Xolbo'ri 20 yoshlardagi o'rta bo'yli, sochlari qora, ammo ko'z qorachiqlari yashil, qirg'iyburun, qalin lablari ustida mo'ylovlari sabza urgan rassom yigit.Garchand rassomchilik o'quv yurtlarini tamomlamagan esada, u oliygoxni xatm qilgan tajribali rassomlardan sira kam emas.Xolbo'ri moybo'yoqda ham, akvarelda ham birday, ranglarni kir qilmay, tabiat manzaralarini qoyillatib ishlar, bironta go'zal etyud yaratish ishqida kun bo'yi jiydalar, yulg'unlar o'sib yotgan daryo sohilida, shamollarda sharsharaday shovullaguvchi tolzorlarda, kakkular oh chekayotgan dalalar etagida xuddi o'lja izlagan ovchi kabi etyudnigini yelkasiga osganicha daydib yuradi.Ba'zan, tong saharda uyg'onib, sohil tamon yo'l olarkan, shudringli bedazor so'qmoqlari aro g'ira - shira so'lim subhi sodiq sukunatida biri qo'yib, biri sayrayotgan bedanalar ovoziga quloq tutganicha: - ex bedanalar, muzdek shudringlarni ichib, tomoqni shamollatib qo'yibsizlarku.Qaranglar, tinmay yo'talyapsizlar -deya o'ylaydi va o'zicha jilmayib qo'yadi.Sohilga yetgach, yoyilib oqayotgan Qoradaryoning ko'zgu kabi yaltiragan teran va sokin suvlariga termulganicha, odamlar hali dong qotib uxlayotgan, mashinalar va qushlar shovqini tingan toza havoli sukunatda asablarini sozlaydi, shu holatda baland jarliklar uzra tik turib, tongni qarshi oladi.
Tongi qorong'ulikda, uzoq uzoqlarda xo'rozlar qichqirishga tusharkan, ularning o'tkir va o'ktam ovozlari olmos oynakesgich kabi tongning musaffo ko'zgusini kesib yuborganday taasurot qoldiradi go'yo.
Keyin esa osmon etaklari ohista oqarishib, rangpar parqu bulutlar daqiqalar o'tgan sayin och sariq tusga kirganicha, bora bora ufq rangi yo'lbars terisiday ko'rinish kasb etadi.Bu ilohiy manzarani jimgina kuzatish Xolbo'rining eng sevimli mashg'ulotlaridan biri.
Ko'p o'tmay tongi sukunat, tevarak - javonib qushlar sayrog'idan jaranglay boshlaydi.Qushlar sayrog'i urilgan tong jimligi tog' o'ngirlari kabi aks sado qaytararkan, ko'p o'tmay, dalalar etagidan ko'zni qamashtirguvchi bahaybat quyosh ko'tariladi va to'rg'aylar sho'x -shodon chiyillab, tongi dalalar ustida muallaq sayray boshlaydilar.
Dalalar uzra sayrayotgan to'rg'aylar tongi oppoq bulutlarga ko'rinmas iplar bilan osib qo'yilgan qo'ng'iroqchalarday jarangdor tovushlari bilan odamzod yuragini quvonchga, shodlikka to'ldirib, toshiradi.
Hozir "Qovunkapa" qishlog'ida kuz kezib yuribdi.O'tloqlarda o't -o'lanlar quvrab, qovjirab, qo'ng'ir -qizg'ish ranga kirgan, paxtazorlar chaman bo'lib ochilgan paxtalardan qorday oqarib yotibdi.Dalalar chetidagi tut daraxtlarining, tolzordagi qari bujur, bukri tol va azim adl teraklarning barglari qaxraboday sarg'ayib, maxzun pichirlab, to'kilarkan, kuzning o'ychan shamollarida chirpirab uchib, za'faron kapalaklar galasi singari yengil, ohista - ohista yerlarga qo'nar, suvi qurib qolgan ariqlarning o'zaniga, daraxtlarning o'ychan soyalari aks etgan ko'zguday tiniq anxor suvlariga yog'ilar, yo'llar va so'qmoqlar go'yo sariq va qirmizi xazon ko'rpasiga o'ranib uxlayotganday.Hademay dalalar quyuq kimsasiz sokin tumanlar bilan qoplanadi.Xolbo'ri sovuq kuz kechalari chirog'i o'chirilgan xonasida yotarkan, tungi dalalarda, tumanlar qa'rida na'ra tortib, yer shudgorlayotgan yolg'iz traktorning hasratli tovushiga quloq tutganicha, to ko'zlariga uyqu ilingunga qadar xayol surib yotadi.Oh, bu dalalarni qishda ko'rsangiz edi!Chirpirab aylanib, raqs tushayotgan qorquyunga termulib, qorli dalalarning yaydoq kengliklarida bo'g'zigacha qorga botgan cho'kirtaklarning, qamishlarning sovuq izg'irinda achchiq izillagan, g'uvillagan tovushlariga quloq tutsangiz edi.Romga tarang tortilgan mato kabi oppoq qordan tundraday oqargan tevarak atrofning kunduz kabi yop - yorug'ligini, mashinalar shovqini tingan qorli sukunatda dalalar kimsasizligini tasavvur qilib, lazzatlanmoq, huzurlanmoq baxti har kimga ham nasib etavermas? Ha, hozir bu yerlarda kuz hukmron. Xolbo'ri bunday pallalar uyda o'tirolmaydi.U uch oyoqli etyudnigini dala chetiga o'rnatib olib, qaxrabo hazonlar yog'ilayotgan terakzorlar, sohildagi tolzorlaru ilonizi so'qmoqlar, kuzgi kimsasiz dala yo'llarini matoga moybo'yoqda aks etdirish bilan band.Havo ochiq bo'lgani uchun uzoqdagi ufqlarga tutash paxta dalalari ortida Tyan -Shan tog' tizmalarining qorli cho'qqilari aniq ko'rinib turar, paxtazorda odamlar egatlar oralab enkayganlaricha paxta terib yurardilar.Xolbo'ri paxtazorlar ustidan guvillab uchayotgan chug'urchuqlarning bezovta galalariga termulganicha qo'lidagi mo'yqalam bo'yog'ini lattaga artib, bir zum osmonlarga termulib qoldi.Chug'urchuqlar galasi havoda parvozini tez tez o'zgartirib, daryo sohilidagi boshoqlari oltinday tovlanib pishgan sholizorlar tamon uchardilar.Bu kuzgi chug'urchiq va chumchuqlarning ulkan galalari uzoqdan shamol iplarini uzib qayoqlargadir uchirib borayotgan parashyutlarga o'xshaydi.Xolbo'ri yana etyud ishlashda davom etdi.U shu qadar berilib ishlardiki, hatto shaharlik xasharchi qizning shundoq yonida turib, yaratilayotgan go'zal kartina eskiziga hayrat bilan tikilib turganini ham sezmasdi. Agar etyudga masofadan nazar tashlash maqsadida ortiga tisarilmasa va qizga urilib ketmasa, u hamon hayratdan dong qotgan birinchi tamoshabinning kelganini ham sezmay ishlayvergan bo'lardi.
-E, axir odam degan sal yo'talib netib keladida.Yurakni yoray dedingizku, oppoq qiz! -dedi Xolbo'ri jo'rttaga jiddiylashib.
-Kechiring, rassom aka.Chizayotgan kartinangizga xushim ketib... -dedi qiz, aybdorlarcha bosh egib, goh rassom yigitga, goh etyudnikka yer ostidan o'g'rincha nazar tashlaganicha, uyalib.
-Hechqisi yo'q, oppoq qiz, xazillashdim.Havotir olmang, hammasi joyida.Yuragim yorilgani yo'q.Ishonmasangiz ko'ksimga quloq solib, yuragim urayotganiga ishonch hosil qilishingiz mumkin -dedi Xolbo'ri, samimiy jilmayib.
-Tovbaaaa, siz rassom ekansizda a? Dalalarni, daraxtlarni, tog'larni xuddi o'ziga o'xshatib qo'yibsiz.Qanday ajoyib! -dedi qiz, hamon hayratini yashirolmay, hayajon ichra.
-Chizayotgan etyudim sizday sohibjamol qizga yoqqani uchun o'zimni xuddi asari Parijdagi Luvr muzeyidan o'g'irlab ketilgan baxtli rassomday his qilayapman -deb qo'ydi Xolbo'ri, ishlashda davom etib.Keyin qizga yarim o'grilarkan: -Mening ismim Xolbo'ri - dedi, o'zini tanishtirib.
-Mening ismim Iltijo dedi qiz, uyalibgina.
-Ismingiz ham o'zingizga o'xshab g'oyat chiroyli ekan.Agar kamonday qayrilma qoshlaringiz bo'lmasa, xuddi mashhur italyan rassomi Leonardo da Vinchi chizgan portretdagi Monna Lizaga o'xsharkansiz.Siz bilan tanishganimdan xursandman -dedi Xolbo'ri.
-Men ham -deb qo'ydi qiz, hamon etyudnikdan ko'zlarini uzolmay.
-Sizni avvallari hech uchratmagan ekanman.Ko'rinishingizdan shaharlik qizlarga o'xshaysiz.Bu yoqlarda nima qilib yuribsiz daydib? Yo qarindoshlaringiznikiga mehmonga keldingizmi? -so'radi Xolbo'ri, mo'yqalamdagi bo'yoqni lattaga xafsala bilan artib.
