, 2014 yil.
  Tungi soat 11 dan 5 daqiqa o'tdi.
  Brempton shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Tovush
  
  
  
  
  Yomg'ir yog'ayotir havolar sovib,
  Yog'du yog'ayotgan yomg'irning yog'i.
  Shamol qanotlari shalobbo ivib,
  Ucholmay qaydadir yotibdi chog'i.
  
  
  Boraman, sen quyuq tumanda kutgil,
  Qorayganda shomning oppoq bo'zlari.
  Yo'llarimga boqib, mungraydi butkul,
  Pastak derazangning xorg'in ko'zlari.
  
  
  Tumanda turtinib yurganimda jim,
  Ruhim sukunatga singigan oni.
  Eshitdim jimlikda, aniq eshitdim,
  Chirt etib yaproqning uzildi joni.
  
  
  
  
  
  28 oktyabr, 2014 yil.
  Tungi soat 9 dan 33 daqiqa o'tdi.
  Brempton shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Gul hayosi
  
  
  
  Tentirab, bekorchi, bezori shamol,
  Xazonga to'ldirdi gulzor qo'ynini.
  Ko'rib rahmim keldi nafis, bemajol,
  Kuzgi atirgulning nozik bo'ynini.
  
  
  
  Gul boshini egib, tikoni botgan,
  Chetanli chavraga turar suyanib.
  Kiyimlarin yechib, gulxanga otgan,
  Telba daraxtlardan uyalib.
  
  
  
  
  
  
  
  28 oktyabr, 2014 yil.
  Kunduz soat 3 dan 21 daqiqa o'tdi.
  Brempton shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Qor
  
  
  
  
  Yaproqsiz daraxtdan gurros yuksalib,
  Qushlar ushoq ko'rsa, xovliga sho'ng'ir.
  Simlar g'ijjagini shamollar chalib,
  Qor bosgan o't -o'lan sovuqda to'ng'ir.
  
  
  Dexqon izlarini yopadi qorlar,
  Kuz ketar shoshilib, ishlari chala.
  Butazor shamolda g'uvillab, chorlar,
  Qorli tundraga o'xshaydi dala.
  
  
  Bulut uxlar edi daraxt uchida,
  Yostig'ini shamol yirtdimi, netdi?
  Yostiqdan sochilgan parqu ichida,
  Dov -daraxt, dalalar ko'rinmay ketdi.
  
  
  
  
  
  28 oktyabr, 2014 yil.
  Kunduz soat 2 dan 12 daqiqa o'tdi.
  Brempton shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Osuda jimlik
  
  
  
  
  Kuz kelibdi bildirmay, asta,
  Xazonlarni avaylab, ezmay.
  Qushlar galasining bir pasda,
  Ketganini qolibmiz sezmay.
  
  
  Tillo ekan kuzning ko'ylagi,
  Nafis, nozik, topilmas tengi.
  Bitta yengi yoqut, o'ylagin,
  Sof oltindan ekan bir yengi.
  
  
  Miq etmaydi, xayolga botgan,
  Menga ma'lum uning kimligi.
  Daraxtzorda berkinib yotgan,
  Bu osuda kuzning jimligi.
  
  
  Yaxshiyamki hech kim yo'q ekan,
  Borganimda daraxt kesgani.
  Shoshilishda ketaveribman,
  Pufaykamni kiyib teskari.
  
  
  
  
  
  26 oktyabr, 2014 yil.
  Tungi soat 1 dan 50 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  G'aflat
  
  
  
  Kuz hushbo'y bexilar xidiga to'la,
  Uzumu anorlar ilingan ombor.
  Xazonlar raqsiga termulib, so'ra:
  -O'ylarga botgan bu jimlikda kim bor?!
  
  
  
  
  Bog'da ivirsigan bu shamol bangi,
  Kuppa kunduz kuni, qaranglar, netdi.
  Kuzning xazonlardan to'qilgan yangi,
  Cho'g'dek gilamini o'g'irlab ketdi!
  
  
  
  
  
  27 oktyabr, 2014 yil.
  Tungi soat 11 dan 5 daqiqa o'tdi.
  Brempton shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Landavur daraxt
  
  
  
  
  
  
  Qir! qir! -deyaverib qirilib ketdi,
  Turnalarning uzun nayday tomog'i.
  Kuz yig'lab ularga qo'lin silkitdi,
  Ko'ylagida yuzlab xazon yamog'i.
  
  
  Daraxt ham shoxlarin silkitgan edi,
  Qaxrabo barglari to'kildi yerga.
  Farroshning so'kinib aytganin endi,
  Ayb bo'lar deyman, kiritsak she'rga?
  
  
  Farrosh qo'llarini kuxlab, isinib,
  Xazonlarni to'plab, olovda yoqdi.
  So'ng o'ychan chekarkan tamakisini,
  Vulqonday tutagan gulxanga boqdi.
  
  
  
  
  
  27 oktyabr, 2014 yil.
  Kech soat 7 dan 44 daqiqa o'tdi.
  Brempton shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  O'zbek
  
  ("O'lsam, dalaga ko'minglar meni" deya yozgan buyuk shoir,
  qadrdon ukam Iqbol Mirzoga)
  
  
  
  
  Odam yoshi o'tgach, xotira bilan,
  Yolg'iz qolar ekan, gapning sirasi.
  Yurtim shudgorlarin eslatdi shu on,
  Bulutli bepoyon osmon dalasi.
  
  
  
  
  Paxtalarni yoyib, tepib, xirmonda,
  Bulutlar ustida yurardim go'yo.
  Yashagan edimmi rostdan Vatanda,
  Yoki bu sarobmi, tush kabi ro'yo?
  
  
  
  
  Beozorlik oliy insoniy uruf,
  Paxtaday oqko'ngil o'zbekka hoskim,
  Daraxt soyasini yo'lakda ko'rib,
  Asta chetlab o'tdim, kelmadi bosgim.
  
  
  
  
  
  27 oktyabr, 2014 yil.
  Kunduz soat 3 dan 7 daqiqa o'tdi.
  Brempton shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  O'g'lim Alisher Usmonovga
  
  
  
  
  Qara, ufqqa bosh qo'ydi quyosh,
  Oqshom qushi ohista qo'nar.
  Qotib ko'zda oxirgi ko'z yosh,
  Bir kun umrim chirog'i so'nar.
  
  
  
  
  O'lsam, ochiq qolgan ko'zimni,
  Unsiz yig'lab, sekin yoparsan.
  Mash'al qilib aytgan so'zimni,
  Zulmatlarda yo'ling toparsan.
  
  
  
  O'ksimagin ranjitsa vaxshat,
  Jilmayib qo'y, laxta qon yutma.
  Basharasi odamga o'xshash,
  ShAKALLARdan yaxshilik kutma.
  
  
  
  
  
  
  27 oktyabr, 2014 yil.
  Kunduz soat 1 dan 5 daqiqa o'tdi.
  Brempton shahri, Kanada.
  
  
  
  
  O'g'lim Alisherning ismi, o'zbekman deganlarning faxri iftixori, dunyo moliyaviy xaritasida o'z sarmoya imperiyasini barpo eta olgan, aqli zakovati, tadbirkorligi bilan qit'alarni zabt etgan zamonamizning Amir Temuri,Chustiy domla tug'ilgan Chust shahrida dunyoga kelgan o'zbek milliarderi, qalbi tonglar kabi toza, kamtarin, haqiqiy INSON Alisher Usmonov sharafiga qo'yilgan.
  Familiyasi ham dadam rahmatlining ismi bilan atalgan -Usmonov.
  Xudoyi Taolo dadamning joylarini Jannatdan ato etsin.
  Alisher o'g'limning umri uzoq bo'lsin.Yuz yoshga kirganda ham o'ynab, kulib yuraversin.
  
  
  O'rmonlarda osuda jimlik
  
  
  Qanday yayrar edi dala tuz,
  Shovqin solib yoqqan jalada.
  Endi kezar bu joylarda kuz,
  Sholg'om kovlar dexqon dalada.
  
  
  
  
  Qush galasi deya o'ylabman,
  Uchib o'tsa g'arib xazonlar.
  Men ularga qarab to'ymabman,
  Chirpiratsa telba to'zonlar.
  
  
  
  Sukunatning so'kkancha chokin,
  Yaproqlarin to'kar qayinzor.
  Kutubxona singari sokin,
  Oy nuriday latif, mayinzor.
  
  
  
  
  
  27 oktyabr, 2014 yil.
  Kunduz soat 12 dan 22 daqiqa o'tdi.
  Brempton shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Farroshga
  
  
  Xazonlarni qoplab, ko'tarib,
  Farrosh, menga xo'mrayib boqma.
  Achchiq tutunlardan yo'talib,
  Yaproqlarni gulxanda yoqma.
  
  
  
  
  Minib za'far tevalarini,
  Shivirlaydi shamol, she'r o'qir.
  Chetan daraxt mevalarini,
  Yomg'ir qushday ayovsiz cho'qir.
  
  
  
  
  Qo'y, isinsin bu bog'lar, bu yurt,
  Olovlangan kuzga topinib.
  Orom olsin qumursqayu qurt,
  Xazon ko'rpasini yopinib.
  
  
  
  
  
  27 oktyabr, 2014 yil.
  Kunduz soat 10 dan 21 daqiqa o'tdi.
  Brempton shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Qor quvonchi
  
  
  
  Guppa guppa yog'averdi qor,
  Tomlar oppoq, oqardi yerlar.
  Oq varaqday ko'chayu devor,
  Unga hech kim yozmapti she'rlar.
  
  
  
  
  Qorbo'ronda turtinib, toyib,
  Yo'lda odam tanimas do'stin.
  Qorboboday bog'lar bukchayib,
  Kiyib olgan qalin qorpo'stin.
  
  
  
  
  G'uvillaydi qorli dalada,
  Cho'kirtaklar bo'g'zigacha qor.
  Darchadagi yog'du panadan,
  Qorli yo'lga boqar intizor.
  
  
  
  
  Qormi bu yo yengil shamolda,
  Gullarini to'kar bodomlar?
  Uyqu qochib ketgan tamonga,
  Derazadan boqar odamlar.
  
  
  
  
  G'ijirlaydi qordagi qadam,
  Qor ostida qolibdi yo'lak.
  Qorga qarab to'ymaydi odam,
  Hamma xursand, farroshdan bo'lak.
  
  
  
  
  
  
  25 oktyabr, 2014 yil.
  Tungi soat 11 dan 54 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  Tasalli
  
  
  
  Bog'lar saxni osuda, illo,
  Yo'laklarni yaproqlar yopqon.
  Oyog'imda shaldirar tillo,
  Xazonlardan yasalgan qopqon.
  
  
  
  Barglar uchar ko'kka yetkuday,
  Chirpiraydi qayoqqa boqsang,
  Guvlab, birdan yonib ketguday,
  Chekish uchun gugurtni yoqsang.
  
  
  
  Kechir meni, kechir, ey daraxt,
  Yaqin borgach yodimga tushdi.
  Mendan xurkib, shoxingdan karaxt,
  Kapalaklar galasi uchdi.
  
  
  
  Yashil edi ularning rangi,
  Cho'chimasdi odamdan zarra.
  Shodlanardi misoli bangi,
  Vizillasa poyingda arra.
  
  
  
  O'kinmagin, daraxt farishta,
  Qorga botar dexqon dalasi.
  Shoxlaringa qo'nadi qishda,
  Oppoq kapalaklar galasi.
  
  
  
  
  
  
  25 oktyabr, 2014 yil.
  Kech soat 5dan 47 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  O'rmonlarga tutashdi yo'lim
  
  
  
  Guvillaydi donishmand terak,
  U Makkaga bormagan xoji.
  Unga amal, mansab ne kerak,
  Xazonlardan tillarang toji.
  
  
  
  Yo'l chetida raqsga tushar,
  Nozikkina navnihol qayin.
  Yaproqlari chirpirab uchar,
  Shamollarda chayqalgan sayin.
  
  
  
  Kasod bo'ldi qushlar bozori,
  Sarmoyasi talandi, sindi.
  Girvatlarga sovrildi bori,
  Kuz inqiroz otiga mindi.
  
  
  
  
  Sukunatga shabnam ichirgan,
  O'rmonlarga tutashdi yo'lim.
  Yaproqlarin bo'ron uchirgan,
  Novdalarga o'xshaydi qo'lim.
  
  
  
  
  
  
  25 oktyabr, 2014 yil.
  Kunduz soat 3 dan 54 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Qimor
  
  
  
  Qo'llarida "qirol", "dama", "tuz",
  Dov -daraxtlar o'ynaydi qarta.
  Qimor o'ynab, to'ymaydi bu kuz,
  Yutqazsa ham bir necha marta.
  
  
  
  Sarg'aytirdi daraxtni hasrat,
  Ishonmaydi aytsang birovga,
  Barglarini avaylab, asrab,
  Bog'lar tikdi dovga, garovga.
  
  
  
  Shamol tinmay chiylaydi qarta,
  Kerak emas ishora -yo'tal.
  Farrosh kelar kunda bir marta,
  Olmoq uchun bog'lardan cho'tal.
  
  
  
  
  
  
  
  25 oktyabr,2014 yil.
  Kunduz soat 3 dan 10 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Ona qishloq, ota makonim
  
  
  
  
  
  Maslaxatda yog'ar laylak qor,
  Egiladi dov daraxt shoxi.
  Sim porillab, misli ajdaxo,
  Qorli zulmat yorishar gohi.
  
  
  
  
  Sukunatga cho'mgan dalalar,
  El tomlarning kuraydi qorin.
  Chiroqsiz dars qilar bolalar,
  El sovqotsa quchoqlar yorin.
  
  
  
  
  Mergan ovchi O'ljaboy esa,
  To'r va matrap to'qiydi yuzlab.
  Borib baliq ovlayin desa,
  Qoradaryo yotibdi muzlab.
  
  
  
  
  Oppoq qordan o'raydi salla,
  Daraxt go'yo imomi xatib.
  Mast yo'lovchi aytgancha yalla,
  Ketib borar qorlarga botib.
  
  
  
  
  Qormas, go'yo yog'adi ruhlar,
  Jimjit dala ustini qoplab.
  El o'ranib, sandalda uxlar,
  Qiy cho'g'iga belini toblab.
  
  
  
  
  
  
  
  25 oktyabr, 2014 yil.
  Kunduz 10 dan 18 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  Xovuz
  
  
  
  
  Oydin osmon g'azna singari ochiq,
  Yulduzlar - hazina, oy -sariq chaqa.
  Xovuzda ko'zagul g'unchasi yopiq,
  O'ltirar zangori yaproqda baqa.
  
  
  
  Yulduzlar baqadan qo'rqadi yomon,
  Olov sovuq suvdan qo'rqqanday xuddi.
  Tilini uzatib osmonlar tamon,
  Baqa bir yulduzni shilt etib yutdi.
  
  
  
  So'ng yana birini, keyin boshqasin,
  Yutaverdi olmos chivinday tutib.
  To'lin oy berkindi chiqarmay sasin,
  Qo'rqib, nafasini ichiga yutib.
  
  
  
  Chirildoq nega jim, qayoqqa qochdi?
  Uyg'onsangchi axir, uyquchi kunduz!
  Xovuzda ko'zagul g'unchasin ochdi.
  Osmonda bitta ham qolmadi yulduz.
  
  
  
  
  
  
  12 mart, 2014 yil.
  Kunduz soat 2 dan 25 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Xaykal
  
  
  Bu dunyoda yashamoq maza,
  Ammo bir kun ketmoq yomonda.
  O'lsam, qushlar ochadi aza,
  Oh chekkancha sohil tomonda.
  
  
  
  G'uvillarman yulg'unday bezib,
  Shamollarning bandargoxida,
  Yo maynadek yurarman kezib,
  Yuvosh sigirlarning shoxida.
  
  
  
  Ninachiga aylan desa Haq,
  Bo'ysunarman, so'zsiz ko'narman.
  Quyosh ufqqa botib ketgan chog',
  Qamishlarga xorg'in qo'narman.
  
  
  
  Shovullasam, shamoldek badar,
  Sochlaringni aylsang tuzoq.
  Yomg'ir bo'lib, to tonga qadar,
  Derazangni tirnayman uzoq.
  
  
  
  Savalanar yomg'irda, selda,
  Kuzgi bog'im, poliz, paykalim.
  Xilpiratar yengini senga,
  Keng dalada qolgan xaykalim.
  
  
  
  
  
  26 mart, 2014 yil.
  Kech soat 5 dan 12 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  
  Xazon kabob
  
  
  
  Pichan g'aram, o'rmon qir -qiya,
  Sarg'ayibdi kuzgi qayinlar.
  Ular, qaytib kelinglar deya,
  Turnalarga qattiq tayinlar.
  
  
  
  
  
  O't -o'lanni nima jin chaldi?
  Aylanibdi quvrab xashakka.
  Daraxtlarning oyog'i toldi,
  Kuz yonboshlar tillo to'shakka.
  
  
  
  
  
  Quyuqlashgan tongi tumanda,
  Kimdir kezib yurar, yo'talar.
  Tebranadi so'lg'in chamanda,
  Shamollarga ilhaq butalar.
  
  
  
  
  
  Havo biroz qovog'in uygan,
  Lovullaydi kuzakning tobi.
  Gulxan aro qoraygan, kuygan,
  Novdalarda xazon kabobi.
  
  
  
  
  
  21 oktyabr, 2014 yil.
  
  Erta bilar soat 9 dan 8 daqiqa o'tdi.
  
  Kanada.
  
  
  
  
  Guvillaydi ruhim bo'roni
  
  
  
  
  
  Rahmat, daraxt, mening yo'limga,
  Xazonlardan to'shabsan palos.
  Novdalaring ilxaq o'limga,
  Ustixoning qolibdi halos.
  
  
  
  
  
  Qushlar xazon singari uchar,
  Guvillaydi ruhim bo'roni.
  Kulrang kuzgi osmonni quchar,
  Turnalarning shovqin suroni.
  
  
  
  
  
  Sukunatda chirpirab yerga,
  Yengil qo'nar xazonlar qushday.
  Quyuq tuman aylandi sirga,
  Vaznsiz bir muallaq tushday.
  
  
  
  
  
  
  
  23 oktyabr, 2014 yil.
  
  Tungi soat 3 dan 31 daqiqa o'tdi.
  
  Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Shashmaqom
  
  
  
  
  
  To'zg'itganing yetmasmi qasddan,
  Qo'y, quvlama yaproqni, shamol.
  Sen ham hadeb izg'iyvermasdan,
  Bir zum to'xta, madaniy dam ol.
  
  
  
  
  
  Yosh emassan, umring ham yarim,
  Qilgan savob ishlaring sana.
  To'kib kuzgi daraxt barglarin,
  Farroshga ish oshirma yana.
  
  
  
  
  
  Turnalarning buyuk karvoni,
  Uchib ketdi janubga tomon.
  Ular elning ezgu armoni,
  Yetib olsin manzilga omon.
  
  
  
  
  
  Yaproqlardan yamoq to'nida,
  Bog'lar kiydi xazondan shippak.
  G'ozning eski patifonida,
  G'iytillaydi qadimiy lappak.
  
  
  
  
  
  
  
  22 oktyabr, 2014 yil.
  
  Kunduz soat 3 dan 17 daqiqa o'tdi.
  
  Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Kuzgi gulxan
  
  
  
  
  
  Guvillaydi xazonrez shamol,
  Namxush ko'cha yotar yaltirab.
  Bo'm -bo'sh yo'lda barglar extimol,
  Yuguradi misoli krab.
  
  
  
  
  
  O't -o'lanning mujgonida nam,
  Sharsharadek shamol shovullar.
  Hech kim senga o't qo'ymasa ham,
  Daraxt, barging yonar, lovullar.
  
  
  
  
  
  Raqs tushsang, to'zg'iydi tuproq,
  Qizil chervon yog'ar poyinga.
  Yaxshiyamki yopishdi yaproq,
  Yozib bo'lmaydigan joyinga.
  
  
  
  
  
  Ko'kka boqding misli munajjim,
  Sayoz, telba qo'shiqlar aytib.
  Maktublaring yoqib yubordim,
  Daraxt, menga xat yozma qaytib.
  
  
  
  
  
  
  
  22 oktyabr, 2014 yil.
  
  Kunduz soat 2 dan 24 daqiqa o'tdi.
  
  Kanada.
  
  
  
  
  Qamishzor
  
  
  
  
  
  Daryolarning labida hamon,
  Uzun -uzun sohil naylari.
  Chalar beg'am sozanda shamol,
  Bo'rtmas bo'yin, tomir paylari.
  
  
  
  
  
  Shovullaydi sohillarda nay,
  Shamollarga to'lganda qo'yni.
  Xorazmlik raqqosalarday,
  Boshda jig'a, ingichka bo'yni.
  
  
  
  
  
  Hasratlari ko'z yoshday iyib,
  Yomg'ir yig'lab tutganda aza,
  Suv bo'yida yomg'irpo'sh kiyib,
  Qarmoq tashlab o'ltirmoq maza.
  
  
  
  
  
  Shamol, yomg'ir qurar hukumat,
  Qamishzorda shovullar baxsi.
  So'zga chiqar soqov sukunat,
  Oyog'ida saxtiyon maxsi.
  
  
  
  
  
  Yolg'iz o'zing xayolga botsang,
  Uyga ketmay xaftalab, oylab.
  Tunlar qamish chaylada yotsang,
  Oyning balqib chiqishin poylab.
  
  
  
  
  
  
  
  22 oktyabr, 2014 yil.
  
  Kunduz soat 11 dan 34 daqiqa o'tdi.
  
  Kanada.
  
  
  
  
  
  Qorbo'ronda qolgan yo'lovchi
  
  
  
  
  
  Tashqarida qorbo'ron kezar,
  Oq zarralar to'zoni quyuq.
  Oynalarga etyudlar chizar,
  Daydi rassom, yovvoyi buyuq.
  
  
  
  
  
  Ulovlar ham charchadi, tindi,
  Oppoq qorga belandi shahar.
  Ko'mib tashlar borliqni endi,
  Qor tinmasa to tonga qadar.
  
  
  
  
  
  Cho'zilgancha o'rnimga shu dam,
  Qordek oppoq o'ylarga botdim.
  Yo uy yorug' qor shu'lasidan,
  Yo chiroqni o'chirmay yotdim.
  
  
  
  
  
  
  
  24 oktyabr, 2014.
  Kunduz soat 10 dan 53 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Robinzon
  
  
  Makonim shu, kimsasiz orol,
  Kemalarning yo'liga boqdim.
  Odimladim misoli qirol,
  Qirg'oqlarda gulxanlar yoqdim.
  
  
  
  Ummonlarga termuldi ko'zim,
  HAQ, menga ham muruvvat ayla!
  Sohillarda yolg'iz bir o'zim,
  Qurdim qamish - quroqdan chayla.
  
  
  
  Sohilda suv yig'lar chamasi,
  Ummonlarni keladi kechgim.
  Uchar rangli to'ti galasi,
  Hayqiraman, eshitmas hech kim.
  
  
  
  Yulduzli tun bayroqmi qaro?
  Oy ham undan ketmaydi nari.
  Uxlar havo ummoni aro,
  Kosmosdagi orol - Yer shari.
  
  
  
  19 iyunь,
  2010 yil. Kunduz soat 2 dan 44 daqiqa o'tdi.
  Toronto shahri kanada.
  
  
  
  
  
  
  
  
  Yo'qlov
  
  
  
  
  
  Bir yupun do'stim bor, yenglari uzun,
  Dala adog'ida o'ylarga botar.
  Soyasi aks etgan ko'lmaklar yuzin,
  Yomg'irlar ayovsiz chimchilab o'tar.
  
  
  
  
  
  Kastimi qop kabi, qani mos tushsa,
  Shimi ham paxtalik, galstuk taqar.
  Ajnabiy qushlarning galasi uchsa,
  Ularga uzoqdan mung'ayib boqar.
  
  
  
  
  
  Dunyoning molidan ko'zini yumgan,
  Kamgap, odamovi, emas chapani.
  Yolg'izlik va jimlik yoqadi unga,
  Yoqar kimsasizlik, qorlar kafani.
  
  
  
  
  
  Qish edi, qorlarga turtinib, bordim,
  Havoga o'rladi qarg'alar yuzlab.
  Do'stim bechorani uzoqdan ko'rdim,
  Ayozli dalada qolibdi muzlab.
  
  
  
  
  
  26 iyulь, 2012 yil.
  