-Men tibbiyot institutining 3 bosqich talabasiman.Kursimiz bilan paxta yig'im terimiga ko'maklashish uchun keldik.Biz yordamchi xasharchilarmiz - tushuntirdi qiz.
-Tushunarli -deb qo'ydi Xolbo'ri.Keyin yana ishga kirisharkan, davom etdi:
-Eshitishimcha boshiga qop kiygan maxsus jallodlar paxta terish normasini bajarmagan talabalarni karnay - surnay va nog'orai kalon sadolari ostida dala shiyponining peshxorisiga namoishkorona osib, qatl qilarmishlar, shu rostmi?
Bu gaplarni eshitib, qiz bo'ynidagi xarir ro'moli bilan og'zini to'sganicha nozik yelkalarini silkitib, astoydil kula boshladi.
Keyin: -Tovba, sizni rassom desam, qiziqchi ham ekansizda a? Hech jahonda paxta terish normasini bajarmagan talabani ham dorga osadilarmi? -dedi u, kulishda davom etarkan.
-Endi, yigit kishiga yetmish xunar oz deyishadiku mashoyixlar.Xar to'kisda bir ayb deganlariday, shunaqa hazil mazax desa tomdan tashlaydigan qiziqchilik odatim bor.Zerikmay hazillashib turaylik dedim -da, oppoq qiz. Lekin, kerak bo'lsa, paxta terishda sizga yordamlashishdan ham toymayman.Yordamchilarga ham yordam kerak axir.Meditsina tili bilan aytsak, "tez yordam" -dedi Xolbo'ri.
-E, Xudo saqlasin. Hech bandani tez yordamga muxtoj bo'lgulik qilmasin -dedi qiz.
-Yaxshi. Unda tez emas, sal sekinroq yordamlashaman - dedi Xolbo'ri, iljayib.
Qiz yana kuldi. Keyin xuddi muhim bir narsa yodiga tushganday, yalt etib yigitga qararkan: -Kechirasiz, Xolbo'ri aka, siz odamning suratini ham chizasizmi? Bizning shaharda rassomlar xiyobonlarda o'tirib olib, o'tgan - ketgan odamlarning suratini chizib berishadi.Men hech suratimni chizdirmaganman.Agar siz chizib bersangiz, portretimni dugonalarimga ko'rsatib, maqtanib yurardim - dedi Iltijo.
-Yaxshi - dedi Xolbo'ri va mato qoplangan romlardan birini olib, etyudnikka maxkamlarkan, qizga qilt etmay kulib turishni buyurdi.
-Avval ko'mir bilan qoralama qilamiz, keyin... dedi u qizning do'ndiqqina oppoq yuzlariga, shaxlo ko'zlariga, g'unchadek lablariyu, oqqushnikiday silliq bo'yinlariga bir zum o'ychan termulib.
Xolbo'ri chizishni boshlashi bilan qiz lunjlarini shishirib, kutilmaganda kulib yubordi.
-Iye, kulmangda.Axir qilt etmay o'tiring dedimku sizga -dedi Xolbo'ri, goh qizga qarab, goh rommatoga ko'z yugirtirib, badiiy ko'mir bilan tez tez qoralama qilarkan.
-Kulgim qistab ketyaptida -dedi Iltijo, yana qayta jiddiylashishga tirishib.
Xolbo'ri bir zum chizishdan to'xtarkan, bitta oppoq bo'lib ochilgan paxta chanog'ini bandi bilan uzib, qizning quyuq va mayin sochlariga, chakkasiga qistirib qo'ydi.So'ng yana ishga sho'ng'idi.
Iltijo qilt etmay o'tirsada, hamon ko'z qiri bilan etyudnikka qarab turar, suratining qay yo'sinda chizilayotganini bilgisi, matodagi tasvirga qaragisi kelardi.
-Yaxshilab chizyapsizmi? Yana karikaturamni chizib qo'ymang! -dedi u. So'ng sabrsizlanib: - Hali uzoq o'tirishim kerakmi? Bo'ynim tolib ketdiku -dedi.
-Hechqisi yo'q, sabr qiling. Kechasi bo'yningizga taxta bog'lab yotsangiz, ertalabgacha dardingiz musaffo bo'lib ketadi, Xudo hoxlasa - dedi Xolbo'ri.
Qiz dohiy mavzaleyi kiraverishidagi soqchi kabi qotib turgan kuyi, o'zini tutolmay silkinib, ovozsiz kula boshladi.
-Kulmang. Shayton vasvasa qilyapti sizni. Men ham bir gal bandalikni bajo keltirgan xudosizlar jamiyatining sobiq raisiga pataxa o'qigani borib, musibatxonada kulib yuborganman. Qisqasi, voqea bunday bo'lgan. Oyoq uchida sekin sekin yurib borib, chorpoya qiriga omonatgina o'tirsam, mullavachchalar bilan qori akalar menga "qani, o'qisinlar" deganday mo'ltayib qarab turibdilar.Men ham avvallari xudosizlar jamiyatining a'zosi bo'lganim uchun duo degan narsani bilmasdim.Bum bum. Asta qori akaga qarab: -taqsir, o'qisinlar -desam, qori aka yonidagi pufayka kiygan cho'qqisoqol odamga: - Sariq domla, siz o'qing -dedi.Sariq domla bo'lsa, yo'q, pakana domla o'qiy qolsinlar dedi, o'zini mas'uliyatdan halos etib.Jussasi biroz kichikroq domla bo'lsa, duo o'qish o'rniga menga qaraganicha butun tanasi bilan silkinib kula boshladi.Mullavachchalar ham.Iye, deyman, bularning tom -pomi ketib qolganmi? Yo tovba, musibatxonada ham kuladimi odam degan? -deya o'ylayman nuqul.Bir mahal bitta yigit kelib, qulog'imga: -aka, kastimingizni teskari kiyib olibsiz -desa bo'ladimi. Qarasam, rostdan ham kastimimning astari chiqib turibdi.Qarang, shoshilishda kastimni teskari kiyib ketaveribman. Qaydan kulgi keldi bilmayman.Shaytonim tezmasmi. Goh kastimimga qarab, goh sariq domlaga qarab, kulyapman, kulyapman deng, qani endi o'zimni to'xtata olsam. Astaxfirullo desam ham kulgim to'xtamaydida. Ayniqsa, norka telpak kiygan pakana domlaga qaradimu, ortiq chidolmay portlab ketdim go'yo.Xuvaxxaxaxaxaaaa! - deya qaxqaxa otib kulaverdim. Hamma pataxachilar, ayniqsa o'lik egalari kulib, qotib qolishdida o'ziyam.Kulaverib ko'zlarimizdan yosh chiqib ketdi.Shayton alayxulla'na shunaqa yomon bo'lar ekan -dedi Xolbo'ri.
Uning gaplaridan Iltijo rosa kuldi.Oxiri kulgidan charchab, ko'z yoshlarini bo'ynidagi xarir sharfiga artarkan: -E, boringe -dedi, o'rnidan qo'zg'olib.
Shu mahal xirmon tamonda bir qiz Iltijoning ismini aytib chaqira boshladi.
-Voy, dugonam Sayyora chaqiryapti.Daxshatiy domla meni so'rayaptilar shekilli.Tezroq bormasam, dekanimiz meni o'qishdan xaydab yubormasinlar tag'in -dedi, havotirli taraddudlanib Iltijo.Keyin shoshib Xolbo'riga yuzlanarkan: - Suratim tayyor bo'ldimi? -dedi.
-Iye, men fotografmidim sizga, bir zumda suratingizni chiqarib bersam.Hali bo'yoq bilan ishlashim kerak.Qolganini ertaga davom etdiramiz endi.Ertaga sizni shu yerda kutaman.Albatta keling, surat chala qolib ketmasin!- tayinladi Xolbo'ri.
-Xo'p, albatta kelaman, xayr! Ertagacha! -dedi Iltijo va etagidagi bor paxtani orqalab, o'qariqni yoqalaganicha xirmon tamon chopib ketdi.