  Tongi soat 7dan 55 minut o'tdi.
  
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Yo'lchivin
  (Bo'shliq manzarasi)
  
  
  
  
  Muqaddas xandaklar ustida minglab,
  Chevar o'rgimchaklar to'qiydi kashta.
  Aqldan ozasan jimlikni tinglab,
  Ne bor u davrada, bo'shliqda, dashtda?
  
  
  Yirtig'i hayxotdek ro'molcha bilan,
  Yig'lab bormoqdasan, do'stim qayonlar?
  Xofiz qumlar cho'lda aytadi o'lan,
  Gajakdum, mehribon, mushfiq chayonlar.
  
  
  Cho'chqa oxurida uxlama, yetar,
  Yovlar ko'rinsa ham ko'zinga do'stdak.
  Xademay yomg'irlar qiyshayib ketar,
  Qovjirar maysazor - lojuvard po'stak.
  
  
  Endi kapalakqor yog'ar begumon,
  Kimgadir birinchi, kimgadir so'ngi.
  Quyuqlashar sovuq zulmatli tuman,
  Shamolda xurpayar zaminning yungi.
  
  
  
  
  
  26 avgust, 2010 yil.
  Tungi soat 10 dan 13 daqiqa ?tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Telbalar shaharchasini sog'inib
  
  
  
  
  
  Jussalari machta, kiyimi yelkan,
  Sevgidan telbarib qolgan avomat.
  Qattiq nonni suvga ivitib yerkan,
  Borxesning kitobin aylar qiroat.
  
  
  
  
  
  Ozg'in qo'llarida portfelь shishar,
  Namlikni o'tkazar poyabzal charmi.
  Zarb bilan yopsalar, uzilib tushar,
  Eshikka qisilgan sharfning yarmi.
  
  
  
  
  
  Qanday yog'ardiya xazonlar parkda,
  Telbalarni kuzgi tumanlar yutar.
  Yarqiratib temir yo'llarni arta,
  G'ijirlab, qip qizil tramvay o'tar.
  
  
  
  
  
  Yomg'irda yuvilgan oyna yo'lakka,
  Yorliqday yopishib qolar edi barg.
  Qor yog'sa telbalar ketar pinakka,
  Qutb ayig'iday uxlar edi park.
  
  
  
  
  
  "Kitob" nomli og'ir dardga chalingan,
  Turnalar karvoni janubga uchdi.
  Non o'rniga kitob sotib olingan,
  Telbalik yillarim yodimga tushdi.
  
  
  
  
  
  
  
  21 okto'br, 2014 inji yil.
  
  Kunduz soat 1 dan 3 daqiqa o'tdi.
  
  Kanada.
  
  
  
  
  Dadamni sog'inib
  
  
  
  
  
  Parnik qurgan edik dadam ikkimiz,
  Yog'ochlarni kesib, chopib, randalab.
  Kelgandi falakka nigox tikkimiz,
  Bulut palagida pishgach xandalak.
  
  
  
  
  
  O'ltirgandik porloq oyga termulib,
  Daryo tamonlarda yulduz chamani.
  Uzoqlardan o'tdi poyezd chinqirib,
  Olis temir yo'lning uchqur samani.
  
  
  
  
  
  Xovur chiqib turgan otning go'ngini,
  To'pladik otlarni xurkitmay, qashib.
  Keyin parnik o'ra so'lu o'ngini,
  Go'ng bilan to'ldirdik yelkada tashib.
  
  
  
  
  
  Suvqog'oz parnikmas, o'tov deng qadim,
  Tunlar ichkarida porlardi chiroq.
  Men pechka yoquvchi go'laxi edim,
  Ko'mir bor, gaz degan yo'q edi biroq.
  
  
  
  
  
  Uzoqda xorigan traktor "Altay",
  Zulmatlar qa'rida ingrar muttasil.
  Kuz - quyuq tumanda yurgan odamday,
  Yo'lini yo'qotib, turtingan fasl.
  
  
  
  
  
  Ibodat qilardi dadam uyda jim,
  Balki farz nomozi, balki vitiri.
  Men esa parnikda kitob o'qirdim,
  Suvqog'oz tom uzra qorlar shitiri.
  
  
  
  
  
  
  
  15 oktyabr, 2014 yil.
  
  Tungi soat 9 dan 58 daqiqa o'tdi.
  
  Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Yolg'izlik istab
  
  
  
  
  
  Quchoq -quchoq oppoq, parqu bulutlar,
  O'rikning gullarga burkangan shoxi.
  Bog'larda sayragan jiblajibonlar,
  Qishloqning dalaga tutashgan roxi.
  
  
  
  
  
  Men o'sib, ulg'aygan uyning ayvoni,
  Devorlar qo'sh o'rkach kulrang tuyalar.
  Loypaxsa tom uzra bulut karvoni,
  Qizg'aldoqlar boshin egib, uyalar.
  
  
  
  
  
  Kechuvlarda sigir xaydar bolalar,
  Yelkamda qarmog'u qo'limda chelak,
  To'rg'aylar sayragan tongi dalalar,
  Umrbod yodimdan chiqmasa kerak.
  
  
  
  
  
  Balki u yoqda ham kuz sukunati,
  Parishon shamollar o'ychan kezadi.
  Daraxtning bujmayib, sarg'aygan xati,
  Bo'm -bo'sh o'rindiqni bezadi.
  
  
  
  
  
  Ship -shiyda namatak va chakalaklar,
  Silkinib yig'larmi ichgan kabi may?
  Chirpirarmi kuzgi oppoq kapalaklar,
  Jannat bog'larida uchib yurganday?
  
  
  
  
  
  Ummon ortida ham kezib yurar kuz,
  Za'far xazonlarga ko'milar poyam.
  Shamol ivirsigan yo'lakda beso'z,
  It kabi ortimdan ergashar soyam.
  
  
  
  
  
  
  
  19/09/2014.
  
  Kunduz soat 11 dan 54 daqiqa o'tdi.
  
  Kanada.
  
  
  
  
  Yoz
  
  
  
  Muhabbat ko'r va yoki karmi?
  Ko'rsatdiku gullarga kuchin.
  O'ldirdi u romashkalarni,
  Haqiqatni aytgani uchun.
  
  
  
  
  
  Kim qutqarar romashkalarni?
  Yugurgani yo'qdir oyog'i,
  Oshiqlardan ko'ra alarni,
  Yanchsa yaxshi xayvon tuyog'i.
  
  
  
  
  
  Enar g'am shamollar qirdan,
  Uchib o'tar savdoyi gala.
  Yig'layotgan romashkalardan,
  Chayqaladi yovvoyi dala.
  
  
  
  
  Sevadi, sevmaydi, sevadi, sevmaydi, sev...
  
  
  
  
  
  6 iyun, 2014 yil.
  
  Erta tong.
  
  Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Yaxshi niyyat
  
  
  
  
  
  Bir kun men ham po'k etib o'lsam,
  Urmay qo'ysa ko'ksimda yurak.
  Qimmatbaho tobutga to'lsam,
  Do'stlar rosa sevinsa kerak.
  
  
  
  
  
  O'g'illarim baqrayib qolgan,
  Ko'zlarimni sekin yoparlar.
  Do'stlar qo'lda belkurak, bolg'a,
  Qabristonga qarab choparlar.
  
  
  
  
  
  Tiniq suvlar yuzida ajin,
  Toshlar daryo qa'riga cho'kib,
  To'lqinlarda shiqirlab hazin,
  Yig'layverar ko'z yoshga bo'kib.
  
  
  
  
  
  Chirildoqlar chirillab, chorlar,
  Shudringlardan o'tloq bezagi,
  Yulg'unzorlar ustida porlar,
  Oyning ulkan oltin tezagi.
  
  
  
  
  
  
  
  20 may, 2014 yil.
  
  Tungi soat 10 dan 16 daqiqa o'tdi.
  
  Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Tungi daryo
  
  
  
  
  
  Hademay oydinda gulzor oralab,
  Sabolar esadi sochingday mayin.
  Darchadan sen yotgan uyga mo'ralab,
  Shovullayveradi shamolda qayin.
  
  
  
  
  
  G'ozlar chelagining g'ijiri tindi,
  Bo'g'zidan to'kildi sog'inch unlari.
  La'lin lablaringda ochilar endi,
  Tabassumning kuzgi atirgullari.
  
  
  
  
  
  Ostonangda osmon zinapoyasi,
  Soching daryo kabi yotar yoyilib.
  Yo'lakka yiqilar qayin soyasi,
  Oyning shu'lasiga toyilib.
  
  
  
  
  
  
  
  7 dekabr, 2011 yil.
  
  Kunduz soat 10 dan 20 daqiqa o'tdi.
  
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Shom xasrati
  
  (Eshqobil Shukurga)
  
  
  
  
  
  Qumqo'rg'on tamonda bolalik chorlar,
  Podalar qaytadi, sigirlar morab.
  Kuylovchi quyunday iskabtoparlar,
  Shom ham shunday go'zal bo'larmi, yo Rab?!
  
  
  
  
  
  Boymoqli yo'llari kimsasiz jimdir,
  Salqin havolarda mahzun bir sovish.
  Uzoq -uzoqlarda tol kesar kimdir,
  Boltadan kechikib yangraydi tovush.
  
  
  
  
  
  Qushlar shovqinidan botargoh ohi,
  Faryodi Xudoning arshiga yetar.
  Chirildoq, gulzorlar ichida gohi,
  Bir nafas to'xtasang, tin olsang netar?
  
  
  
  
  
  Bepoyon idishday limillar to'lib,
  To'fonlar o'kirgan ummonday dilim.
  Qulog'im qum to'la chig'anoq bo'lib,
  Og'zimni qonatar qilichday tilim.
  
  
  
  
  
  Bag'ri tosh edimku, yig'layman nechun,
  Oydinda o'zimni arvoxday sezib.
  Yuragim loyxushtak, suyagim kukun,
  Ko'z yosh xalqalanar buloqday sizib.
  
  
  
  
  
  Egri xanjar kabi qayraldi hilol,
  Osmon qopchig'ining choki so'kildi.
  Bulut yirtig'idan olmoslarmisol,
  Zulmatda yulduzlar tutday to'kildi.
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  16 may, 2014 yil.
  
  Kunduz soat 10 dan 0 daqiqa o'tdi.
  
  Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Tazarru
  
  
  
  
  Men ikkiqat debman osmonni,
  Kechiringlar, yettiqat ekan.
  Siz sevmagan tipratikonni,
  Iyagimda o'stirsammikan?
  
  
  
  Kechiringlar, ko'zimga bari,
  Ko'rinibdi misoli bezak.
  Sigirlarning nodir asari,
  Gulga o'xshab ketguvchi tezak.
  
  
  
  Uzr, pisand etmagan bo'lsam,
  Nazokatli kimsalar didin.
  Sassiq mushkdan yuqori qo'ysam,
  Daladagi Burganlar xidin.
  
  
  
  Ma'zur tuting, o'xshasa fursat,
  Barmoqlarim semiz qurtlarga.
  Va kuzatsam sizdan beruxsat,
  Turnalarni olis yurtlarga.
  
  
  
  Uzr, sizni odam deb gohi,
  Borgan bo'lsam bilmay topinib.
  Yotgan mahal dalalar roxi,
  Qorlar ko'rpasini yopinib.
  
  
  
  2003 yil, Andijon.
  
  
  
  
  
  
  Kuzatish
  
  
  Jilmaygancha ko'z yoshlaringni,
  Yashirasan, aldab netasan?
  Men perronda qolaman yolg'iz,
  Sen poyezdda yig'lab ketasan.
  
  
  
  Jiqqa yoshga to'lgan ko'z bilan,
  Yo'l olasan uzoq ellarga.
  Yugiraman poyezd ortidan,
  So'zlar uchar sovuq yellarga.
  
  
  
  Chirpiraydi poyimda xazon,
  Dekabrning bodlari yelar
  Xuvillagan perronda turib,
  Poyezd kabi chinqirgim kelar.
  
  
  
  
  
  1992 yil , dekabrь , Toshkent Talabalar shaharchasi.
  
  
  
  
  Otamga maktub
  
  
  
  
  Qo'nolmay uchadi kuzgi chumchuqlar,
  Gala - gala bo'lib girdibodimda.
  Charx urib osmonda misli urchuqlar,
  Aylanib uchgani hamon yodimda.
  
  
  
  Ota, o'zing betob yotganingda ham,
  Doim farzandlaring g'amini yeysan.
  Tuzalsam, poshshodan - o'g'limni yurtga,
  Qaytaringlar deya so'rayman - deysan.
  
  
  
  Qo'ylar oxuriga solasan pichan,
  Shoshilmay odimlab, qo'lingda xassa.
  Sandalda yotasan kitobim o'qib,
  Tumanli bog'larni qirovlar bossa.
  
  
  
  Gohida sohilga borarsan yolg'iz,
  Izlaring yomg'irli yo'llarda ivir.
  Men esa xorigan mudroq shaharda,
  Soyaday bukchayib yozaman shivir.
  
  
  
  
  
  2009 yil, 15 may. Kunduz soat 12 dan 45 minut o'tdi.
  
  
  
  
  SADOQATLI ChIRILDOQ
  
  
  
  
  Oqshom. Dala xovli, o'yga cho'masan,
  Xonang derazasin bog'larga ochib.
  Menchi kiprik qoqmay turaveraman.
  Ering kelganda ham ketmayman qochib.
  
  
  
  Esingdami, seni firoq o'tida,
  Kuydirib bir zamon ketgandim o'lib.
  Mana, tag'in qaytib keldim yoningga.
  Qaytadan tirilib, chirildoq bo'lib.
  
  
  
  Xovlingda buncha ko'p bo'lmasa gullar?
  Yo bugun bayrammi? Gullar saylimi?
  Sevgilim, shu gullar ochilib yotgan,
  Xovlingda chirillab yursam maylimi?
  
  
  
  
  
  1999 yil , avgust ,
  Toshkent , tunggi soat 12 yarim .
  Do'rmon . Yozuvchilar ijod bog'i .
  1 - korpus , 3 - qavat , 52 - xona .
  
  
  
  
  
  
  QADRDON QIRG'OQLAR
  (Bolalikdagi qo'shnimizning qizi Guliga )
  
  
  
  Oqar edi daryo yoyilib,
  Sensiz go'yo yashardim xumda.
  Oyog'ingni o'pardi suvlar,
  Erir edi izlaring qumda.
  
  
  
  Uchrashganda telbalar kabi,
  So'zlasholmay qolardik tildan.
  Yo'llaringda muxtoj nigoxim,
  Uzoq edi sekundlar yildan.
  
  
  
  La'l, javoxir yulduzlar ila,
  Tun osmoni ketganda boyib.
  Uxlar eding baland so'rida,
  Sochlaringni daryoday yoyib.
  
  
  
  Dalalikda kesishgan yo'llar,
  Ko'zlarimdan mixlagan xoching.
  Qirg'oqlarim qo'porgan daryo -
  Yot yostiqqa yoyilgan soching.
  
  
  
  Balki hamon bizsiz soxilning,
  To'lqinlari bir - birin quvar.
  Qoradaryo oy laganida,
  Yulduzlarni oltindek yuvar.
  
  
  
  2006 yil , 8 iyulь , soat 14 dan 41 minut o'tdi .
  Bishkek shaxri , Sovetskaya ko'chasi ,128 -uy ,
  39 - kvartira . G'ariblikda yozildi .
  
  
  
  
  
  
  SIRLI MAKTUBLAR
  
  
  Daraxt menga yo'lni bo'shatgan,
  O'tganimda shu yo'ldan doim.
  Va daraxtning sarg'ayib ketgan
  Xatlariga ko'milgan poyim.
  
  
  
  Daraxt sho'rlik yozgan xatlarin,
  Kimdir olib o'qishin poylar.
  Maktublarin olis olisga,
  Olib ketar po'chtachi soylar.
  
  
  
  Sevib qolgan kimnidir daraxt,
  Sevgan yori yozmaydi javob,
  Xatlarini yashirib, karaxt,
  Yig'lab - yig'lab etmaydi tavof.
  
  
  
  Daraxt har yil yozaveradi,
  Siyox, dastgox, qalam, dovotsiz,
  Xatlarini xech kim o'qimas,
  Uning sevgilisi savodsiz.
  
  
  
  
  
  1991 yil , kuz , Toshkent shahri.
  
  
  
  
  Qishloq sog'inchi
  (Hamqishlog'im O'lja akamga)
  
  
  
  
  1
  
  
  O'riklar gullagan oydin sukunat.
  Sholipoyalarning tiniq suvlariga
  Cho'kib ketar oyning chinni tovog'i.
  
  
  Tun - qop -qora niqobli ninza
  U sochib tashlagan somon yo'liga
  Yulduzlarning po'lat tikanaklarin...
  
  
  2
  
  
  
  Daryo o'rtasida biz sevgan orol
  Qushlar shovqiniga to'lgan to'qayzor
  Aylanibdi bugun sholipoyaga.
  
  
  Qushlarga qo'nalg'a bo'lmasin deya
  Sholipoya chetidagi yolg'iz jiydani
  Bolta bilan kesib tashlabdi kimdir.
  
  
  Qushlar gala -gala bo'lib,
  Issiq o'lkalarga uchib ketgandir.
  Qushlar qishga g'amlamaydi don.
  
  
  Dexqon o'rilgan sholilarini
  Qayig'iga yuklab,
  Tumanli daryoda yolg'iz bir o'zi
  Suzib borar balki qirg'oqqa tamon.
  
  
  
  Tumanli yulg'unzor tamonda balki
  Yomg'irlar tilida pichirlab yig'lar
  Qushlar shovqinini sog'ingan sohil.
  
  
  3
  
  
  Laylakqor gupillab yog'ayotgan on
  Oppoq unga belangan tegirmonchiday,
  Ko'chamizdan o'tar tungi yo'lovchi.
  
  
  Qirov uvildirig'i qoplagan
  Tongi haybatli teraklar!
  Tepsang ulardan
  Guvillab tushadi bulutday ko'chki.
  
  
  Sochlari oqargan sozanda shamol.
  Chalar qorli dala simfoniyasin.
  Qor qoplagan dalada esa
  Valьsga tushadi yolg'iz qorquyun.
  Qish- oppoq royalь.
  
  
  4
  
  Oydinda gullagan
  O'riklarning oppoq gulpallalari
  To'kilib, yerlarni oqartirganda
  Oyning oppoq shu'lalariga
  Belangan yo'lovchi o'tar ko'chadan
  Xorg'in, o'ychan tegirmonchiday.
  
  
  Kesilgan jiydaning o'tkir tikonlari
  Oydinda yaltirar
  Tun - qop -qora niqobli ninza
  Somon yo'liga sochib yuborgan
  Yulduzlarning po'lat tikanagiday.
  
  
  Daryo o'rtasidagi orol tamonda esa
  Endi tishi chiqqan go'dak misoli
  Jiyda nihollari yozadi kurtak.
  
  
  Sholipoyalarning tiniq suvida
  Sinib yotgan mahal oyning tovog'i.
  
  
  
  
  
  27 fevralь, 2013 yil.
  Kunduz soat 11 dan 32 daqiqa o'tdi.
  Kembridj shahri, Kanada.
  
  
  
  
  TOShBITIK
  
  
  Faqat osmon bilan tirikmas inson,
  Yashab bo'lmaydiku qadrdon yersiz.
  ' Yashasa bo'ladi ' deyishing mumkin,
  G'arlar yashaganday jaxonda ersiz.
  
  
  
  Yashab bo'lar dersan quyoshsiz xatto,
  Oydin dalalarsiz, tumansiz, qorsiz.
  Vatansiz va Erksiz, tutqun qul bo'lib,
  Yashash ham mumkindir g'urursiz, orsiz
  
  
  
  Hatto xudosiz ham yashamoq mumkin.
  Yashashing mumkindir olamda mensiz.
  Qabrtoshim urib, qarg'ama, chunki,
  Men yashay olmadim dunyoda sensiz.
  
  
  
  
  
  2000 yil , 8 iyulь , Maslaxat qishlog'i.
  
  
  
  
  ZOR - INTIZOR
  
  
  
  
  Qurg'oqchilik kunlari keldi,
  Saxro kabi qaqragan ko'zga.
  Bu dunyoda, sevgilim endi,
  Go'zal so'z yo'q ismingdan o'zga.
  
  
  
  
  Kengliklarga chiqib ketaman
  Sog'inchlaring qiynasa yomon,
  So'zanaklar tentirab uchgan,
  Jim , kimsasiz dalalar tamon.
  
  
  
  
  Oqshom tushib yaraqlaydi oy,
  Shu'lalarga belanar kiftim.
  Yulduz to'la poyonsiz u joy,
  Dur - javoxir qadalgan shiftim.
  
  
  
  
  Qurillaydi baqalar mayus,
  Sohilda tun etagin teshib.
  Yuksaladi ko'klarga ruhim,
  Oy nuridan arqonlar eshib.
  
  
  
  1999 yil , avgustь . Maslaxat qishlog'i.
  
  
  
  
  BALKI
  
  
  
  
  Kuzgi shamol va maxzun xayol,
  Chizging kelar tasvirin bo'zga.
  Cho'kar moviy dubulg'a - osmon,
  Kuzga o'xshab ketguvchi ko'zga.
  
  
  
  Ko'rdim ko'zing tubida g'amni,
  Arzir edi yig'lasam uvlab.
  Yupun bog'lar bag'ridan uchgach,
  Barglar ketdi shamolni quvlab.
  
  
  
  Sochlaringday uzun dardlaring,
  Qoshlaringda yillar kuyasi.
  Ko'zing qiri xanjarday o'tkir
  Kipriklaring ko'zyosh uyasi.
  
  
  
  Balki sen ham muxojir qushday,
  Uchib ketib qolarsan zumda.
  Izlaringda daryolar ingrab,
  Suvlar yig'lar yugirib qumda.
  
  
  
  Balki endi sensiz o'larman,
  Balki o'lmay kirarman yuzga.
  Termularman balki sog'insam,
  Ko'zlaringa o'xshagan kuzga.
  
  
  
  
  
  2001 yil , avgustь. Maslaxat qishlog'i.
  
  
  
  
  SENI UNUTMAYMAN
  
  
  
  
  Tumanlardan chiqib kelasan,
  Lek kirmaysan ostona xatlab ,
  Men bir umr yeta olmagan,
  Olis orzu , muqaddas matlab .
  
  
  
  Sen o'tasan ortinga boqmay,
  Tashlab asta iloxiy odim.
  Izlaringda men emas , go'yo,
  Qolar ruhsiz yuz yilgi yodim.
  
  
  
  Yuksalganday bo'lasan ko'kka,
  Dalalarni yoritgan oydek .
  Men bir chetda qolib ketaman,
  Oy yorug'i tushmagan joydek .
  
  
  
  Termulaman seng ketgan yo'lga ,
  Tumanlarga belanar jisming ,
  Derazaning oynasin kuxlab,
  Xovurlarga yozaman isming .
  
  
  
  1991 yil , dekabrь . Toshkent .Talabalar shaharchasi, 14 -yotoqxona.
  
  
  
  
  Hotira
  
  
  
  
  Unutmayman endi hech qachon,
  O'sha qayg'uli tongni.
  O'chgan chiroqlarni,
  Oqarishib kelayotgan
  Olachalpoq osmonni,
  Yiroqlarni.
  Fil suyagi kabi
  Oppoq qo'llaru
  Shunday jussani.
  Muyulishga yetganimda
  Ko'zim girdobiga
  Cho'kkan g'ussani.
  Endi u joylarga bormayman,
  Borsam,
  Shamollar yig'laydi
  Qamish tilida.
  
  
  
  
  Sirdaryo
  ( Sohiba Ashurovaga)
  
  
  Suv ichgani kelgan kiyikdek,
  Oyoq qo'yding toshli sohilga.
  Va termulding g'alayon solib,
  Toshlarga bosh urgan johilga.
  
  
  
  Qatra - qatra ko'z yoshing to'kib,
  Xasratingni suvlarga aytding.
  Sirlarimni saqlagil, daryo -
  Deb sohildan ohista qaytding.
  
  
  
  Ko'zimda yosh, xasratga to'lib,
  Men dardingni tushunib yetdim.
  Va ayrilmas sodiq do'st bo'lib,
  Sirlaringni oqizib ketdim.
  
  
  
  1996 yil, kuz. Andijon shahri.
  