2 bob
Sevgi otashi
Iltijo xirmonga keltirgan paxtalarni torozigar tarozida tortib, raqamlarni daftarga tirkagan paytlar paxta dalalariga shom sukunati cho'kib, tutun xidi suzib yurgan jimlikda uzoqdagi ovozlar ham aniq - tiniq eshitila boshladi.Odamlar hatto iskaptopar galalarining ayanchli g'ing'ilagan tovushlarini ham eshitishar, uzoqdagi zovurlardan va daryo sohilidagi sholipoyalardan baqalarning qaynayotgan shovla tovushini eslatguvchi vaqir vuquri quloqqa chalinar, chigirtkalar ham tovushlarini goh balanlatib, goh pastlatib, o'zlarining ibtidoiy, ammo odamzod ming marta eshitsa ham zerikmaydigan qadimiy qo'shig'ini kuylar edilar.Iltijo kursdosh dugonalari bilan oy yoritgan dala yo'lidan yurganicha xorib - charchab, xasharchi talabalar yotadigan dala shiyponiga yetib keldi.Uning quloqlari dugonalarining suhbatlarini eshitsada, ma'nolarni anglamas, fikri yodi faqat bugun dalada uchratgan odami, quvnoq rassom yigit Xolbo'ri bilan band edi.Yuvinib, taranib, kechki ovqatga o'tirganda ham u Xolbo'rini muttasil o'ylayverdi.Uning qiyofasini ko'z oldiga keltirgan sari negadir o'zidan o'zi yuzlari qizib, isitmasi bor odamday qizarar, rassom yigitning kulgili gaplarini eslab, qizlarga sezdirmay pinxona iljayib qo'yar edi.Ko'p o'tmay u ertaga davom etdiriladigan o'z portretidan ham ko'ra rassom yigitni, Xolbo'rini o'ylayotganini, uni yana ko'rgisi kelayotganini, sog'inayotganini sezib qoldi va o'sha quvnoq yigitni bir ko'rishdayoq sevib qolganini anglab yetdi.Ha, Iltijo Xolbo'rini sevib qolgan edi.Uning allaqanday parishonhotir bo'lib qolganini sezgan dugonasi Sayyora havotir bildirarkan:-o'rtoqjon, senga nima bo'ldi? Mazang qochdimi? -dedi.Iltijo esa dugonasini badtar hayratlantirib, uni maxkam quchoqlab oldida, yelkasiga boshini qo'yib, yig'lab yubordi.
-Ey, Iltijo, senga nima bo'lyapti?Gapirsangchi axir!Birov xafa qildimi? Qani, mening ko'zlarimga qarachi -dedi Sayyora, Iltijoni o'ziga qaratib.Iltijo ko'zlari to'la jiqqa yosh bilan jilmayar edi.Keyin Sayyoraning quloqlariga shivirlab, rassom yigitni sevib qolgani haqidagi bor haqiqatni aytdi.Dugonasi hayajon ichra hayratdan ko'zlarini chaqchaytirib, nafasini ichiga tortganicha o'rnidan turib ketdi.
-Voy, qanday yaxshi!Tabriklayman o'rtoqjon! Ishqilib yaxshi yigitmikin?-dedi Sayyora, Iltijoni quvonch bilan bag'riga bosib, yuzlaridan o'pib.Keyin qo'shimcha qildi:
-Extiyot bo'lginda.Avval shoshilmay, yaxshilab tagi zodini surishtir.Bilib bo'ladimi, otasi qamalib chiqqan firibgar, o'zi aroqxo'r, buning ustiga topgan tutganini gartkamga sarf qiladigan qimorboz, shilqim, xotinboz, yoki ignaga o'tirib qolgan bangi narkoman bo'lsa nima qilasan?Surishtir, xo'pmi? -dedi.
Iltijo ho'p deganday bosh likillatarkan, sevinch ko'z yoshlarini ko'ylagining etagiga artdi.Sayyoradan bu sirni hech kimga aytmaslikni iltimos qildi.Shu kecha u qani endi tezroq tong otsayu dalaga, Xolbo'rining oldiga borsam deya o'ylab, to'shagida to'lg'onib, anchagacha uxlolmay yotdi.Yaxshiyam vaqt to'xtab qolmaydi.U odamzod yurak urishiga hamohang beg'am, loqayd odimlaganicha to'xtovsiz o'taveradi o'taveradi, qayoqqadir ketaveradi.Inson bolasi gohida uning tez o'tib borayotganidan zorlansa, ba'zan uni shilliq qurtday beg'am imillashidan bezor bo'ladi.Aslidaku odam bolasini dunyoga shu vaqt olib keladi va bir kun uni yana o'zi bilan olib ketadi.Vaqt shafqatsiz.Kim biladi, balki mehribondir, mushfiqdir.Iltijo chirog'i o'chirilgan dala shiyponi derazasidan mo'ralayotgan oyga termulgan kuyi o'ylanib yotarkan, shoshilishda Xolbo'rining qo'l telefoni raqamlarini yozib olmaganiga, yoki o'zining telefon raqamlarini unga qoldirmaganidan afsuslandi.Lekin bir uxlasa tong otishini o'ylab, o'z ko'ngliga o'zi taskin berdi.U shu tariqa o'ylana o'ylana, nihoyat uyquga ketdi.
Ertasiga naridan beri nonushta qilarkan, kursdosh dugonalari bilan xuddi chopqir tayg'an itlar galasini ergashtirib, tulpor otini o'ynatib, shikorga chiqqan aslzoda malika kabi ko'tarinki kayfiyat bilan paxtazor tamon yo'l oldi.Uning o'y -xayoli hamon Xolbo'ri bilan band edi.U o'q ariq bo'ylab dala uvotiga, kecha Xolbo'ri bilan uchrashgan joyga qarab yurarkan, uzoqdan uni kutib turgan rassom yigitni ko'rdi.Ko'rdiyu hayajondan nafasi bo'g'ziga tiqilib, entikib, yuragi xapqirib ketdi.
Xolbo'ri etyudnikka maxkamlangan rommatodagi kechagi portret chalasini ishlar, har zamonda to'xtab, palitradagi bo'yoqlarni qorishtirardi.Iltijo Xolbo'rining kechagi tanbexini eslab, ma'noli yo'talib qo'ydi.
Xolbo'ri qo'lida palitra va mo'yqalam bilan bo'riga o'xshab butun tanasi bilan burilarkan, kutilmaganda qo'shiq aytib: -Ana naturщitsam kelyaptiyo, mana naturщitsam kelyapti!... deya o'yinga tusha boshladi.
Keyin Otello rolini ijro etayotgan dramatik akter kabi palitra tutgan qo'lini oldinga cho'zib davom etdi: -O, nihoyat iltijolarim Xudoi Taolog'a yetibdir chog'i!Kelding'izmu, Iltijo?! Men sizni kelmasalar kerak deb o'ylag'on erdim.Nega yo'talmoqdadursiz, malikam?! Hayhot, hakimlar ham kasal bo'lg'aymu, xastalang'aymu?! Hechqisi yo'q.Bizning bitta qo'shnimiz ham yo'talib yo'talib, oxir oqibat asfalasofing'a ravona bo'lg'on erdi!-dedi.
Iltijo xandon otib kuldi.Keyin: -Kasalmasman, axir o'zingiz kecha odam degan sal yo'talib netib keladida dedingizku -deb qo'ydi.
-Aaa, darvoqe, shunday dedima.Esdayam yo'q.Lekin mening hotiram, Xudoga shukr, mustaxkam.Biron odamning qiyofasini bir ko'rsam bas, uni mayda detallarigacha eslab qolaman va hoxlagan paytda u qiyofani yoddan chizib, aks etdirishim mumkin.Lekin sizning portretingiz mendan masalaga butunlay boshqacha yondoshishini talab qilmoqda.Negaligini bilmayman.Aslida portretni har qanday rassom chizishi mumkin.Lekin portretdagi odamning ichki dunyosini, qalbini, tuyg'ularini, xarakterini bo'yoqlar yordamida aks etdirish faqat dunyoga dong'i ketgan buyuk rassomlargagina nasib etadi.Buyuk rassomlar esa juda kamtarin bo'ladilar.Endi o'zimdan qiyos - da -dedi Xolbo'ri.
Iltijo yana kuldi. Xolbo'ri ham.
-Qani bo'lmasa, go'zal qiz, kulgini yig'ishtirib, jim o'tiringchi.Ishni kelgan joyidan davom etdiraylik.Vaqt ziq -dedi Xolbo'ri.Iltijo rassomning amriga itoatkorona bo'ysundi.
-Yuzingizni sal bu tamonga buring -dedi Xolbo'ri Iltijoga va unga yaqin kelib, qizning marmarday silliq iyagidan tutib, uning yuzini o'zi istagan gradusga burdi.Xolbo'rining qo'li tekkan mahal azbaroyi extirosdan, o'tli hissiyotdan Iltijoning vujudi, a'zoyi badani jimirlab ketdi. Xolbo'ri qizning ko'zlariga termulgan kuyi: -Ko'zlaringiz g'oyat chiroyli ekan -dedi.Keyin etyudnik yoniga qaytib, allaqanday hasratli qo'shiqni ming'irlab xirgoyi qilganicha chala qolgan portretga ishlov bera boshladi.Ehtirosli hislardan titrab, qizarib - bo'zarib o'tirgan Iltijo ko'z qiri bilan Xolbo'riga qaraganicha faqat bir narsani, Xolbo'ri portretni chizib tugallab qo'ymasligini, bu jarayon iloji boricha uzoq, bir umr, imkon bo'lsa mangu davom etishini hoxlardi.U ayni paytda portretning bitqazilishidan, so'ng Xolbo'rining xayrlashishib, ketib qolishidan qo'rqardi. Endi uning uchun paxta terish normasini bajarmaslikning ham, o'qishdan haydalib ketishning ham unchalik ahamiyati yo'q edi.Portretni tugallab qo'ymasligi uchun u ataylab Xolbo'rini chalg'itishga, uni gapga solib, iloji boricha vaqtni cho'zish maqsadida unga turli tuman savollar berib, bira to'la dugonasi Sayyora aytgan muammoli masalalarga aniqlik kiritib olishga qaror qildi.
-Xolbo'ri aka, ishdan ajralmagan holda o'z hayotingiz haqida so'zlab bering.Misol uchun sevgan qizingiz haqida -dedi u.