  
  
  
  Kuzgi sohil
  
  
  
  
  Bulutlar suruvi samoni bosdi,
  Yunglari jamalak, yo'qdir tuyog'i.
  Bu ochko'z suruvning dastidan, rosti,
  Qolmabdi osmonning qamish, qiyog'i.
  
  
  
  Daryo lablarida chiridi naylar,
  Hayratdan osmonga baqraydi dala.
  Jannat qushlariday bargi hazonlar,
  Uchib o'tib ketdi gala va gala.
  
  
  
  Za'faron tanazzul, beqadr chervon,
  Namchil yo'laklarga yopishgan yorliq.
  Daraxt olomoni - sassiz g'alayon,
  Yomg'irlarda shishib yig'laydi borliq.
  
  
  
  Vaqt botqog'ida bijg'iydi yillar,
  Daraxtlarni tutdi jimlik uvoli.
  Sen esa kelmaysan, vaqt imillar,
  Sovuq zulmatlarda hijron shamoli.
  
  
  
  Chirpirab to'zg'iydi qaxrabo xazon,
  Bezovta qushlarning vaxshiy bo'roni.
  Xazonga ko'mildi chetanli qo'rg'on,
  Olisda o'rmalar poyezd iloni.
  
  
  
  To'lqinlar to'ymaydi qumloqni yalab,
  Chorloqlar chiyillab shovqin soladi.
  Gulxanga boqaman, she'rlarim qalab,
  Hademay ko'zyosh ham qaynab qoladi.
  
  
  
  
  
  12 noyabrь, 2004 yil. Yarim tun. Andijon shahri.
  
  
  
  
  
  
  Bolalik
  ( To'bo xola xotirasiga)
  
  
  
  
  Chetan chavra bilan o'ralgan bog'lar,
  Bog'da giloslarning bag'ri qonaydi.
  Yilg'inzorlar yelda tebrangan chog'lar,
  Kakku mening qolgan umrim sanaydi.
  
  
  
  G'urillaydi tolzor tamonda g'urrak,
  Traktor kemaday tashlaydi langar.
  "Chiy o" lab xangraydi yaylovda eshak,
  Uzoq -uzoqlarga ovozi singar.
  
  
  
  Dala yo'lda moped qo'yganday poyga,
  Tirillar, ko'tarib uzoqlarda chang.
  Tepalikda elni chaqirib choyga,
  Oshpaz To'bo xola ura boshlar zang.
  
  Tang! Tang! Tang! Tang!
  
  
  
  
  QO'ShIQ
  
  
  
  
  Yulduzlar yaraqlab porlayveradi,
  Ularning changini xech kimsa artmas.
  Uzoqlardan imlab, chorlayveradi,
  Koinotga sening borishing shartmas.
  
  
  
  Zaminning eng go'zal daraxti uchun,
  O'tkazilsa agar tanlov, ko'riklar,
  Birinchi o'rinni olmasin nechun,
  Bahorda gullagan qantak o'riklar.
  
  
  
  Yellar ish oshirar kelinchaklarga,
  O'rik gulpallasin to'kib, erkalab.
  O'rik gullayverar oppoq qo'shiqni,
  Qarsagu olqishlar qilmaydi talab.
  
  
  
  Bu gala kontsertga kirishing mumkin,
  Bo'lmasa ham chiptang, puling yo tillang.
  Oppoq qo'shiqlardan ochilar shul kun,
  Ruhing kapalagi berkingan pillang.
  
  
  
  2004 yil, bahor, Andijon.
  
  
  
  
  QIZIQ DUNYo
  
  
  
  
  Qorong'udan chiqib qorong'ulikka,
  Ketguvchi umrlar aylana chiziq.
  Tsirkulga o'xshaysan buning ustiga,
  Shar ustida yashash undan ham qiziq.
  
  
  
  Qiziq tuyularkan yer - bepul uchoq.
  Doim xizmatingga tursa shaylanib.
  Sen borib yurmasang. ochgancha quchoq,
  Fasllar yoninga kelsa aylanib.
  
  
  
  Qiziqda, bir umr koinot bilan,
  Qo'shilib aylansang, aylansang yerga.
  Undan ham qizig'i, bu voqeani.
  Kimdir aylantirib yuborsa she'rga.
  
  
  
  
  
  2000 yil 28 iyulь , yarim tun .
  Maslaxat qishlog'i .
  
  
  
  
  DENGIZDA
  ('Istanbul ilhomlari ' turkumidan )
  
  
  
  
  Emmonoel bo'g'ozi, Tamsil, Eskudar,
  Otmoqda yomg'irli Istanbul tongi.
  Marmaraning moviy sohili qadar,
  Yangrar kemalarning xasratli bongi.
  
  
  
  Dengizlar ortida qolgan Vatanim,
  Sog'indim Masjidu minorlaringni.
  Sog'indim, ey unib, o'sgan maskanim,
  Kuzlar lovullatgan chinorlaringni.
  
  
  
  Sovuq shamol esar, izillab, qaqshab,
  Kema chayqaladi, g'ijirlar eshik.
  To'lqin allalaydi onaga o'xshab,
  Dengiz -dunyodagi eng ulkan beshik.
  
  
  
  Chuvvos solib uchar ko'kda chaykalar,
  Halal berib xayol -girdibodimga,
  Qiy -chuv qilib, suron ko'tarib alar,
  Olis bolalikni soldi yodimga.
  
  
  
  Men uyg'oq boqaman kengliklar tamon.
  G'amlarga topolmay bo'yinturuqlik.
  Suv yuzida yarmi ko'rinib turgan,
  Qo'rqinchli maxluqqa o'xshar quruqlik.
  
  
  
  1999 yil, dekabrь. Turkiya. Istanbul.
  Marmara dengizi.
  
  
  
  
  
  
  
  
  Hayrat
  
  
  
  
  Savalasa borliqni yomg'ir,
  Gullar qo'rqib egar boshini.
  Bog' soyasi ko'lmakka sho'ng'ir,
  To'ksa bahor sevinch yoshini.
  
  
  
  Shiddat bilan aylansa birdan,
  Yomg'ir selga, kuchli jalaga.
  El qochadi shiyponga qirdan,
  Ketmonini tashlab dalaga.
  
  
  
  Derazadan qaraydi ular,
  Borliq minar xayol otiga.
  Sharsharadek shiddatli jala,
  Tinsa yaxshi inson zotiga,
  
  
  
  Osmon toza, bulutlar ketgan,
  Qushlar sayrar tillari biyron.
  Dov daraxtlar o'zi aks etgan,
  Ko'lmaklarga qaraydi hayron.
  
  
  
  
  
  
  
  22 oktyabr, 2014 yil.
  Kech soat 8 dan 00 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Enamni yod etib
  
  
  
  
  
  
  Bo'yi pastakkina Fotima enam,
  Og'zida bor edi bir dona tishi.
  Ko'rpa qavir edi mehribonginam,
  Paxtani savalash sevikli ishi.
  
  
  
  
  G'ippa -g'ippa urar edi paxtani,
  Qilichday savacho'p o'ynar dastida.
  Nazarimda enam go'yo maqtanib,
  O'ltirardi oppoq bulut ustida.
  
  
  
  
  Bulutlarga boqsam ba'zi minutlar,
  Xo'rlik vujudimda qo'zg'aydi maxshar.
  Osmonni to'ldirib suzgan bulutlar,
  Enam savalagan paxtaga o'xshar.
  
  
  
  
  
  
  
  24/09/2014.
  Kunduz soat 12 dan 10 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Qaldirg'och
  
  
  
  
  Yer bag'irlab uchgan qora qaldirg'och,
  Xalqimday daladan rizqing terasan.
  Tongda simga qo'nib, qanoting qiyg'och,
  O'tkir qaychi kabi kerasan.
  
  
  
  Hajrrrr -ajrrrr! -deya o'qiysan duo,
  Aks -sado berar Xudoning arshi.
  Yer bag'irlab rizqing izlab doimo,
  Charx urib uchasan shamolga qarshi.
  
  
  
  Kuzda ketganingni sezmay qolar el,
  Hattoki ortingdan yursa ham poylab.
  Tinmay qanot qoqib, tunu kun yengil,
  Ummonlar ustidan uchasan oylab.
  
  
  
  Qarilik ham seni to'solmas yo'ldan,
  Bilmaysan quvvating qaygacha yetar.
  Uy olib Maslaxat yo Oltinko'ldan,
  Biz kabi bir joyda yashasang netar?
  
  
  
  Har bahor xalloslab qaytib kelasan,
  Qishlasangda Misr va yoki Chinda,
  Chug'ur chug'ur sayrab, zavqqa to'lasan,
  Loylar marjonidan qurilgan inda.
  
  
  
  Loyni iylarmishsan so'laging bilan,
  Bu qanday guvalak, ayt, qanday usul?
  Ko'lmaklarda goho aytgancha o'lan,
  Taxorat olasan, qilarsan g'usl.
  
  
  
  Hayoting sirlarga sinoatga boy,
  Eshitdim, sen yana kelibsan qaytib.
  Yana in quribsan, tumshug'ingda loy,
  Bizni xasharga ham qo'ymabsan aytib.
  
  
  
  
  
  24 may, 2014 yil.
  Tungi soat 1 dan 17 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  ADIQOQAR
  
  
  
  
  
  
  Shabnamlarda cho'milsa chaman,
  Quyosh ufqqa bosh qo'ygan chog'da.
  Uzun egri tayog'im bilan,
  Shaftolingni qoqardim bog'da.
  
  
  
  
  Jilmayarding muhabbat to'la,
  Ko'zlaringa termulib boqsam.
  Shodlanarding oppoq va bo'la,
  Shaftolingni to'xtamay qoqsam.
  
  
  
  
  Kiyib boshga shlyapa shapka,
  Sezar edim o'zni Pushkinday.
  Yarim kecha ustinga tappa,
  Uy shiftidan sakrab tushkunday.
  
  
  
  
  Esingdami, oy porlagan shom,
  Bordim asta o'xshab eringa.
  Erim kuchga to'ldi deb mudom,
  Shodlandingku sig'may teringa.
  
  
  
  
  Yelim xalta borki odamzod,
  O'lmas og'ir dardga chalinib.
  -Qoqar aka, bo'ldi! -deb hayhot,
  Sen to'xtatding meni yalinib.
  
  
  
  
  Shaftolingni qoqmasa ering,
  Yurgandirsan tunlar urishib.
  Shaftoling ham, tomorqa yering,
  Yotgan bo'lsa kerak burishib?
  
  
  
  Yo'lga boqib, kipriging namlab,
  Ko'zlaringning qolgandir oqi.
  Balki tomda qishlikka g'amlab,
  Shaftolingdan solarsan qoqi.
  
  
  
  
  
  
  28 may 2014 yil.
  Kunduz soat 3 dan 19 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Bahor qo'ng'irog'i
  
  
  
  
  Botargoxda oqshom qushlari,
  Bog'lar quloq pardasin yorar.
  Shovullagan terak uchlari,
  Qip -qizil cho'g' singari yonar.
  
  
  
  Aytib yig'lar iskaptoparlar,
  Oh chekishdan bormikin foyda?
  Osmon to'la javoxir va la'l,
  Cho'kib yotar bir qismi soyda.
  
  
  
  Uysiz itlar akillab, daydir,
  Porlar minglab chiroq chivini.
  Dov daraxtlar uxlashga shaydir,
  Oy yoritar sohil suvini.
  
  
  
  Suvchi o'nglar suvlar yoqasin,
  Osmon - qozon, zulmat kuyali.
  Bahor qurillatar baqasin,
  Uning telefoni uyali.
  
  
  
  
  
  30 dekabr, 2011 yil.
  Kunduz 11 dan 11 daqiqa o'tdi.
  Toronto shahri Kanada.
  
  
  
  
  Yomg'ir
  
  
  
  Keldi uzoq kutilgan fasl,
  Chirib ketdi qorlar kafani,
  O'zi yum -yum yig'lab, muttasil,
  Ovutadi yomg'ir xafani.
  
  
  
  
  Yo'llar egri ko'zgu, qayrilgan,
  Kim avtobus, kim kutar taksi.
  Ko'lmaklarda esdan ayrilgan,
  Dov -daraxning parishon aksi.
  
  
  
  
  Oynaband shoxbekatda avom,
  Yo'lga boqar nenidir o'ylab,
  Yomg'ir esa quyar bardavom,
  Nelarnidir shivirlab, so'ylab.
  
  
  
  
  Yomg'ir qushmi, tumshug'i sinmay,
  Derazangni tirnab, cho'qiydi.
  Hozir yozgan she'ringni tinmay,
  U pichirlab, yig'lab o'qiydi.
  
  
  
  
  4 aprel, 2014 yil.
  Kech soat 5 dan 1 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Uchrashuv
  
  
  
  
  Shamol, seni tanidim, ishon,
  Bu sen, o'sha dalada esgan.
  G'ir -g'ir esib, aqli parishon,
  Jazirama taftini kesgan.
  
  
  
  
  Hamqishloqlar omonmi, shamol,
  Unarmi el ekkan ziroat?
  Yomon ko'rma, olmagin malol,
  Hasratimni qilsam qiroat.
  
  
  
  
  Vatandoshim qadrdon shamol,
  Senga aslo kelmas xasadim.
  Uchirib ket Vatanim tamon,
  She'rlarimdan varrak yasadim.
  
  
  
  
  Shamol, bormi daryo kechuvi,
  Biz qo'y, sigir haydab o'tgan joy?
  Yaltirarmi daryoning suvi,
  Qo'rg'onlasa sukunatda oy?
  
  
  
  
  Cho'chqaxona haliyam bormi?
  Shovullarmi teraklar hamon?
  Yolg'izoyoq so'qmoq eltarmi,
  Odamlarni sohilga tamon?
  
  
  
  
  Balki bulutlarning tubida,
  Oy siynasi qolsa ochilib.
  Shaffof sholipoya suvida,
  Ming -ming yulduz yotar sochilib?
  
  
  
  
  Kechir, yo'ldan qo'ydim nahorda,
  Gigant edim, uyga sig'madim.
  Ummon orti, ulkan shaharda,
  Shamol, seni tanib, yig'ladim.
  
  
  
  
  
  
  25 aprel, 2014 yil.
  Kunduz soat 5 dan 0 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Muhojir
  
  
  
  
  Ko'zlarim sevgimiz ko'milgan qabr,
  Ko'z yoshim ellik yil saqlangan boda.
  Turnalar olislab ketgach, negadir,
  So'ppayib qoldim men yetim dunyoda.
  
  
  
  Endi zulmatlarda shamol chekar oh,
  Yalong'och novdalar chaladi burg'u.
  Isiriq tutatar bog'da tiyramox,
  Ilohiy shovqinga yomg'irlar urg'u.
  
  
  
  Shu kecha qish kelar, bo'ron qo'zg'otib,
  Qalin qor qoplaydi o'rmonni demak.
  Tumanda turtinib, qorlarga botib,
  Tongda bo'rsiqlarga eltiyman yemak.
  
  
  
  
  
  
  5 avgust, 2011 yil.
  Tungi soat 11 dan 52 minut o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Tungi osmon
  
  
  
  
  Kal deb hazil qilsam gohida,
  Ketib qolma, arazlama, oy.
  Cheksiz osmonlarning toqida,
  Yulduzlarga yetishmaydi joy.
  
  
  
  Ular imo - ishora qilar,
  Aytgan so'zin qiyin anglamoq.
  Birov artgan kabi yaltirar,
  Yulduzlarga yotdir zanglamoq.
  
  
  
  Miltillashar misoli g'ussa,
  Suvlar yerga yozilgan chitday.
  Tonga yaqin yulduzlar pishsa,
  Ummonlarga to'kilar tutday.
  
  
  
  
  
  26 aprel, 2014 yil.
  Kech soat 7 dan 17 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Oy bilan suhbat
  
  
  
  
  Hadeb derazamdan qarayverma oy.
  Qolmadimi odob, hayo va sharming?
  Sendan berkingali topolmayman joy,
  Kim seni kemtidi, nega yo'q yarming?
  
  
  
  Boshqa derazalar ketganmi qurib,
  Boqsangchi qoraygan qo'shni darchaga?
  Ko'rpaga o'ranib, uyquni urib,
  El xurrak otmoqda, qattiq charchagan.
  
  
  
  Yalangbosh yurasan tun bo'yi daydib,
  Archilgan tuxumday yaltirar boshing.
  Nahot mangu o'sib chiqmasa qaytib,
  Ustarada taglab qirilgan qoshing?
  
  
  
  
  
  13 mart, 2014 yil.
  Kech soat 7 dan 35 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Oydin oqshomlar
  
  
  
  
  Xovlimizda kuzgacha endi,
  O'sar balki burgan, sho'ralar.
  Xuvillagan xonamga tunda,
  Oy darchadan g'amgin mo'ralar.
  
  
  
  
  Baqalarning shivirlab aytgan,
  Qo'shiqlarin tinglaydi chiroq.
  Chiroq emas, sog'inch sarg'aytgan,
  To tongacha bo'zraygan firoq.
  
  
  
  
  Xayol gilos gullarimisol,
  To'zg'ib ketar edi saboda.
  Oydin kecha o'g'rincha visol,
  O'ynar edi sochin shaboda.
  
  
  
  
  O't -o'lanlar ichra chekib oh,
  Chirildoqlar chirillar edi.
  Do'stlar, meni yolg'izlikda goh,
  Chidab bo'lmas sog'inchlar yedi.
  
  
  
  
  
  
  7 mart, 2014 yil.
  Tungi soat 1 dan 17 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Vatan hajri
  
  
  
  
  Bolalik berkindi kakku oh chekib,
  To'rg'aylar to'liqib sayragan joyga.
  Oshpaz To''bo xola do'nglikka chiqib,
  Hamon odamlarni chaqirar choyga.
  
  
  
  Qushlar shovqinidan qulog'ing bitar,
  Osilar shomlarning og'ir qabog'i.
  Sohil suvlariga cho'kkancha yotar,
  Ko'kdan tushib singan oyning tovog'i.
  
  
  
  Eh, ona qishlog'im, ota makonim,
  Yaqinsan, sen menga juda yaqinsan.
  Sen bahor shomida hasratli va jim,
  Ufqlarda chaqnagan moviy chaqinsan.
  
  
  
  
  
  20 yanvar, 2014 yil.
  Kunduz soat 1 dan 43 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Qorbo'ron
  
  
  Qorga botdim tizzamga qadar,
  Muzlab qoldi havoda so'zim.
  Qor shopirgan bo'ronda badar,
  Ildamlayman yolg'iz bir o'zim.
  
  
  
  O, aqldan ozayotgan qor,
  Harir parda, ilohiy to'siq.
  Chirpirayver yorug', intizor,
  Mangu mahzun, adoqsiz qo'shiq.
  
  
  
  Sen ko'zlari oppoq oqargan,
  Dunyoda eng buyuk so'qirsan.
  Ko'cha fonuslarin yoqarkan,
  Shivirlaysan, she'rlar o'qirsan.
  
  
  
  
  Uyqu kelmas, kelar o'ylaging,
  Qorli kecha - umr tushdagi.
  Sudraladi, xarir ko'ylaging,
  Dalalarda shamol xushtagi.
  
  
  
  
  
  24 iyunь, 2014 yil.
  Kech soat 8 dan 2 daqiqa o'tdi.
  Kanada.
  
  
  
  
  Tun haqida
  
  
  
  
  1
  
  Tun shivirlamaydi.
  U faqat chinqiradi.
  Shunday chinqiradiki,
  Quloq pardalaring yirtilib,
  Qonab ketar edi eshitganingda.
  
  
  2
  
  Tun paranji - chimmatsiz
  Qip - yalong'och yotgan qop -qora juvon
  Uning sirlari ko'p go'zaldan - go'zal.
  Lekin go'zal emas hamma sirlari.
  
  Tunni hatto
  Telbalarcha sevish ham mumkin
  Faqat pinxona...
  Kunduzga sezdirmasdan deganday...
  
  
  3
  
  G'ajishga shaylanma yulduzlarni sen.
  Negaki, yulduzlar
  Sen o'ylaganinchalik kichkina emas.
  Ular ham o'ziga hos katta.
  Shu qadar kattaki,
  Ularni g'ajib tashlash uchun
  Bilasanmi, exheyeeyey!..
  Hech bo'lmasa, senga
  Koinotday og'iz,
  Meteoritdan yasalgan, o'ta mustaxkam
  Tishlar kerak bo'lar o'tkirroq.
  
  
  4
  
  Neandertal odamga o'xshab,
  Derazangdan olazarak qaraganingcha
  Xayollarga botasan.
  Rashk kelar
  Sevgiling to'lg'onib
  Tunlarning qo'ynida yotgani mahal.
  Tun esa - ayol.
  
  
  5
  
  Chiqib kelsa yoring tunning qo'ynidan,
  Rashk o'tida yonasan.
  Unda nega onang ham,
  Singling ham, qizing ham
  O'zing ham yotibsan tunning qo'ynida?
  
  
  6
  
  
  
  Uyg'on, galvars, tun qo'ynidan chiq!
  
  
  
  
  
  
  1993 yil, Andijon.
  
  
  
  
  
  
  MABODO
  
  
  
  
  Men bir it bo'lsaydim
  (Laycha yo ko'ppak)
  Zulmatli kuz kechasi
  Daryo ortidagi 'Lattaqishloq' da
  Bo'g'iq akkillardim
  Go'yo xum ichida xurayotganday.
  
  
  
  Tovushimni tinglab,
  Uxlab qolarding
  Ilinardi ko'zinga uyqu.
  
  
  
  Yoxud, bo'lsam edi sassiqpopishak
  Pupupub - pupupub - pupupub
  Pishsh shsh! - deya
  Olis uvotlarda sayrardim uzoq.
  Dexqonlar ishlashdan to'xtab, jilmayib
  Bir zum quloq tutardi menga.
  
  
  
  Yo bo'lmasa omadim chopib,
  Chigirtkaga aylanib qolsam,
  Oy porlagan oqshom
  Yozgi 'Qirg'izxoji' dalalarida
  Tunni zirillatib chirillar edim.
  
  
  
  Yoki deylik falokat bosib,
  Odam bo'lib qolsam kutilmaganda
  Katta - kon odam.
  
  
  
  Bolaligim kechgan
  Qoraqolpoqlar xutoridagi
  Cho'chqaxona xarobasidan
  Qarardim bepoyon mangu osmonga
  O'zimning naqadar muvaqqat, ojiz
  Zarra ekanimni anglamoq uchun.
  
  
  
  
  
  15 oktyabrь ,2006 yil ,yakshanba .
  soat 13 dan 58 minut o'tdi.
  Bishkek , Leningrad ko'chasi 35 uy.
  
  
  
  
  AYRILIQ
  
  
  
  
  'Yoqmasam, ka - a -a - atta ko'cha' deding,
  Ko'chaga chiqdim.
  Ko'cha jim - jit edi, kimsasiz, oydin.
  Men avvallari bilmas ekanman,
  Ko'chaning bunchalar
  Katta bo'lishin.
  
  
  
  
  
  2002 yil , 2 oktyabrь . Yarim tun .
  Andijon shaxri 4 - kichik daxa.
  
  
  
  
  ShUKRONA
  
  
  
  Olloxim, anavi yon qo'shnim borku,
  O'shandan degin,
  Belkurak oluvdim yer ag'dargani.
  O'sha qo'shnim bir soat o'tgandan keyin,
  Bergan belkuragin so'rab chiqibdi.
  Sen bo'lsang
  Tug'ilganimdan beri ishlatib yurgan
  Belkurakdan afzal qo'llarimni
  Mana, qirq yetti yildirki
  Qaytarib ber deya qistab kelmaysan,
  Yaqinda Komxozdan, B.T.I dan,
  Gorgazdan, Elektrosetdan,
  Soliq idorasidan
  Odamlar keldi
  Semiz - semiz popka ko'tarib.
  To'lov miqdorini eshitgach,
  Xushdan ketay dedim, ko'karib.
  Olloxim,
  Yaxshiyamki farishtalaring,
  Semiz - semiz popka qo'ltiqlab,
  Quyosh, yomg'ir ,shamol xaqini
  Surishtirib kelmas uyimga
  Yaxshiyamki nafas yo'limga
  Havo xisoblagich o'rnatmagansan.
  
  
  
  
  
  
  Bahor haqida
  (Chori Avaz xotirasiga)
  
  
  Bahor kelayotir.
  Hali hech kim yashamagan bahor.
  Bultur sening izlaring qolgan,
  So'qmoqlardan kelayotir ul.
  Ochiladi shubhasiz endi,
  Hali hech kim o'pmagan,
  Hali hech kim xidlamagan gul.
  