-O, agar hayotim haqida gapiradigan bo'lsam, bu men uchun juda og'ir.Gap shundaki, men tug'uriqxonada emas, uyda tug'ilganman.Tasavvur qilayapsizmi? U mahallar hozirgi tug'iriqxonalar qayoqda deysiz.Onam meni uyda tug'ib qo'ygan ekanlar.Osongina.Chunki men chala tug'ilganman.Kattaligim bor yo'g'i bir poy kalishdekkina bo'lgan.Enam rahmatli boshliq enaga kampirlar toshfonarning xira yorug'ida turtinib, afsonaviy g'orga o'xshaydigan pastak uyimiz devorida soyalari lopillab, goh uzayib, goh qisqarib yurarkanlar, meni tepalab yubormaslikka harakat qilganlaru baribir bir kampirning maxsisiga o'ralashib qolgan mening kindik ichagim uzilib ketgan ekan.Yaxshi deng, enam rahmatli o'z vaqtida yelkanli kema arqonlarini bog'lashga usta tajribali dengizchi kabi kindik ichagimning uzilgan qismini tutib qolib, birov yecholmaydigan qilib tugib qo'yibdilar.Keyin odamlar qorong'ida ko'rmay, meni tepalab ketishmasin deya extiyotlab, dadamning quyon mo'ynali kuya yegan quloqchin telpaklariga solib, uni uyimizning to'siniga to'rqovoqday osib qo'ygan ekanlar.
-Eh! Sizning hayotingiz judayam kulgili ekan, tovba -dedi Iltijo, jilmayib.
-Ha -deb qo'ydi Xolbo'ri, portretga ishlov berarkan.Keyin gapida davom etdi: -Navbatdagi savolingizga esa javob quyidagicha.Ha, sevgan qizim bor va u juda go'zal, qaddi qomati kelishgan, chiroyda tengi yo'q bir parizod.Shu ma'noda men juda baxtliman.Esimda, u qiz bilan birinchi bor uchrashgan kunim kechasi bilan to tongacha uxlolmay, brezenti osilib, gamakka o'xshab qolgan eski, shalog'i chiqqan yig'ma krovatimda ag'anab, qiynalib chiqqaman.Bilsam, o'sha kuni u qizni bir ko'rishdayoq qattiq sevib qolgan ekanman.Endi u qizning ishqida aqldan ozib qolmasam bo'ldi deya havotirga ham tushganman hatto.Tezroq tong ota qolsayu, yana o'sha sohibjamol qizning yoniga borsam, tezroq uchrashsam deganman.Vujudim go'yo hech narsa bilan to'ldirib bo'lmaydigan choxga, tubsiz va cheksiz bo'shliqqa aylanib qolganday edi.Odamzod qorni ochsa ovqat yeydi, to'yadi.Suv ichsa chanqog'i qonadi.Ammo sevib qolgan odam ruhida shunday ochlik paydo bo'larkanki, u o'sha ruhiy ochlikni qondiruvchi oziq -diydor taomiga sira to'ymas ekan, chanqog'i qonmas ekan.Ishonasizmi, men hatto u qizning portretini ham yaratganman.O'shanda u qiz mening rassomlik iqtidorimga, san'atimga hayrat bilan qarab, tilidan bol tomib maqtagan esada, biron marta ham, ba'zilarga o'xshab "Qo'lingizda guldek hunaringiz bor ekan, qoplab pul topsangiz kerak o'ziyam? Bitta kartinangizni sotsangiz, qancha pul olasiz?" demagani ayniqsa meni hayron qoldirdi.Nafosatni his eta oladigan, qadriga yetadigan, san'atning pul, molu dunyodan qimmat ekanini anglab yetgan yuksak didli qiz ekanku degan xulosaga kelib, uni yanada qattiq sevib qolganman.Odob -axloqi, dunyoqarashini aytmaysizmi.Oh uning oydek yuzi, ohu ko'zlari, lola yonoqlari, olov dudoqlari, ipakday mayin va qalin sochlari, oqqush bo'yniday oppoq va nozik bo'yniyu, fil suyagiday silliq qo'llari, nafis barmoqlari! -dedi Xolbo'ri.Bu gaplarni eshitib Iltijo xuddi tarvuzi qo'tig'idan tushgan odamday shalvirab qoldi.Shu tobda u o'zini xuddi falajlanganday, shol bo'lib qolganday his qilardi.Garchand Xolbo'ri uning turmush o'rtog'i bo'lmasa ham, negadir vujudini rashkning daxshatli alangasi chirmab olgandi.U osmonlarni yalab guvillayotgan olov ichra jizg'inak bo'lib, chirpirab yonardi go'yo.Xolbo'ri sevib qolgan o'sha baxtli va go'zal qizga, rosti havasi emas, ich ichidan xasadi kelayotgan edi.
-Kim ekan u oyimtilla, bilsak bo'ladimi? -dedi u nihoyat, yig'lab yuborishdan o'zini arang tiyib.
-Sevikli yorimning, parizodimning ismimi? Malak siymo, qoshi kamon, kiprigi o'q, mo'rchamiyon, sarviravon, moxiliqo, yori vafodorimning muborak ismlari Iltijo -dedi Xolbo'ri, beg'amgina, portret ishlashda davom etib.
-Iye, uning ismi ham Iltijomi? Voy, bundan chiqdi adash ekanmizda u bilan -deya hayratlandi Iltijo.
-Ha, uning bir Sayyora degan dugonasi ham bor.Ular tibbiyot institutida birga o'qishadi.Ular fakultet dekanidan va Daxshatiy tahallusli domlalaridan o'lgudek qo'rqadilar -dedi Xolbo'ri iljayib.
-Ablax ekansiz!Yuragimni yoray dedingizku -dedi Iltijo, jilmayib va uyalganidan qip -qizarib ketdi.
3 bob
Iskanaqul Karkidonov
"Qovunkapa" shirkat xo'jaligining raisi Iskanaqul Karkidonovlar uyida maishiy janjal.Karkidonovning xotini Bibisuvaydo iyak - chakagi tinmay eriga tanbex berar, idishlarni otib sindirib, yig'lar, har zamonda to'xtab, oliynav hushbo'y tamakidan qadoqlangan qimmatbaho sigaretani bosib bosib chekardi.
-E, xudo!Men sendan shunaqa er ber deb tilovmidim?!Bu svoloch ermas, lattaku nastoyaщiy!Voy peshonam qursin mening!Nima emish, xushidan ketgan Stalinni do'xtirlar gilamdan olib, karovotga yotqizishsa, patinkalarining tagi teshilib yotganmish!Shunday ulkan mamlakatning rahbari bir juft yangi patinka sotib olmay, ikki qator usti boshi bilan, pul mol jamg'armay, xalq mulkiga xiyonat qilmay, oddiy odamday g'aribona yashab, olamdan o'tib ketgan emish!O'tsa o'tar, Stalin bilan sening nima ishing bor! Halol rahbar bo'lgan emishlar!Shuncha halol xizmat qilgani bilan unga rahmat deyishyaptimi? Qotil, qonxo'r, zolim deyishyaptiku! Bu odamlar yaxshilikni biladimi? Undan ko'ra qo'sha - qo'sha ko'shki ayvonlar qurib, shohona yashab qolish kerak!Besh kunlik dunyo g'uvvida o'tadi ketadi! Amal mansabni bog'lab qo'ygan emas! Bu, xaygi nima desamakan, insonga anov qilinadigan, beriladigan bir imkoniyat, shans! Qaydan ham shu uyni yevroremont qildiraylik deb qo'yibmana!E bir soat halollik haqida ma'ruza qilsaya, Xudoyo tovba!Odamga amal bergani bilan aql -farosat bermasa qiyin ekanda!Bilaman, bu uyda mening sariq chaqachalik qadrim yo'q!Aslidaku bu boyvachchani men odam qilganman.Kazo kazo tanish bilishlarimni ishga solib, restoranlarda ziyofatlar uyushtirib, Dubayma Dubay kezib, boylar eshigida qo'llarim kosov, sochim supurgi bo'lib, kovushim to'zg'ib, yelib yugirganlarimni bu nonko'r bilarmidi? Men sabab avval birgat, keyin hosilot bo'ldi.Mana endi rayislar!Men bo'lmasam, yuruvding paytavangni sudrab, chorig'ingni it tortib!Endi odam bo'lib qoldingmi, so'tak?!Eshakning kuchi halol, o'zi xarom deganlari shu bo'lsa kerakda!Eshagi loydan o'tdida akamning!Yoshligimda, qaddi qomatim kelishgan paytlar Bibisuvaydo, Bibisuvaydo edim!Endi shira sharbatim qochib, gulday so'lganimda, bitta yarimta suv ichsa tomog'idan, sabzi yesa biqinidan ko'rinadigan sekretarka o'ynashiga uylanmoqchi bu uying kuygur nomard!Meni bilmasang, iloyo ilovando ko'zlaring oqib tushib, ko'r bo'lib, yetalat!E Iskanaqul Karkidonov bo'lmay o'l!Do'zaxga do'mbira bo'lmasang, u dunyo bu dunyo rozimasman! Tamom, ortiq chidolmayman, jonimdan jaxt to'ydim!Zolimning dastidan dod!..Kanistrdagi benzin qayerda ediya!Hozir ustimdan benzin quyib, o'zimga o't tortaman! Iloyim, uvolim tutsin sen zinokor xotinbozni! -deya baqirardi u.