  Bahor kelayotir,
  Hali hech kim o'lmagan bahor...
  
  
  
  
  1993 yil . Toshkent shaxri .
  
  
  
  
  O'g'lim Azizbekka
  
  
  Magar o'lsam, xazin bo'zlab, xayr deb yig'lagil, o'g'lim,
  Zulmlarga chidab o'tgan chayir, deb yig'lagil ,o'g'lim.
  
  
  Kel, ey g'assol, ko'ray so'ng bor dadamning afti angorin,
  Yuzidan pardani bir zum qayir, deb yig'lagil, o'g'lim.
  
  
  Uning xarastlarin aytsam, ulus ko'z yoshini to'ksa,
  Bu suvda kemalar qilgay sayr deb yig'lagil, o'g'lim.
  
  
  Tiriklik chog'ida bir bor kelib ahvolini so'rmay,
  Tobut ustinda va'z aytma, g'ayr, deb yig'lagil, o'g'lim.
  
  
  Bugun hech bo'lmasa shundoq ulug' kun xurmati yorab,
  Dadamni shum g'animlardan ayir, deb yig'lagil, o'g'lim.
  
  
  Bu Vulqon portlagach, kul aylabon naynov g'animlarni,
  Bugun Jannat tamon uchgan tayr, deb yig'lagil, o'g'lim.
  
  
  
  
  
  
  
  1990 yil , Maslaxat qishlog'i .
  
  
  
  Chag'alay
  (Rauf Parfi xotirasiga)
  
  
  
  O'zining bor yetimligi bilan,
  Dalalar ustida porlayotgan oy,
  Uchburchak shaklli romga joylangan
  Sharlarni har yoqqa to'zg'itish uchun
  O'qlog' yordamida yo'naltirilguvchi
  Billiardning buzg'unchi soqqasi emas.
  
  
  
  U sovuq adirda yolg'iz va yupun,
  Shu'lalardan yuzi sarg'ayib
  Chiroq ko'tarib borayotgan.
  Soch - soqoli oppoq, bo'yni ingichka,
  Momaqaymoq to'zg'og'iga o'xshagan Rauf.
  
  
  
  She'riyatning tilla chig'irig'ida,
  Jon iplarin yigirgan vujud.
  
  
  
  Raufdan yigirib olingan
  Lojuvard nurlarning kalavasi oy.
  
  
  
  Xoy, sovuqdan tovoni yorilgan Rauf,
  Bankrotga uchragan merosxo'r kunda,
  Kundamas, kundada Quyoshning o'tkir,
  Olmos nuri ila kesilgan oyna
  Yo'llaringda bahor jarchisi bo'lib,
  Erib yotgan mahal ko'lmaklar,
  Eshkaksiz qayiqda yolg'iz bir o'zing,
  Sevinch ko'z yoshlaring kafanga artib,
  Begona tunlarga ko'chib ketibsan.
  
  
  
  
  Shig'alab yog'armi endi yomg'irlar?
  
  
  
  
  
  20 yanvarь , 2007 yil soat 11 dan 22 minut utdi
  Bishkek shaxri , Leningrad ko'chasi 35 uy.
  
  
  
  
  
  
  QAHRAMON
  (Hamqishlog'im , ikkinchi jahon urushi nogironi ,
  marhum Fozil ota xotirasiga )
  
  
  
  
  
  
  
  Guvillaydi bog'larda bo'ron,
  Tun qorong'i, tong hali yiroq.
  Pastak uyning mehrobi aro,
  Miltillaydi xira jinchiroq.
  
  
  
  
  Chol uzilgan tasmani ulab,
  Oyog'iga yuzli mix qoqar.
  Oyoq emas, ne desam ekan,
  Tuyog'iga mung'ayib boqar.
  
  
  
  
  Yoriladi, yog'och oyog'i,
  Chol ko'zidan yoshi tirqirar
  Qaylardadir zulmat qo'ynida,
  Qush odamga o'xshab chinqirar.
  
  
  
  
  Odam qushga o'xshab qiyqirar.
  
  
  
  
  
  1988 yil . Bahor . Maslaxat qishlog'i .
  
  
  
  
  
  
  TONGNI KUTIB
  
  
  
  
  Tumanlar qoplagan kuzgi bog'lardek,
  Hayotim xuvillab qoldiku sizsiz.
  Yorug', unutilmas, ma'sum chog'lardek,
  Jimjitlik qa'riga ketaman izsiz.
  
  
  
  Qadrdon dorvoza va baland devor,
  Meni tutib yeydi kimsasiz shahar.
  Xorg'in chiroqlarga termulib, bedor,
  Men sizni eslayman to subhi sahar.
  
  
  
  Qushlar egallaydi tong minbarini,
  Bog'larda yangraydi jarangdor sayroq.
  Atlas ko'ylagingiz etaklarini,
  Tongi shabbodalar qilganda bayroq.
  
  
  
  1991 yil , kuz , Maslaxat qishlog'i .
  
  
  
  
  
  
  BAHOR TONGI
  
  
  
  
  Bo'lmasa ham daryoda toshlar,
  Sinar oyning tongi tovog'i.
  Va ohista yorisha boshlar,
  Alvon ufqning zavr qobog'i.
  
  
  
  Termulaman bog'larga uzoq,
  G'amlar erir maxzun navoda.
  Qaylardadir ma'raydi buzoq,
  Pichan xidi suzar havoda.
  
  
  
  Oyna ko'zi ochilgan ko'rdek,
  To'lib - toshib sayraydi mayna.
  Go'yo tiniq ko'ldagi o'rdak,
  G'aqillaydi top-toza oyna.
  
  
  
  Sen xalinchak uchasan hamon,
  Yer atalgan bahaybat sharda.
  Derazalar ortida shamol,
  Yelkan kabi qabargan parda.
  
  
  
  
  
  
  1998 yil . May . Andijon shahri.
  
  
  
  
  Hayrat
  (Do'stim Asqar Maxkam xotirasiga)
  
  
  
  
  Kofarnihon kechuvlaridan,
  Sigir haydab o'tar bolalar.
  Quyosh botib, zulmat qa'rida,
  Uxlar shudring tushgan dalalar.
  
  
  
  
  
  
  Lekin mening ikki ko'zim ko'r,
  Axir, bunday emasdi dastlab.
  Bu yomg'irlar nega buncha sho'r?
  Osmon buncha ketibdi pastlab?
  
  
  
  Nega qalqib chiqmadi ko'z yosh,
  Osmonlarga boqqanim zaxot?
  Nechun hech kim otmay qo'ydi tosh?
  Maxluqlardan qutildim naxot?
  
  
  
  
  
  
  7 iyulь, 2008 yil, kunduz soat 5 : 29.
  Toronto shaxri. Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Kuz ilhomlari
  (Aruz vaznida yozilgan she'r)
  
  
  
  Voh, kuzgi daraxt shaklida hayronani ko'rdim,
  Yolg'iz va g'arib, bir dili vayronani ko'rdim.
  
  
  Jim - jit ko'chada o'ynadi raqqosa shamollar,
  Charx urdi hazon girvati, parvonani ko'rdim.
  
  
  Darcham yonidan o'tdi uchib yovvoyi g'ozlar,
  Hijron to'la dil aksida devonani ko'rdim.
  
  
  Qushlar uyasin tutdi daraxt shoxida, yo, Rab,
  Inlarga boqib g'am to'la paymonani ko'rdim.
  
  
  Za'far kapalaklar kabi uchganda xazonlar,
  Barglarga ko'milgan ko'cha , ostonani ko'rdim.
  
  
  Yo'llarga xazonlar to'shadi kuzgi Toronto,
  Boqqancha chinor bargiga Farg'onani ko'rdim.
  
  
  Qalbimda Xudo, Ka'baga o'xshaydi vujudim,
  Sipqorgali ishq bodasi - mayxonani ko'rdim.
  
  
  Do'st topmadi Vulqon bu jahon mulkida izlab,
  Har yerda g'anim, vaxshati begonani ko'rdim.
  
  
  
  
  
  
  
  26 oktyabrь, 2010 yil.
  Tongi soat 7 dan 35 minut o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Qarg'aga
  
  
  Qarg'a, seni tezakxo'r desak,
  Hafa bo'lma, olmagin malol.
  Chunki tezak ba'zi odamning,
  Luqmasidan ming bora halol.
  
  
  
  Qor qoplagan chorbog'larga boq,
  Kumush qordan daraxtlar bo'rki.
  Qarr! Qarr! desang tumanda shu chog',
  Go'zal qishning ortadi ko'rki.
  
  
  
  Seni yomon degan kimsaning,
  Komilligi emasdir yaxlit.
  Eng yaxshi qush o'zingsan, chunki,
  Bulbullarga qilmaysan taqlid.
  
  
  
  
  
  2008 yil, 30 iyulь, dushanba. Tungi soat 2 dan 04 minut o'tdi.
  Toronto shahri. Kanada.
  
  
  
  
  Kosmik muhojir
  
  
  Biz intildik osmonga mudom,
  Osmon esa tushibdi yerga.
  Uning suvda cho'milgan chog'in,
  Tasvirlasa sig'maydi she'rga.
  
  
  
  Zamin hamma narsadan pastdir,
  Deb o'ylama mafkurang buzib.
  Sen pastda deb o'ylagan narsa,
  Yurgan mahal kosmosda suzib.
  
  
  
  Raketada uchmadim deysan,
  Qo'y, ko'ksinga urmagil pichoq.
  Sen osmonavt, Yer esa qadim,
  HAQ yaratgan bahaybat uchoq.
  
  
  
  Eng qudratli raketalar ham,
  O'ynolmaydi Yer bilan poyga.
  Chunki yuz yil uchsa ham inson,
  Borar zo'rg'a bir metr joyga.
  
  
  
  Vaqti kelib ketar avlodlar,
  Minib lappak arobasiga.
  Bizni tashlab ona zaminning,
  Oy yoritgan harobasiga.
  
  
  
  Yashab o'zga olamlar aro,
  Tumanlikda gulhanlar yoqar.
  Va sog'ingan sayyorasiga,
  Olislardan mung'ayib boqar.
  
  
  
  11 iyunь, 2010 yil.
  Kech soat 5 dan 15 minut o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Bozorda
  
  
  
  Qo'yimizni sotayotganda ,
  Ko'zlarimdan chiqib ketdi yosh.
  Muxtojlikka la'natlar o'qib,
  Qo'ybozorda egib qoldim bosh.
  
  
  
  Mehr bilan manglayin silab,
  Rozi bo'lgin - dedim men qo'yga.
  O'sha qo'yni eslayman xamon,
  G'arq bo'lgancha xududsiz o'yga.
  
  
  Menku oddiy bir qo'yni sotib,
  Mijjam bo'ldi ko'z yoshga tikan,
  O'z xalqini sotganlarning ham ,
  Ko'zlaridan yosh chiqarmikan?
  
  
  
  
  
  
  1989 yil. Andijon.
  
  
  
  
  Kalishnoma
  
  
  O, orqasi yirtilgan kalish!
  Kiyilaverib maymayib, rangi o'ngib,
  Oqshayib ketgan kalish...
  
  Buncha og'zing katta bo'lmasa sening?
  
  Yoki yig'layapsanmi ovozsiz, xo'ngrab?
  
  Balki esnayotgandirsan
  Kinnachi kabi?
  
  Yoki kulayapsanmi mening ustimdan?
  
  Kim biladi,
  Balki,
  Qo'shiq aytayotgandirsan
  Bir paytlar og'zinga kirgan
  Oyog'imni sog'inib, qo'msab...
  
  
  
  
  
  23 may, 2008 yil.
  Kunduz soat 12 dan 56 minut o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  Ilmoq
  
  
  Siz nazarga ilmaysiz meni,
  Yaxshiyam ilmaysiz
  Ilsangiz agar,
  Elu xalqqa kulgu bo'lardik.
  
  Chunki, men novchaman.
  Nazaringiz esa
  Haddan ziyod past.
  
  
  
  
  
  2001 yil, 21 yanvarь, tungi soat 9 dan 21 minut o'tdi.
  Tashqarida qor yog'yapti. Maslaxat qishlog'i.
  