Bu gaplardan qo'rqib, kayfi kapalakday uchgan Iskanaqul Karkidonov, xotini Bibisuvaydoni tinchlantirishga urinar, hikmatli gaplar bilan uni insofi tavfiqqa chaqirardi.
-Bibisuvaydo, sevgilim, o'zingni bos! O'zini o'zi o'ldirgan odamga janoza buyurmaydi, it qavmida ketadi deb keladi eski kitoblarda, asalim! - dedi u xotiniga stakanda suv tutib, hayajondan qo'llari qaltirab.
-Ho, o'z joniga qasd qilganga janoza buyurmaydimi?!Gapini qaranglar!Unda o'zing oshpichoq bilan ko'ksimga bir urib, o'ldirib qo'yaqol, qutilasan!O'ldir, vaxshiy qotil, qonxo'r jallod!Meni o'ldirib, ofatijon skitarkanga uylanib olasan, niyyatinga yetasan!Mening jasadimni eshikdan chiqarishlari bilan, o'ynashingni derazadan olib kirib olasan!Keyin qornidagi sendan ortdirgan valadi zinosiga uy joyni xatlattirib berasan!O'ldir!O'ldirasanmi?!.. Voy dooood, musulmonlaaaar!Pravaslav va katolik xristianlar!Iudey hamda buddaviylar!Mutazzila otashparastlar!Xudosiz kommunistlar!Yordam beringlaaaaar!Meni zolim rayis, Iskanaqul Karkidonov o'ldiryaptiiiii! -deya, bor ovozda faryod cheka boshladi Bibisuvaydo.
-Hoy, o'zingni qo'lga olsangchi, xotin, esingni yig'! Nimalar deb baqiryapsan?!Qanaqa silkillatarka?!Qanaqa valadi zino?!Men axir halol rahbarman!Birovlarning xotiniga ko'z olaytirmayman!Xudodan umidim bor!Besh minutlik mazani deb oxiratimni kuydiraymi?!Qolaversa hozir hamma yerda yashirin videokameralar bor!Yosh bolaning qo'lida ham sotovoy telefon!Ana, nechtasini o'ynashi bilan yotgan yerida videoga olib, Yutubga chiqarib yuboryaptilar.Qanchasi qo'ydi chiqdi bo'lib ketdi!Men senga hech qachon xiyonat qilmaganman, qilmayman ham!Bunaqa baqirib, meni qo'ni qo'shnilar oldida sharmanda qilma!Odamlar: -rayis Iskanaqul Karkidonuvuch ichkilik ichib olib, xotinini uryapti -deb o'ylamasin tag'in.Bilsang, rahmatlik ustodim Io'sip Vissaryo'nuvuch Istalin... Ha mayli, senga yoqmasa, tarix haqida gapirmayman. Ma, stakandagi suvni ichib, manabu bir to'g'ram piyozli nonni yeb yuborgin, shoyat o'zinga kelsang -dedi Iskanaqul Karkidonov, xotinini arang tinchlantirib.
Bibisuvaydo stakanni erining qo'lidan shaxd bilan tortib olarkan, bir ko'tarishda suvni oq urdi.Keyin aroq ichganday og'zini yengiga bosib, bir zum nafas olmay turdida, piyozli nonni katta katta tishlab, bir nuqtaga tikilganicha g'azab bilan indamay yeya boshladi.
-Mana bu boshqa gap.Qani bir jilmaychi, ha iljay... Ha, ana! Bo'larkanku!Lekin kulganingda juda chiroyli bo'lib ketasanda o'ziyamche!Yuzing yongan lampochkaday lop etib yorishib, kulgichlaring o'ynab ketadi.Mayli, sen aytgancha bo'laqolsin, sarviravonim, moxitobonim.Uyingni yevroremuntdan chiqartirib beraman.Mamatkarim degan naqqosh bola bor.Bir og'iz aytsam yo'q demaydi.Devorlarni ohak bilan yaxshilab oqlab, trafaretlarga changyutgich bilan bo'yoq sochib, devorlarga gul solib beradi -dedi Iskanaqul Karkidonov.
-Yo'q, unaqa naqqoshlarni yollamaymiz.Ular unchalik yaxshi remont qilolmaydi.Xolbo'ri yaxshi qiladi.O'shani yollaymiz.Uy devorlariga o'rmonlar, daryolar aks etdiriladigan manzaralar chizdiramiz -dedi Bibisuvaydo, o'jarlarcha o'z fikrini maqullab.
-Yaxshi. Xolbo'ri bo'lsa, Xolbo'rida. Lekin u katta pulga qilar deyman? Taxminan necha pul ketarkin remuntga? -deb qo'ydi Iskanaqul Karkidonov.
-Xarajatlar bilan sizning ishingiz bo'lmasin, Xolbo'riga o'zim beraman xizmat haqini-dedi Bibisuvaydo, qat'iy.
-Yaxshi unda, kelishdik.Men shopirimga aytaman, Xolbo'rini yerning tagidan bo'lsa ham topib, idoraga olib keladi.Shartnoma qilib, iloji bo'lsa, unga ozgina oldindan zaklad shirinkoma berib qo'yaman.U bugunoq ishga kirishadi.Sen ustani zeriktirmay, choy poyidan xabar olib turgin.Xudojniklar alkash bo'ladi.Ishlayotganda toza aroq, konyaklardan ryumkalarga quyib, muzlardan solib, gazakiga qazi - qarta tayyorlab qo'y.Yuz yuz icheyeb ishlamasa, ularga ilhom kelmaydi -dedi rais Iskanaqul Karkidonov.
Shunday gaplar bilan rais kiyimlarini kiydi.So'ng xotini Bibisuvaydo bilan hayrlashib, ko'chaga chiqarkan, xizmat mashinasiga o'tirib, ishga jo'nadi.
4 bob
Delta
Domla Daxshatiy talabalarni terimga solib, dala shiyponi tamon ketgan mahal Xolbo'ri Iltijo paxta terayotgan bo'lgi tamon yo'l oldi.
Ikkinchi, uchinchi terim bo'lishiga qaramay, dalalarda hamon paxtalar chaman bo'lib ochilib yotar, g'o'za shoxlaridagi shig'il shig'il ko'saklarga qaralsa, paxta yig'im terimi xali beri tugamaydiganday edi.Xolbo'ri yag'ir do'ppisini manglayiga bostirib kiyib, g'o'zapoyani rubobga o'xshatib chalarkan, ajoyib hofiz Faxriddin Umarovning ovoziga taqlid qilib: -Paaaaaxtazooongoor, poooolvooonlariy, men sizga cheyeyeyertay toooooorlangangaangaangaaaar! Tooonnalaaardaan tog' yaratganga-a-a-a-aan, oq oltin ijoooodkooorlangaangaangaar! - deya ashula aytib, o'yinga tushganicha kapa kapa bo'lib aylanib, Iltijoga yaqinlashib boraverdi.U Iltijoga borib urilguday joyda shaxd bilan o'ng tizzasini yerga tekizib to'xtaganicha, qo'lidagi kuzgi dala gullaridan tuzilgan guldastani uzatib, badiiy qismni nihoyasiga yetkazdi.Iltijo kula kula gullarni Xolbo'rining qo'llaridan olib, qarsak chalarkan: -Bravo!Bravo, maestro! -deb qo'ydi.Keyin ular qo'l berib ko'rishdilar.
-Mana, nihoyat biz tasviriy san'at ahli ham yordamchilarga yordamlashish uchun dalada hozir bo'ldik! -dedi Xolbo'ri.
-O, sizday oqsuyak aslzoda aristokrat rassomni ishlatamizmi endi? Bir etak paxta terib termay, belim og'ridi, uyga borib belimga taxta bog'lab yotmasam bo'lmaydi deya qochvorarsiz? -dedi kulib, Iltijo.
-O, nimalar deyapsiz, nimalar deyapsiz?!Mening suyak ustixonim shu bepoyon dalalarda qotganku.Sovet zamonida kukruznik samolyotlar ustimizdan tonnalab sochib yuborgan zaxarli pestidsidlar tumani aro ko'knori kulbangidek big'g' big'g' yo'talib, ko'rinmay ketar edik.Qancha do'stlarimiz jigari shishib o'ldi, qanchalari bir umr nogiron bo'lib qoldilar.Dekabrning sovuq qirovlarida qo'llarimiz qaqshab, xom, yumuq ko'saklarni terib, dala uvotlarida ularni tayoqlar, toshlar bilan urib,chaqib, paxtasini chuviganimizni ko'rganlar, bizni ibtidoiy jamoa tuzimidagi yovvoyi odamlar qabilasi deya o'ylagan bo'lsalar kerak.Uyga borgach, kechki ovqat o'rniga non choy bilan qanoatlanib, sovuq ayvonda tog'day uyilgan ko'saklarni oilamiz bilan o'rab olib, avvaliga ketmonsopilar bilan urib ko'raklarni chaqar edik.Shundan keyin uyqusirab, mudrab, munkib, yarim tungacha, ba'zan tongacha ko'sak chuvir edik.Agar dunyoda qaxraton sovuq izillagan qorli dalalarda cho'p - cho'kirtak g'o'zapayalar qorini qoqib, paxta terishga rozi bo'lgan itoatkor qullar qavmi bo'lgan bo'lsa, o'shalar biz edik!