  
  
  
  
  
  Ayo soqiy
  (Hofiz Sheroziy g'azaliga Xoldor Vulqon muhammasi)
  
  
  
  
  
  Yuzin ko'rgim kelur har on, bu hijron lahzasi yillar,
  Firoq sahrosida qiynab, ko'zimga tortadir millar,
  Azobim yuklasam nogox, chidolmay chinqirar fillar,
  Ayo soqiy sunib joming qil ehson, yashnasin dillar,
  Ko'rundi avval ishq osonu so'ngra tushdi mushkullar.
  
  
  
  
  Vujudim rishtasiiga tim qaro soch tolasii bandkim,
  Labiining bolidin sharmandadir novvot ila qandkim,
  Junun sahrosida chekkan azobim Qays uchun pandkim,
  Sabo yechmoqchi bo'lgan soochining xushbo'yiga ontkim,
  Muanbar xalqa - xalqa soochidin qon bo'ldi bu dillar.
  
  
  
  
  Muhabbat rozinii dilbar kelib sirri nihon aytsa,
  Qulog'imga pichirlab, jilmayib shirin suxon aytsa,
  G'anim ko'z yoshiga cho'kkay chekib oxu fig'on, aytsa,
  Botir sajjodanii mayga agar piri mug'on aytsa,
  Yo'lovchiga erur ma'lum yo'l ahvoli va manzillar.
  
  
  
  
  Sanam mujgonidan paykon kelib sanchilsa gar bir dam,
  Jigar sadporalar bo'lg'ay berolmas hech kishi yordam,
  Magar hoziq tabibim yor, tirilgay so'zlasa murdam,
  Menga yor uyida ishrat qurish imkoni yo'q har dam,
  Qilurkan qo'ng'iroq faryood, bog'lang yukni g'ofillar.
  
  
  
  
  Ayo ey dil tilab vaslin yutarsan qon ila zardob,
  Qo'yar joninga o't dilbar kiyib qirmiz qabo zarbob,
  Bu yo'lga kirma deb ogoh etibdur ishq elin arbob,
  Qorong'udir kecha qo'rqinchli mavj, daxshatlidir girdob,
  Na bilg'ay holimizni chetda turgan yuuki yengillar.
  
  
  Falakning charxi kaj , undan muruvvat kutma, ey Hofiz,
  Zaminnii titratib Vulqon kabi qon yutma, ey Hofiz
  Kezib sahro biyobonlar aro yo'l tutma, ey Hofiz,
  Agar vasl istasang undan uzoqqa ketma, ey Hofiz,
  Tilakni izla, qo'y dunyoni, ber orzuga tabdillar.
  
  
  
  
  
  
  
  23 may, 2010 yil.
  Tungi soat 12 dan 45 minut o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  AKME
  
  
  
  
  Jimirlaydi xazina osmon,
  Osmon 'O' simon.
  Yo'qlik ramzi nolь raqamiday.
  'O' simon ummon.
  Unda miltillaydi
  Yulduzlarning sonsiz uvildirig'i.
  Uvildiriqlar aro suzar,
  Ko'zlari o'yilgan,
  Tili kesilgan,
  Zulmatni yoritgan oyning kallasi.
  Siz aslo qo'rqmang,
  O'zingizni qo'lga oling.
  So'ng o'zingizni o'zingiz
  Xonaga qamab
  Eshikni zanjirlab
  Tongacha uxlang.
  Tongda tirikligingizni
  Anglamoq uchun
  Devorga osilgan
  Ko'zguga kuxlang.
  Agar paydo bo'lsa ko'zguda xovur,
  Qo'ni-qo'shnilarni chaqiring.
  So'ng ularga:
  -Garov o'ynaysizlarmi,
  Men tirikman! - deya baqiring.
  Lekin Baxt qushining tuxumidan,
  Quymoq qilmang zinxor ba zinxor.
  Tuxumlarni bostiring.
  Ochib chiqsa,
  Qirg'iylardan qo'ring ularni.
  Baxt qushining jo'jalari
  Ko'payib ketsin.
  Hamma baxtli bo'lsin Vatanda.
  Baxt nolib yurmasin baxtsizligidan,
  Hafa bo'lib yurmasin shodlik.
  Ovqat och qolmasin,
  Kiyim yalong'och.
  Suvlar chanqamasin.
  Olov sovqatmasin qaltirab - qaqshab!
  
  
  
  
  SOVG'A
  
  
  
  
  Qutlayman tavallud ayyoming bilan,
  Sen quvnoq yashading gullarni xidlab.
  Quruq kelganim yo'q men ham yoninga,
  Kutilmagan sovg'a keltirdim didlab.
  
  
  Hayoting sayoxat, taoming asal,
  Senga yot achchiqlik - qalampir -quzoq.
  Ozor ne bilmading, ozor bermading,
  Yashading dunyoda juda ham uzoq.
  
  
  Ko'rinsang havasga aylanar xasad.
  Qarshingda jallod ham yig'laydi aytib.
  Tozarib qon to'la qotil ko'zlari,
  Pashshaga ham ozor bermaydi qaytib.
  
  
  Sen oppoq kiyimli so'fiydek yuvosh,
  Hatto miq etmaysan ketsalar yanchib.
  Men seni shaharga olib ketaman,
  Keltirgan 'SOVG'AM ' ni miyyanga sanchib.
  
  
  
  
  
  23.01.2007. Soat 13 dan 24 minut o'tdi .
  Bishkek shahri ,Leningrad ko'chasi 35 - uy.
  
  
  
  
  Men diyoru yorisiz
  ( Alisher Navoiy g'azaliga Xoldor Vulqon muhammasi)
  
  
  
  
  
  Masjidim mayxona har dam ko'zlari hummoorsiz.
  Shu'lalar yanglig' mayin, hush, bo'yi gul attoorsiz,
  Bepoyon sahroda qoldim kulbayu devoorsiz,
  Navbahor ayyomi bo'lmish men diyoru yoorsiz,
  Bulbul o'lg'ondek xazon fasli gulu gulzoorsiz.
  
  
  
  
  Teshdi osmonlarni boshim, buncha ummonlar sayoz?
  Kuydirib kul qildi poyim qahraton qishlik ayoz.
  Bo'ldi alvonrang qizil qonim siyoxidin qog'oz,
  Gohi sarv uzra gahi gul uzra bulbul nag'masoz,
  Vaxki menman gungu lol ul sarvi gul ruxsoorsiz.
  
  
  
  
  Qoshlaring shamshiridin to'g'rab otilgan burdaman,
  Kechalar oydek jamolingdin taralgan nurdaman,
  Intizor, vaslingni izlab na tirik na murdaman,
  Tong emasdur, gar diyoru yooorisiz ozurdaman,
  Kim emas bulbul, gulu gulzoorsiz, ozoorsiz.
  
  
  
  
  Cho'g' kabi alvon labingdin sachragay qonimg'a o't,
  So'zlaringdinkim ilashgay laxza har yonimg'a o't,
  O'rlagay zulmatda guvlab oxu afg'onimga o't,
  Ravza ashjori o'tindur, gullari jonimg'a o't,
  Mumkin o'lsa anda bo'lmog'liq dame Dildoorsiz.
  
  
  
  
  Parpirar yulduz va oy, sokin halovatlig' kecha,
  Dur to'kilmishdur guhar, gulgun dudog'ingdin necha,
  Jilmayib siymin bog'ichlardin mayin soching yecha,
  May chu berding, zulf ila band et meni, ey mug'bacha,
  Kim xush ermas mug' bila ichmak qadax zunnoorsiz.
  
  
  
  
  Bu umr iz tushmagan qorli, salobatli dovon,
  Intilar qorli dovonlar qasdida piru javon,
  Jomi vahdat birla qorlar ostida qoldik omon,
  Topmaduq gul rangi jomi bexumor ey boog'bon,
  Vaxki bu gulshan aro gul butmas ermush xoorsiz.
  
  
  
  
  Bu kecha oy nuridan bo'lmish charog'on sog'u so'l,
  Navbahor oqshomi sokin, yashnagay sahroyu cho'l,
  Qaqragan dashtlar aro Vulqon hayot daryosi bo'l,
  Ahli zuxd ichra Navoiy topmadi maqsadg'a yo'l,
  Vaqtingizni xush tuting ey ja'mikim xummoorsiz.
  
  
  
  
  
  
  9 mart, 2009 yil.
  Kunduz soat 4:45.
  Toronto shahri.
  
  
  
  
  Yaxshilig'
  (Zahiriddin Muhammad Bobur g'azaliga
  Xoldor Vulqon muhammasi)
  
  
  
  Kutma o'zni fil atab yurgan quyondin yaxshilig',
  Ko'rmamish olam eli, kasbi ziyondin yaxshilig'.
  Yetmag'ay insonga hech qurtu chayondin yaxshilig',
  Kim ko'ribdur, ey ko'ngil, ahli jahondin yaxshilig',
  Kimki ondin yaxshi yo'q, ko'z tutma ondin yaxshilig' .
  
  
  
  Ahli dillar o'rtanur zulmatda har on, har daqiq,
  Jilmayar poygakda donish, za'faron, ro'yi aqiq,
  Boshiga tushganda kulfat bo'lmadi davron shafiq,
  Bu zamonni naaf'iy qilsam, aayb qilma, ey rafiq,
  Ko'rmadim hargiz netoyin, bu zamondan yaxshilig'.
  
  
  
  
  Kimsasiz oydin sukunat to'ldi maxzun ko'nglima,
  Gohi burgut qoya oshyon bo'ldi maxzun ko'nglima,
  Bepoyon, darvesh shamollar yeldi maxzun ko'nglima,
  Dilrabolardin yomonlig' keldi maxzun ko'nglima,
  Kelmadi jonimg'a hech oromi jondin yaxshilig'.
  
  
  
  
  Yaxshilarga chox qazib goh otmagil to'fangu to'p,
  Sen alarning gardi poyin ko'zga surt, ardoqla, o'p,
  Telba, dovdir kimsalardek chopmagin qo'llarda cho'p,
  Ey ko'ngil, chun yaxshidin ko'rding yomonlig' asru ko'p,
  Emdi ko'z tutmak ne ma'ni har yomondin yaxshilig'.
  
  
  
  
  G'am yema qo'zg'olsa boshing ustida to'foni No'h,
  O'ksima gardun yo'linga gul emas, sochganda cho'g',
  Jilmayib boshing baland tut, otsalar ko'ksinga o'q,
  Bori elg'a yaxshilig' qilg'ilki mundin yaxshi yo'q,
  Kim, degaylar, dahr aro qoldi falondin yaxshilig'.
  
  
  
  
  Porlasin ko'ksingda, Vulqon, botining zoxir kabi,
  Bodai rahmatni dilda saqlag'il chog'ir kabi,
  Na'ra tortsang titragay yer goh zamon oxir kabi,
  Yaxshilig' ahli jahondin istama Bobur kabi,
  Kim ko'ribdur, ey ko'ngil, ahli jahondin yaxshilig'.
  
  
  
  
  
  
  22 may, 2010 yil.
  Kunduz soat 5 dan 43 minut o'tdi.
  Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Veteran
  (Ikkinchi Jahon Urushi ishtirokchilariga bag'ishlanadi)
  
  
  
  
  
  
  Uning dil ko'zgusin parchalagan o'q,
  Chil - chil sinib ketgan, bo'lmaydi butlab.
  Do'stim, u insonga qo'l cho'zib, hech yo'q,
  Buyuk bayram bilan qo'ysangchi qutlab.
  
  
  
  
  Miskarnay bo'g'zida bizga tanish "Valьs",
  Yengil sadolari o'ynar havoda.
  Qahramonning siyrak sochlarin besas,
  Tortqilaydi tongi mayin shabboda.
  
  
  
  
  Shu kunlarda qolgan u yolg'iz, yo'lsiz,
  Yo'qdir uning bunda tengdoshi, tengi.
  Uzoqlarga ma'yus termular, qo'lsiz,
  Bayroqday xilpirar shamolda yengi.
  
  
  
  
  
  
  
  
  15 avgust, 2010 yil.
  Tong. Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  
 Ваша оценка:

Связаться с программистом сайта.

Новые книги авторов СИ, вышедшие из печати:
Э.Бланк "Пленница чужого мира" О.Копылова "Невеста звездного принца" А.Позин "Меч Тамерлана.Крестьянский сын,дворянская дочь"

Как попасть в этoт список
Сайт - "Художники" .. || .. Доска об'явлений "Книги"