Xudoga shukr, bugun mamlakatimiz mustaqil, xalqimiz ozod.Unday qiyinchiliklar endi o'tmishga aylandi.Bunday chaman bo'lib ochilgan paxtalarni o'ynab kulib termaymizmi? -dedi Xolbo'ri va Iltijoning etaklaridan birini tutib, astoydil paxta tera boshladi.Ular shu tariqa suhbatlashib, uzoq ishladilar.Va nihoyat kundalik normaga bemalol yetadigan paxtani terib bo'lgach, biroz dam olib, nafas rostlash uchun to'kilgan yumshoq paxtalar ustiga o'tirdilar.Shu mahal qur -qur qilib qichqirganlaricha osmonlarni to'ldirib gala gala turnalar karvoni uchib o'ta boshladi.
-Ha, turnalar issiq o'lkalarga uchib ketishyapti -deb qo'ydi Xolbo'ri, qo'lini ko'zlariga soyabon qilib, turnalar karvonini kuzatganicha.
-Qanday go'zal!Men turnalarni birinchi bor ko'rishim.Ular hech qachon shahrimiz ustidan uchib o'tmagan.Kim biladi, balki uchib o'tgan bo'lsalar ham men ko'rmagandirman.Juda g'amgin qiyqirar ekan ular.Xuddi hayrlashayotganday, vidolashayotganday!Hayr, turnalar, hayr!Bahorda yana qaytib kelinglaaar, xo'pmi! -dedi Iltijo, hamon osmonlardan ko'zini uzmay, alanglaganicha.
-Men janubga uchayotgan kuzgi turnalar parvoziga hayotimda ko'p bor guvox bo'lganman.Ba'zan qishloqda tug'ilganimdan va yashayotganimdan xursand bo'lib ketaman.Bu yerlarda havo musaffo, ichimlik suvlari toza.Keng dalalar, o'tloqlar, to'rg'aylar qo'shig'i, shamollarda sharsharaday shovullaguvchi tolzorlar, daryo sohillari, baland baland jarliklar, yam -yashil sholizorlar, yulg'unzoru jiydazorlardan taralguvchi kakkularning hasratli ohi!Bu yerlarda mashinalarning shovqini yo'q.Ayniqsa daryo mening jonu dilim!Hoxlasangiz, daryo sohilini, qamishlar shovullab yotgan deltani, son sanoqsiz suv gullarini, oppoq ochilgan nilufarlarni, ko'zagullarini sizga ko'rsatishim mumkin.Sohilda daraxtga zanjirlangan mening o'z qayig'im bor -dedi Xolbo'ri.
-Hoxlayman, albatta hoxlayman!.. Lekin, domla Daxshatiy bilsalar...-dedi Iltijo.
-Kundalik normaga yetadigan paxtani terib qo'ydikku.Qo'rqmang, endi sizni dekanat terim normasini bajarmading deb dala shiyponi peshxorisiga osib, qatl qilmaydi, o'qishdan ham xaydolmaydi.Paxta tortadigan paytgacha qaytib kelamiz -dedi Xolbo'ri, hamon nigoxi bilan olislab borayotgan turnalar karvonini kuzatib.
Shu gaplardan keyin ular o'q ariq chetidagi so'qmoq bo'ylab, daryo sohili tamon jo'nadilar.Sohilga yetgach, ikovlon nishab qiyalikdagi uzun uzun kuzgi o't -o'lanlar aro arang ko'ringan ilonizi so'qmoqdan pastga ena boshladilar.Kuzgi yovvoyi tollar o'rmoni o'sib yotgan daryo deltasini, shamollarda dengiz to'lqinlari kabi sollanib yotgan qamishzorlarni, oltinday sarg'ayib ketgan sholizorlarni, yoyilib, beshik -beshik bo'lib oqayotgan daryo suvlarni ko'rgan Iltijoning yuragi badtar hayajonga to'ldi.
-Vuy, daryoning go'zalligini!Qanday ajoyib!Siz shunday go'zal joylarda yasharkansizda a?Bunday joylarda yashagan odam albatta sizga o'xshab rassom bo'ladida.Qarang, panoramani.Eh, sizga shunday havasim kelyaptiki!Nega men ham qishloqda tug'ilmagan ekanman a?!Qani endi shu joylarda yashasang! -dedi u tevarakni tamosha qilganicha.
-Extiyot bo'ling, Iltijo, bu yerlarda o'tkir jiyda tikonlari bo'ladi.Bosib olsangiz u tikonlar poyafzalingizni teshib o'tib, oyog'ingiz ustidan chiqib qolishi ham hech gap emas.Esimda, yoshlik paytlarimiz, bir kuni shu yerlarda sigir boqib yursak, do'stim Erkinning oyog'iga jiyda tikoni kirib ketdi.Do'stimning oyog'idan jiyda tikonini sug'iraman deb, hayajonda tikonni sindirib qo'ydim.Do'stim oqsoqlanib yurolmay qoldi.Oyog'i ko'karib, shishib ketdi.Ertasiga Erkinni chaqiray deb, nurab yotgan pastak paxsa devordan qarasam, bechorani akalari yerga yotqizib, maxkam ushlab turar, otasi Mirzamo'ydin tog'a esa Erkinnning oyog'ini pichoq uchi bilan astoydil kovlar, zo'r berib jiyda tikonini sug'irib olishga urinar, do'stim bechora bo'lsa, chidab bo'lmas og'riqdan bor ovozda dodlab baqirar edi.Ba'zan o'sha voqeani aks etdiradigan bironta kartina ishlasammi deya o'ylab qo'yaman -dedi Xolbo'ri, Iltijoning nozik qo'llaridan tutganicha extiyotkorlik bilan qiyalab.
-Naqadar daxshat!Men medik bo'lsamda, bu qo'lbola jarroxlik muolajasi haqida eshitib, tanam jimirlab ketdi, to'g'risi.Axir bunday nogigiyenik amaliyot jaroxatni qorasonga aylanib ketishiga sabab bo'lishi va oyoqni kesib tashlashga to'g'ri kelib qolishi mumkin -dedi Iltijo.
-Lekin do'stim o'shanda sog'ayib ketgan.Hozir ham otday.Xususiy firma ochib, boyib ketgan -deb qo'ydi Xolbo'ri.
Gap bilan bo'lib sevishganlar qanday qirg'oqqa yetib kelganlarini ham sezmay qoldilar.Xolbo'ri cho'ntagidan kalitni olib, daraxtga bog'lab qo'yilgan zanjir qulfini ocharkan,qayiqni oxista surib, suvga tushirdi.Keyin qizning qo'lidan tutib, qayiqqa o'tirishiga ko'maklashdi.Iltijo qayiqqa joylashib o'tirgach, Xolbo'ri bir maromda eshkak esharkan, qayiq oldinga ildamlab ketdi.Ular devorday baland baland qamishlar aro qayiqda suzib borar ekanlar, tevarak go'zalligidan hayratga tushgan Iltijo, o'zini go'yo o'zga olamga o'tib qolganday his qilar, hayajonini yashirolmasdi.Ayniqsa son sanoqsiz nilufarlar, ko'zagullar ochilib yotgan sokin suv dalasiga, kengliklarga chiqishgach, Iltijoning hayratdan og'zi ochilib qoldi. Qayiq daryo deltasida emas, go'yo bepoyon zangori osmon ustida suzib borayotganga o'xshardi.Bulutlar, osmonlar aks etgan, shalpangquloq yaproqlarni turtib chiqqan nilufargullarning g'unchalari, ochilgan gullari soya tashlagan delta suvlari shu qadar tiniq ediki, suvga qarasa, huddi shaffof tubsizlikka qaraganday qo'rquvdan odamning yuragi ortiga tortib ketardi.
-Oh, qanday go'zal gullar!Shundoq uzatsam qo'llarim yetadi.Ammo uzging kelmaydi bu gullarni!Yo tovba!Tushimmi bu yo o'ngimmi?!Yoki o'zim sezmagan holda olamdan o'tib, Jannatga tushib qoldimmi? -dedi Iltijo yuragi zavqu shavqqa to'lib.U ayniqsa tiniq suv ostida beg'am biltanglayotgan, tangalari qizarib ketgan katta katta baliqlarni ko'rib, badtar angrayib qoldi.
-Voy, baliqlarni qarang! Xuddi akvariumdagiday! -dedi suvdan ko'zlarini uzolmay u.Iltijo zavqlangani sayin Xolbo'ri eshkak eshishni sekinlashtirar, qayiq tumshug'i nilufar g'unchalari, gullari ichra yoppa yaproqlar orasini ohista yorib borar edi.Go'yo shu tobda qalin nilufargullarning yaproqlari ostidan lop etib suv parisi ko'rinib qoladiganday tuyulardi.
Shu payt qamishlar orasidan shatir shutir qilib qanot qoqqanicha g'aqillab, bir gala yovvoyi o'rdaklar havoga ko'tarilarkan, qayoqqadir shosha pisha uchib ketishdi.
-Men avvallari suzuvchi uy qurib, umrimning oxirigacha shu sokin go'shalarda yolg'iz yashamoqchi edim.Endi u rejalarim o'zgardi.Chunki hayotimda siz paydo bo'ldingiz.Endi nasib etsa sizlarnikiga onamni sovchilikka yuborib, ota onangiz rozi bo'lsalar, sizga uylanaman va biz bir umr shu joylarda, suzuvchi uyda birga yashaymiz, tabiat bilan uyg'un hayot kechiramiz.Kechalari suzuvchi kulbamiz darchasidan oy mo'ralaydi.Biz esa ayvonda, toshfonar yorug'ida choy ichib, gaplashib o'tiramiz.Toshfonar atrofida parvona kapalaklar gir aylanib, unsiz parvoz qiladilar.Delta suvlarida nilufarlar, ko'zagullar ochilib yotadi.Qaydadir oy nurida yaltirab baliq irg'iydi -dedi Xolbo'ri.
Xolbo'ri "Qovunkapa" shirkat xo'jaligi raisi Iskanaqul Karkidonovning iltimosiga ko'ra uning ikki qavatli(yerto'lasi bilan) kottedji devorlarini tekislab, alebastr suvoq qilib, ko'zni chaqib olmaydigan sokin va iliq rangli bo'yoqlardan chiqararkan, mehmonxona devoriga moybo'yoq bilan ulkan o'rmon manzarasini ishlay boshladi.
Iskanaqul Karkidonovning xotini Bibisuvaydo Xolbo'rining san'atini maqtab, uning ko'nglini ovlash bilan ovora.U avvaliga eri Iskanaqul Karkidonov tayinlaganiday xonadagi yog'och o'ymakorlik san'ati namunasi sifatida ishlangan olti qirrali yengilgina xontaxtaga qazi - qartali gazaki, qimmatbaho aroq konyaklarni keltirib qo'ydi.
-Usta, har zamonda bir nafas rostlab, mana bu rassomlarga ilhom keltiradigan quling o'rgilsin ichimliklardan ellik gramm, ellik gramm no'sh etib ishlang.Toliqib qolmang tag'in-dedi.
-Kelin aya, rahmat.Lekin men ichkilik ichmayman.Sigaret ham chekmayman.Menga achchiq achchiq ko'k choy bo'lsa.Issiq issiq ko'k choy ichib ishlashga nima yetsin -dedi Xolbo'ri.
-Yo'g'e, nahotki?!Axir rassom xalqi ichmasa qo'li qaltirab, asar ishlolmay qoladi deyishadiku? -dedi Bibisuvaydo hayron bo'lib va ishonqiramay.
-Bo'lsa bordir.Lekin men ichmayman.Ichkilikni yomon ko'rib qolishimga G'oyib traktorchi sabab bo'lgan.Bir kuni daryo sohiliga tutash o'tloqda har galgiday etyudnikni o'rnatib, dalalar manzrasini ishlayotgandim.
Nariroqda uzun uzun o't o'lanlar, yulg'un butazorlari aro chivinlarni dumi bilan haydaganicha sigir o'tlab yurar, yon verimda oppoq kapalaklar sassiz sadosiz tentirab uchib yurishardi. Bir mahal dala yo'lida boshiga kepkasini qiyshiq kiygan G'oyib traktorchi paydo bo'ldi.Oyoq olishidan uning mast ekanini anglab olish qiyin emasdi.Men tabiatan yolg'izlikni, sukunatni sevganim uchunmi, mast traktorchi G'oyib bilan suhbatlashib, bekorga vaqtni isrof qilgim kelmadi va etyudnikni yig'ishtirib, yulg'un butalari ortiga berkindimda, uning o'tib ketishini kutib turdim.G'oyib traktorchi bo'lsa, aynan men berkingan joyga yaqin kelib, to'xtadi.So'ng ariqdan xatlab, o'tloq tamon o'tarkan, uzun uzun o't o'lanlar orasida beg'amgina o'tlab yurgan sigirga yaqin keldi.Keyin gapira boshladi:
-Ha, mol, o'tlayapsanmi, xas xashaklarni yamlab, maza qilib? O'tla, o'tlayver.Meni tanisang kerak a.Men ilg'or mixaynizatir G'oyib traktorchiman.Lelin o'rdeni kavaleri...Sen o'tlayver, o'tlayver.Menga e'tibor berma. Men o'zi odamlardan ko'ra xayvonlarni qattiq hurmat qilaman. Chunki sizlar donishmandlarga o'xshab kamgap, kamtarinsizlar.Odamning gapini ot solmay, jimgina tinglaysizlar.Kalondimog', tamagir, xasadgo'y va baxil emassizlar.Ayrim nopok rahbarlar kabi bizga o'xshagan oddiy odamlarga, faqir kishilarga kibr bilan ko'z qiringizda qaramaysizlar.Xalq mulkini talon taroj qilmay,boriga qanoat qilib, bir chetda jimgina yashaysizlar.Bilasanmi, men nima uchun traktorchi bo'lganman? Chunki men dalalarni, kengliklarni, yolg'izlikni, ibtidoiylikni sevaman.Ayniqsa kuzgi dalalardagi tumanlar sukunatini.
Tumanlarda xira ko'ringan daraxtlar, yoki deylik, dalada sholg'om kovlayotgan yo g'o'zapoya to'playotgan dexqonlarning soyaday ko'ringan sharpalariga soatlab termulib turaman.Ayniqsa, tuman qoplagan kimsasiz dalada yolg'iz o'zing buldozer xaydab, yer shudgorlashdan ham zavqliroq mashg'ulot bormikin bu dunyoda deyman ba'zan.Paxtali pufayka kiyib, sovuq tumanlar qa'rida yolg'iz bir o'zing buldozer xaydab yurgan kuyi, istaganingcha xayol surasan, senga hech kim halal bermaydi, seni qora moyga belangan kambag'al traktorchi deb, boy, olifta yigitlarga turmushga chiqib ketgan sevgilingni eslab, ko'zlaringda ko'z yoshlaring xuddi radiator suviday qaynaydi.Ota onangni eslaysan.Odamzod ota onani, vatanni oldindan tanlay olmaydiku.Mening otam rahmatli mushtlashishni pulga sotib oladigan, qimorboz, bangi, piyonista odam bo'lib, oilamizning sho'ri edi.Onam rahmatli esa, aksincha kamtarin, kamsuqum, bizga beminnat xizmat qiladigan qul, oqsoch cho'ri edilar.Ertadan kechgacha dalada ishlab, bizga yegulik hozirlab, kirimizni yuvib, uy joyni, xovlini yog' tushsa yalaguday supurib, tozalab, sigir sog'ib, kelida qo'llari archilib sholi tuyib, yanchib, hayotini bizga bag'ishlab, mehnat mashaqqat bilan olamdan o'tib ketdilar.O'lim to'shagida yotarkanlar, hech kimdan, hech narsadan nolimadilar, shikoyat ham qilmadilar.Qaytaga hammamizni duo qila qila joni uzildi.Bechoraning na qulog'ida sirg'asi na qo'llarida uzigi bor edi.Ishonsang, gunox bo'ladi deb, hatto suratga ham tushmaganlar.Ha, ha, sog'inganda bunday ko'rib, dilim taskin topadigan suratlari ham qolmagan.Agar tirnoqday suratlari qolganda ham, bironta rassomga istagan pulini berib, portretini chizdirardim, uyimizning to'risiga osib qo'yardim.Ehhh, onajonim!Shuncha xizmatimizni qilib bir marta ham minnat qilmagan mehribonim!Qanotsiz farishtaginam!.. Eslasam ko'zlarimdan tirqirab yosh chiqib ketaveradi... -deya, ko'z yoshlarini kepkasiga alam bilan artdi G'oyib traktorchi.So'ng yana gapida davom etdi: -Sen, mol menga e'tibor bermay o'tlayver.Men o'zi ichib olsam, shunaqa sal sergap, yig'loqi bo'lib qolaman.Lekin ko'z yoshlarimni hech kimga ko'rsatmayman.Yuragim hasratga to'lsa, shu yoqlarga kelib, o't o'lanlar ustiga yotib, o'ksib o'kirib yig'layman.Ko'nglimni bo'shataman.Otam rahmatli, iloyim joylari Jannatdan bo'lsin, ichib kelsalar, bironta baxona topib, onamni urib, do'pposlar, dod degizib, uni xovlimizda chenadek sudrab yurardilar.Otamni to'xtatishga mening kuchim yetmasdi.Lekin otam shuncha ursalarda, onam unga biron marta ham gap qaytarmasdilar.Xudodan insof tilardilar halos.Menga esa doim otangni hurmat qil, bolam, ko'zlariga tik qarama, ota rozi Xudo rozi -deya nasixat qilardilar.Otam rahmatlining to'yib ichkilik ichib, guzarda yo bironta devor tagida yiqilib qoladigan odatlari bor edi.Bizga bu haqda ko'pincha Mirzavoy pochtachi xabar yetqazardilar.Paxsa devorimiz osha qarab: -G'oyib, otang guzarda, qassobxonaning yonida mast bo'lib yotibdi! -der, biz onam bilan zambilg'altakni olardikda, borib otamni o'sha arvaga yuklab, uyga olib kelardik.Bir gal onam bechora kuchi yetmay zambilg'altakni ag'darib yubordilar.Mast otam suvi qurigan ariqchaga yuztuban yiqildilar.Biz onam ikkimiz ming mashaqqat bilan otamni xandakdan chiqarib, g'altakaravaga qayta yuklay boshladik.Men otamning qo'ltig'iga kirib: -Turing, ota, uyga ketamiz.Hamma bizning ustimizdan kulyapti, turing - deyman, azbaroyi og'ir yukdan ixrab, sixrab, manglayimda ko'k tomirlarim bo'rtib.
Odamlar kulib qotib yotibdilar.Ayniqsa yosh bolalar.
Otam bo'lsa, biroz o'ziga kelib, ko'zlarini arang ochib odamlarga qararkan: -Ha, falonimga kulishyapsanmi a?!Ochib qo'yibdimi nax! -derdi, quruqshab, yorilgan, qovunning po'stiday to'rlagan lablarini yalqovlarcha yalab.Keyin bir bolaning ketiga qaratib tepgan edi, oyog'idagi bir poy batinkasi yechilib, havoga ucharkan, bir ikki aylanib, yerga tap etib tushdi.Odamlar yana qorinlarini silkitib, uzoq kuldilar.Ayniqsa bolalar.Bir kuni undan ham qiziq voqea sodir bo'ldi.Otam rahmatli qovoqxonada ichkilik ichib, mast bo'lib qolgach, ko'chaga chiqib, kiyimlarini yechdida, ularni o'rab, turmaklab, anxorga otarkan, uzun cho'pak bilan turtib, kiyimlarini suvga cho'ktirdi.Keyin to'plangan tumonat tamoshatalab odamlarga qarata: -Ey xaloyiq!Men hozir mana bu elektr simlari ustidan u yoqdan bu yoqqa langarsiz yugirib, sizlarga ajoyib tamosha ko'rsataman! -dedi.Keyin simyog'ochga tirmashib chiqib ketayotib, chang to'zon ko'targanlaricha gursillab yerga quladilar.Shu payt masjiddan nomoz o'qib qaytayotgan chollarni ko'rib qoldilaru ularga: -Ha, kelaverlaring, ablaxlar!Niqob kiyib, soqol mo'ylab yopishtirib olgan yovuz ninzalarning vaxshiy otryadi!Qo'llaringdagi xassa ichida o'tkir yapon qilichlar borligini men juda yaxshi bilaman!Qani, kelaverlaring yakkama yakka!Qorateminan urib, taykvando bilan tevib teylayman, hammangdi! -deb baqirdi.Otam rahmatlining bu gaplarini eshitib, qo'rqib, o'takasi yorilgan chollar ortga, masjidga qarab tumtaraqay qochvordilar.Otam rahmatli chollarni guzargacha tizg'iratib quvib bordi.Yaxshi, degin, becharalar masjidga kirib, dorvozani berkitib, tambalab oldilar.Ertasiga o'zlariga kelgach, onam otamning kechagi ko'rsatgan "karomatlari"ni aytib yig'layotsalar, otam: -Yig'lama, xotin, axir, har zamonda bir shunaqa jinnilik qilib turmasam, menga ko'z tegib ketadida -dedi.Shunaqa ajoyib inson edida, mening otam.Rahmatli keyinchalik bir odamni chavaqlab qo'yib, o'n yilga qamalib ketdilar.Senga o'xshagan bir gavmush sigirimizni sotib, pulini advokatga olib borib berdik.Advokat o'rtaga tushib, jinoyat pichoq yordamida emas, iskana bilan amalga oshirilgan deya malakalasa ham, baribir hukm o'zgarmadi.Onam ikkimiz otam yotgan qamoqxonaga o'n yil jo'natqi tashiganmiz.Bir gal qamoqxonaga uchrashuvga borsak, ozib, to'zg'ib, taglab qirilgan sochlari oqarib ketgan otamni arang tanidik.Tishlari tushib ketgan.Qo'llari tatuirovkalardan ko'karib ketibdi.Ozg'in ko'kragida odam kalla chanog'idan o'rmalab chiqayotgan ilonning surati bor ekan.Otam menga qarab:-Ha, o'g'lim, yuribsanmi? -deb kulishga harakat qiluvdilar, qo'rqib ketdim.Onam ikkimiz uyga yig'lab qaytganmiz o'sha kuni. Endi qamoqdan ozod bo'lib, uyimizga qaytadilar deb yursak, qamoqxonadan shum xabar keldi.Otam qamoqxonadan qochaman deb, devordan osholmay, zapretka tikonli simlariga o'ralashib qolgach, ariston qo'riqlayotgan soldat bola uni avtomat bilan otib tashlabdi.Bu ko'rgiliklarga chidolmagan onam bechora, otamni qattiq sevar ekanlarmi, haytovur, ikki oy deganda u ham olamdan o'tdi.Men butunlay yetim bo'lib, yolg'iz qoldim.Meni mahalla axli yetimlar uyiga topshirmoqchi bo'lganida, enam rahmatli: -Axir, men bormanku.To men tirik ekanman, nevaramni hech kimga bermay, o'zim tarbiyalayman deya meni qaramog'iga oldilar.Enam rahmatlining ayvonsiz, bir xonali loy tom kulbasi bo'lardi.Biz o'sha kulbada birga yashay boshladik.Kulba shiftiga bo'z qadalgan bo'lib, yillar o'tishi bilan u mato osilib, jinchiroqning tutunidan qorayib, xuddi bulutli osmonga o'xshab qolgan edi.Nazarimda o'sha bulutlarga o'xshash kulrang bo'z xozir jumbushga keladiyu, chaqmoqlar chaqib momaqaldiroqlardan shift yorilib, gumbiraqasr bo'lib ketadiganday tuyulaverar edi menga. Bahor kelsa, tomida qurtena, lolaqizg'aldoqlar gullaydigan u ayvonsiz, bir xonali kulba, Arabistonning Makka shahridagi to'rtburchak Ka'bani eslatardi menga.Sen, mol unaqa narsalarni bilmaysan.Lekin sen tashvish chekma.O'tlayver.Hullas, desang, Enam kechalari bambukka o'xshash qoqsuyak barmoqlari bilan eski sandig'ini ochar va o'limliklari orasidan, oppoq kafanini olib, menga maqtanar edilar.Men esa enajonimning soddaligidan kular edim.Bekorga kulgan ekanman.Endi bilsam, odamzod hatto molu dunyosi bexisob milliarder boy bo'lsa ham, hukmdor podshox bo'lsa ham bu dunyodan o'sha enam maqtagan besh quloch matoni, kafannigina olib ketar ekan halos!Voh, mening yupungina kiyingan kamtargina donishmand enamma!Mehribonim enammaaaa -aaxx -xaxx-xaxaxaxaaaaa!Enammooooo!Enammo!..G'oyib traktorchi shu tariqa o't o'lanlar orasida yotganicha uzoq yig'ladi.Unga rahmim kelib, ko'zlarimdan yosh chiqib ketdi.Shu voqeadan keyin ichkilik va boshqa inson boshiga kulfat yog'diruvchi illatlarda uzoq yurishga qaror qildim -deya qayg'uli hikoyasini yakunladi Xolbo'ri.
-Ndaaa! -dedi Iskanaqul Karkidonovning xotini Bibisuvaydo, xo'rsinib.Keyin quvnoq jilmayganicha dedi: -E, qo'ying o'shanaqa qayg'uli gaplarni.G'oyibning otasi me'yorni bilmaganda.Ichkilikni me'yorida, oz ozdan ichib turilsa zarar qilmaydi.Har narsani ozi shipo, me'yordan ortig'i zahar.Xuddi ilonning zahari kabi.Ko'pi o'ldiradi, ozi davolaydi.Ha, aytganday, men sizga bir narsa demoqchiydim.Ha, o'la, nima demoqchiydim.Hozirgina tilimning uchida turuvdiya...Ha, esimga tushdi.Xolbo'ri, siz odamlarning portretlarini ham chizar emishsiz, shu rostmi?
-Ha, nima edi? - dedi Xolbo'ri, garchand Bibisuvaydo xonimning maqsadini oldindan anglab turgan bo'lsa ham, o'smoqchilab.
-Shu, desangiz, Iskanaqul Karkidonuvuch bilan Prijdagi muzeylarga borganda aslzoda malikalarning qadimiy portretlarini ko'rib, ularga havasim kelardi.Niyyat qilsa yetadi deganlari to'g'ri ekan.Qarang, bugun taqdir meni sizday iste'dodli rassom bilan uchrashtirib turibdi. Agar yo'q demay, mening portretimni ishlab bersangiz, qo'shimcha haq to'lardim.Siz bunga nima deysiz? -dedi Bibisuvaydo, Xolbo'riga suqlanib qarab.
-Mayli -dedi Xolbo'ri, devordagi o'rmon manzarasiga ishlov berishda davom etib.
-Voy, rahmat!Aylanib ketay o'zimning rassom ukamdan!Sizni tanlab to'g'ri qilgan ekanaman.Iskanaqul Karkidonuvuch Mamatkarim degan naqqoshni yollaymiz degandilar, men unamay, Xolbo'ri bilan shartnoma qilamiz deb turib oldim.Voy, sabrsizlikdan yuragim toshib ketyapti.Qachon boshlaymiz ishni?Men hozir sochlarimni tartibga keltirib, qimmatbaho kiyimlarimni kiyib olay -dedi, taraddudlanib Bibisuvaydo.